"Islomiy davlat" yengilishi mumkin, lekin mafkurachi?

  • Amerika Ovozi

Iroq askarlari Falluja shahrini ozod etgach, "Islomiy davlat" bayrog'ini oyog'ini osmondan qilib ko'tarib turibdi

Iroq askarlari Falluja shahrini ozod etgach, "Islomiy davlat" bayrog'ini oyog'ini osmondan qilib ko'tarib turibdi

AQSh boshchiligidagi koalitsiya hamda Iroq va Suriyadagi mahalliy kuchlar “Islomiy davlat” guruhiga qarshi janglarda sekin-asta ustunlikni qo'lga olmoqda. Ammo G’arbga zarba bermoqchi bo'lgan global jihodchilik harakati hamon faol.

Harbiy va razvedka sohasi ekspertlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ayrim hududlarini terrorchilarni yetishtiradigan inkubator deb ataydi.

Sabablar esa xima-xil. Zaif boshqaruv, uzoq yillik beqarorlik, qashshoqlik, mamlakatlar orasida madaniy rishtalar uzilgani, hamkorlik to'xtagani va hokazo.

“Hukumat e’tiborini his qilmayotgan odamlar “Islomiy davlat”, al-Nusra, Boko Haram singari guruhlarga ergashyapti. Ular o’zini somalilik, nigeriyalik yoki yamanlik demaydi, o'zi qo'shilgan tashkilot nomini aytadi", - deydi AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan.

“Islomiy davlat”ni harbiy kuch bilangina yengib bo'lmasligini tan olish kerak. Mafkuraga qarshi mafkura bilan kurashmoq lozim.

Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan Devid Gartensteyn-Ross fikricha, Iroq va Suriyada yaqin orada to’la g’alabaga erishamiz deyish to’g’ri emas. “Islomiy davlat” mag’lubiyatga uchrasa ham, jihodchilik yengilmaydi, deydi u.

Al-Qoida

“Islomiy davlat”ning tez kuchga to'lib, global jihodchi tashkilotga aylangani uning raqiblarini, xususan al-Qoidani ham kuchaytirgan ko'rinadi.

“Al-Qoida Jabhat al-Nusra guruhi bilan yaqinroq ishlamoqda. So’nggi ikki yilda uslublarini o’zgartirib, Suriya jang maydonlarida ishonch qozondi, qudratliroq guruhga aylandi”, - deydi ismini oshkor etmagan AQSh rasmiylaridan biri.

Razvedka ma’lumotlariga ko’ra, Jabhat al-Nusraning bir necha ming a'zosi bor, harbiy tayyorgarlik darajasi juda baland.

Ayni vaqtda al-Qoidani ham e’tibordan soqit qilmaylik, deydi Gartensteyn-Ross. "U hamon katta hududlarni nazorat qilmoqda. Yaman, Suriya, Liviya va Malida mahalliy aholi orasida guruh tarafdorlari juda ko’p”, - deydi mutaxassis.

AQSh razvedkasida ishlagan Jessika Makfeyt bu fikrga qo’shiladi.

“Al-Qoida “Islomiy davlat”ning jaholatidan charchagan, ammo jihod mafkurasidan voz kechmaydigan salafiy jihodchilarni o’z tarafiga og’dirishga muvaffaq bo’ldi”, - deydi u.

“Islomiy davlat” tugatilsa al-Qoida kuchayadi

“Islomiy davlat” qayta oyoqqa tura olmasa, al-Qoida uning jangarilarini o’z safiga qo’shib olib, avvalgidan ham qudratliroq guruhga aylanishi mumkin”, - deydi Makfeyt.

Yana bir xavotirli jarayon - “Islomiy davlat” va al-Qoida kabi guruhlar faoliyatining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan tashqari boshqa hududlarga kengayishi.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlariga ko’ra, bundan buyon Bangladesh, Filippin va Osiyoning boshqa mamlakatlarida jihodchilar kuchayaveradi. Ayni vaqtda Suriya, Iroq, Liviya va Afg’oniston jang maydonlarida tajriba orttirgan jangarilar vataniga qaytib, u yerda ham qo’poruvchilik faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Ayni paytda G’arb razvedka idoralari, xususan Yevropada, terror tarmoqlarini aniqlashga katta e'tibor qaratmoqda.

Ammo harbiy jabhada birlamchi vazifa - “Islomiy davlat”ning Iroq va Suriyadagi istehkomlarini yo’q qilish, deydi rasmiylar. Ammo bu kurashda muvaffaqiyatga erishish qiyin.

“Islomiy davlat va al-Qoida kattalashib boryapti, boshqa guruhlar ularga qo’shilmoqda. Kelasi 10-20 yilda bu jarayon davom etadi", - deydi Yaqin Sharq siyosati institutidan Hasan Hasan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG