Breaking News

"Islomiy davlat" pullarini Mosuldan Raqqaga ko'chirmoqda


Iroqning Mosul shahrida "Islomiy davlat"ga qarashli g'aznaning havo hujumida yo'q qilinishi, 11-yanvar, 2016-yil
Iroqning Mosul shahrida "Islomiy davlat"ga qarashli g'aznaning havo hujumida yo'q qilinishi, 11-yanvar, 2016-yil

"Islomiy davlat" jangari guruhi naqd pulni avtomobillarda Iroqdan Suriyaga tashiyotgani ma'lum bo'ldi. Iroq va kurd rasmiylarining ma'lum qilishicha, AQSh havo hujumida dollarlik karvon nishonga olinib, millionlab dollar pul yo'q qilingan.

Pentagon chiqargan bir necha videoda koalitsiya kuchlari samolyotlarining Mosul shahrida "Islomiy davlat" g'aznasiga hujumi aks ettirilgan. Millionlab dollar kuyib kul bo'ldi. Shundan so'ng jangarilar pulning qolgan qismini qo'shni Suriyaga olib chiqa boshladi.

Kurdiston vatanparvarlari ittifoqi siyosiy partiyasi vakili G'iyos Surchining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, "Islomiy davlat" AQShning Mosuldagi havo zarbasidan shokka tushdi, millionlab dollar, milliardlab Iroq dinorlaridan ayrildi.

Hujumdan so'ng g'azna xizmatchilari hibsga olinib, to'rt nafari qatl etildi. Jangarilar ularni pulning qayerda saqlanayotganini oshkor etganlikda aybdor topishdi, deydi Surchi.

Unga ko'ra, "Islomiy davlat" barcha moliyaviy aktivlarini o'z poytaxti Raqqaga ko'chirmoqda.

“Nafaqat pullarini, balki boshqa boyliklarini ham Mosuldan Raqqaga ko'chirishyapti", - deydi u.

Surchining aytishicha, jangarilar Mosulni ushlab turolmasligini, tez orada qo'ldan boy berishini anglab yetdi.

Kurd va Iroq qurolli kuchlari xalqaro koalitsiya yordamida Mosulni jangarilardan tortib olishni rejalamoqda, ammo hujum qachonga belgilangani aniqmas, deydi Pentagon rasmiylaridan biri.

"Kurdlarning shimoldagi peshmerga kuchlari Mosul markazidan 5-10 kilometr narida joylashgan, Ramadi va Tikrit shaharlaridan ham uncha uzoqda emas", - deydi G'iyos Surchi.

Mosuldan Raqqagacha yo'l Al-Jazira degan cho'l orqali o'tadi. 2015-yil noyabrida kurd kuchlari "Islomiy davlat"ni Iroq va Suriya o'rtasidagi muhim ta'minot yo'lidan uzib qo'ygach, jangarilar odam va narsa tashishda Mosul janubidagi tekisliklardan foydalana boshlashdi.

Mosuldagi Kurdiston demokratik partiyasi rahbari Ismat Rajabning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, jangarilar pullarini shahardan oddiy odamlarning mashinalarida olib chiqishga harakat qilmoqda.

“Mosul janubidan Raqqagacha yo'l asfaltsiz, o'nqir-cho'nqir bo'lishiga qaramay, borib-kelish qiyinmas", - deydi u.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlarining havo zarbalaridan tashqari Rossiya harbiy-kosmik kuchlari ham "Islomiy davlat" moliyasiga jiddiy zarar yetkazmoqda - neft kontrabandasi tizimi muntazam ravishda hujumga uchramoqda.

“Islomiy davlat" mana shu zarbalardan keyin nima qilishini ko'rmoqchimiz. Pullarini endi kichik miqdorda va har xil joylarda saqlashadimi yoki kassaning joyini tez-tez almashtirib turishadimi, shuni bilmoqchimiz", - degan edi o'tgan oy AQShning Iroqdagi kuchlari so'zlovchisi polkovnik Stiv Uorren.

G'aznaga hujum ketidan "Islomiy davlat" o'z nazoratidagi hududlarda aholidan soliq to'plashni kuchaytirib, moliyaviy jarimalarni oshirgan, deydi kurd va Iroq rasmiylari.

Iroq parlamentining sobiq a'zosi Qosim Husayn Barjisning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, "Islomiy davlat" ayrim vaziyatlarda to'lov evaziga aholiga Mosulni tark etishga ruxsat beryapti.

"Kattalardan 1500 dollar, balog'at yoshiga yetmaganlardan esa shuning yarmini olishmoqda", - deydi Barjis.

Bungacha jangarilar odamlarni hududdan deyarli chiqarmas edi. Terror guruhi aholidan hatto jonli qalqon sifatida foydalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG