"Islomiy davlat" yangi hududlarni qo'lga kiritayotgani nimadan dalolat?

  • Amerika Ovozi

Suriyaning Palmira shahridagi ko'hna qal'aga "Islomiy davlat" bayrog'i tikildi, 22-may, 2015-yil.

Suriyaning Palmira shahridagi ko'hna qal'aga "Islomiy davlat" bayrog'i tikildi, 22-may, 2015-yil.

"Islomiy davlat" Suriyaning ko'hna Palmira shahrini egallagan. Qadim obidalar joylashgan shaharda guruh qurollar ombori, aeroport va jangarilar saqlangan qamoqxonani ham qo'lga kiritgan. Ammo bu Suriya hukumati strategik jihatdan yo'l qo'ygan chekinish natijasi bo'lishi mumkin, deydi ayrim tahlilchilar. Ularga ko'ra, Damashq asosiy e'tiborini "Islomiy davlat"dan ham xavfliroq deb biladigan boshqa isyonchi guruhlarga qaratmoqda.

Ijtimoiy tarmoqqa qo'yilgan bir videoda Palmira yaqinidagi gaz koni aks etgan.

Unda jihodchilardan biri Fors ko'rfazi odamlari va Suriya Prezidenti Bashar al-Assad mansub alaviylarga do'q-po'pisa qiladi. So'ng Palmira yo'llarida keyayotgan bir mashina ko'rinadi.

"Islomiy davlat" guruhi "Twitter"da shaharning qo'lga olinganini e'lon qildi. Palmirada ulkan o'q-dori ombori, aeroport va bir qamoqxona borligi aytiladi.

Bayrutdagi Karnegi Yaqin Sharq markazi tahlilchisi Mario Abu Zaydning aytishicha, bu qamoqxonada butun Suriya bo'ylab jihodchilar saqlangan va ular endi guruhning yangi a'zolari bo'lishi mumkin.

"Islomiy davlat" jihodchilar va boshqa odamlarni ozod qilib, ulardan o'z maqsadi yo'lida foydalanadi", - deydi u.

Palmiraning boy berilishi hukumat uchun katta yo'qotish bo'lgani aytilmoqda. Chunki shahardan Damashqni sharqiy viloyatlar bilan bog'lovchi asosiy yo'l o'tgan.

Zaydga ko'ra, Palmiraning qo'ldan ketishi hukumat armiyasi va Eron qo'llab-quvvatlayotgan guruhlarning zaiflashayotganiga yana bir dalil. Ammo bu chekinish ortida strategik maqsad bo'lishi ham mumkin, deydi u.

"Assad rejimi muxolifatga biror shahar yoki binoni bergandan ko'ra, "Islomiy davlat"ga yo'l berishni afzal ko'radi", - deydi u.

Zayd fikricha, Assad hukumati isyonchi guruhlarni "Islomiy davlat"dan ko'ra kattaroq xavf deb biladi. Shuningek, deydi Zayd, bu harakat orqali Assad o'z manfaatlarini himoya qilayotgan bo'lishi mumkin; chunki u har ikki tomon uchun dushman sanaladi.

AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi kurashmoqda, ammo mo'tadil muxolifatni qo'llab-quvvatlaydi. Zaydga ko'ra, agar biror shahar "Islomiy davlat" nazoratiga o'tsa, Assad uni qayta egallash uchun yordam olishi mumkin.

Ammo xalqaro koalitsiyaning ko'magi jiddiy o'zgarish olib kelmayapti. Chunki jangari guruh Iroqda ham, Suriyada ham yangi hududlarni qo'lga kiritishda davom etmoqda. Bir necha kun avval ular Iroqda Ramadini egallab oldi, deydi Londondan tahlilchi Tim Iton.

"So'nggi kunlar Ramadi va hozir Palmiradagi hodisalarni kuzatadigan bo'lsak, ishlar yaxshi emasligi ayon bo'ladi. Haqiqat shuki, vaziyatni yaxshilash uchun xalqaro hamjamiyat shu paytgacha berib kelayotgan va'dalari ustidan chiqishi kerak. Palmira kabi voqealar strategiya ish bermayotganini ko'rsatmoqda", - deydi tahlilchi.

Palmira mintaqaning eng ko'hna va rang-barang tarxiy obidalarga boy shahar hisoblanadi. U yerda minglab yillik tarixga ega san'at asarlari bor. "Islomiy davlat" esa tarixiy ahamiyati beqiyos buyumlarni vayron qilishi bilan dong taratgan.

Itonga ko'ra, guruh madaniy xazinaning bir qismini sotib yuborishi ham mumkin. Palmira buyumlarining vayron qilinishi yoki noqonuniy yo'llar bilan sotib yuborilishi eng katta yo'qotish bo'lishi kutilyapti.

"Urushdan keyingi Suriya davlati qanday bo'ladi, deb so'rasangiz, o'tgan shuncha dahshatli janglardan so'ng biz suriyaliklarni birlashtiruvchi, ularning umumiy tarixini eslatuvchi narsalarga, rang-barang madaniyatiga qarashimiz kerak. Agar shuni ham boy berishsa-chi? Menimcha, bu juda yomon alomat", - deydi u.

Suriyada to'rt yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi shu paytgacha 200 mingdan ziyod odamning yostig'ini quritdi.

"Islomiy davlat" boshboshdoqlikdan foydalanib, shahar va qishloqlarni egallab oldi. Ammo guruh tez-tez taktikasini o'zgartirib turadi. Shuning uchun, deydi Iton, ularning keyingi qadami qanday bo'lishini oldindan aytish qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG