Turkiya-Suriya chegarasidagi hudud uchun janglar avjida

  • Amerika Ovozi

Halab ko'chalari. 2016-yil aprel

Halab ko'chalari. 2016-yil aprel

AQSh tayanchiga ega qo’shinlar Turkiya va Suriya chegarasida jihodchilar qarorgohiga aylangan hududga e’tibor qaratmoqda.

Halab shimolida joylashgan 98 kilometrlik pir parcha yer “Islomiy davlat” nazoratidagi Suriya hududini Turkiya bilan bog’laydi. Bu yerdan transport va jangarilar o’tadi.

Jihodchilar bu hududdan deyarli har kuni Turkiyaga qarata raketa otadi. Rasmiy Anqara AQSh boshliq koalitsiyadan chegarani yopish va hududdan jangarilarni haydashda yordam so’ramoqchi. Vashington kurd va turk rasmiylari bilan buning yo’llarini muhokama qilayotgani haqida xabarlar bor.

Dushanba kuni Prezident Barak Obama bilan telefonda suhbatda Rossiya rahbari Vladimir Putin chegarani zudlik bilan yopish kerakligiga urg’u berdi.

Turkiya o’tgan yili xalqaro koalitsiya yordamida sarhadlar nazoratini kuchaytirgan edi. Bu chora qochqinlar oqimini sekinlashtirdi, jangarilar hamda qurol-aslaha hajmini kamaytirdi.

Bu safar Anqara hududda ko’riladigan choralar borasida so’nggi qarorni o’zi qabul qilmoqchi. “Turkiya chegaralariga oid qarorni faqat Anqara qabul qila oladi”, - dedi Bosh vazir Ahmet Dovutog’li.

Manbij cho’ntagi kimniki?

“Islomiy davlat” to’dasi ikki jabhada kurdlar va suriyalik isyonchilar bilan jang qilmoqda. Kurdlarga Turkiya qarshi, ammo AQSh kurdlarni qo’llab-quvvatlaydi. Suriya isyonchilari ham Amerikaga suyanadi.

Ammo jihodchilar to’dasi yo’q qilinganidan keyin hududni kim nazorat qilishi muammosi vujudga kelishi mumkin.

So’nggi haftalarda Suriya isyonchilari g’arb tomonda 10 dan ziyod qishloqlarni jihodchilardan ozod etishga muvaffaq bo’ldi.

Sharqdagi kurdlar “Islomiy davlat”ga qarshi harbiy kengash tuzganini e’lon qildi.

“Biz bu harbiy kengashni Manbij va uning atrofidagi hududlarni Daishdan ozod etish maqsadida tuzdik”, - dedi kengash qo’mondoni Ebu Leyla. Manbij chegaradagi shahardir.

“Butun hududni Daish qotillaridan ozod etmagunimizcha to’xtamaymiz”, - dedi u.

Bu kuchlar g’alabasiga AQShning havodan yordami katta hissa qo’shmoqda. Ikki jabha bir-biriga va Turkiya chegarasiga yaqinlashar ekan, isyonchilar va kurdlar strategik ahamiyatga ega hududni egallash yo’lida bir-biri bilan ham jang qilmoqda.

"U yerda hech qanday tartib yo’q, - deydi AQSh rasmiysi Manbij cho’ntagi sifatida tanilgan hudud haqida. – Taraflar bir-biri bilan kurashmoqda, ularni ajratish, kim qayerdaligini aniqlashning imkoni yo’q”.

Kurd kuchlari, Turkiya tahdidi

Turkiya suriyalik isyonchilar g’alabalarini olqishlab, kurdlar harakatlarini ehtiyotkorlik bilan kuzatmoqda. Kurdlarning Xalq himoyasi bo’limi (YPG) Kurd ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador, shu bois Anqara uni tahdid deb ko’radi.

AQSh esa YPGni “Islomiy davlat”ga qarshi eng samarali kurash olib borayotgan guruh deb biladi.

“Amerika uchun ustuvor maqsad – Turkiya chegarasini yopish, buni kim qilishi muhim emas. Turkiya esa PKKga aloqador kurdlarni to’xtatish uchun qo’lidan kelganini qiladi”, - deydi Turkiyaning shimoliy Iroqdagi bosh konsuli Oydin Seljen.

Diplomatning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Anqara xavotirlarini inobatga olish niyatida. Ayni vaqtda Vashington jihodchilarga qarshi eng samarali kurash olib borayotgan YPG bilan muloqotni davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG