Breaking News

“Islomiy davlat” safidagi xorijiy jangarilar 20 mingdan oshiq


“Islomiy davlat” ekstremistlar guruhi dunyoning turli davlatlaridan odamlarni yollashda davom etmoqda. AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko’ra, guruh safida xorijiy jangchilar soni 20 mingdan oshgan. Ularni topish, shaxsini aniqlash nihoyatda murakkab vazifa.

“Islomiy davlat” safidagi xorijiy jangarilar 20 mingdan oshiq/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

AQShning terrorizmga qarshi kurash uchun mas’ul mutasaddilari Kongress oldida hisobot berdi. Ularning aytishicha, bugungi kunda “Islomiy davlat”ning safi yangi a’zolar hisobiga muntazam kengayib bormoqda. Unga qo’shilish uchun minglab odam Iroq va Suriyaga jo’nab ketgan.

“U yerlarda yurgan odamlar haqida ma’lumot juda oz. Kim borayapti, kim kelayapti, bilmaymiz. Vaziyatni nazorat qilayapmiz deya olmaymiz”, - deydi Federal qidiruv byurosining direktor o’rinbosari Maykl Staynbek.

“Islomiy davlat” safida hozir 20 ming xorijlik bor. Shulardan 3,400 nafari G’arb mamlakatlaridan. 150 nafari amerikalik.

“Jihodchilar qanday ma’lumot tarqatishni, axborot vositalari bilan ishlashni biladi”, - deydi Aksil-terrorizm markazi rahbari Nikolas Rasmussen. “Muntazam va kuchli propaganda odamlarni Iroq va Suriyaga yetaklayapti. Ular “Islomiy davlat” uchun qo’liga qurol olib, jang qilishga tayyor”.

Mojaro zonasiga yetib olishning bir necha yo’li bor. Yevropa Ittifoqi bu borada AQSh bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, lekin boshqa mamlakatlarning ham yordami zarur.

“Islomiy davlat”ga qarshi biz olib borayotgan xatti-harakatlar samara bersin desak, Turkiya bilan hamkorlik qilmasa bo’lmaydi, dedi Rasmussen Kongressdagi nutqida.

Respublikachi kongressmen Kurtis Kloson bunga javoban Turkiyaning pozitsiyasi mujmal ekanini qayd etdi.

Turkiya - NATO a’zosi va AQShning azaliy ittifoqchilaridan, lekin bu davlat jangarilarga qarshi kurashga tayyor ekanini ko’rsatgani yo’q, deydi Kloson.

Yana bir muammo shundaki, deydi rasmiylar, jangarilar propaganda uchun qo’llayotgan ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar huquq-tartibot idoralariga ma’lumot ulashmaydi.

Vakillar palatasining Davlat xavfsizligi qo’mitasi raisi Mayk Makkol Amerikadan boshpana so’rayotgan suriyalik qochqinlar orasida jihodchilar bo’lishi mumkin, deya xavotir bildiradi. Joriy yilda ikki ming suriyalikni AQShda joylashtirish rejalangan.

“Nazarimda, qochqinlarni Amerikaga olib kelish katta xato. Ular orasida radikal elementlar bo’lishi mumkin”, - deydi qonunchi.

Ayni damda hammaning og’zida “Islomiy davlat” va u amalga oshirgan jinoyatlar. Lekin arab yarim orolida al-Qoida singari boshqa guruhlar ham AQSh manfaatlariga tahdid solmoqda, deydi eslatadi razvedkachilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG