Breaking News

Iroqdagi beqarorlik mintaqa davlatlari xavotirini oshirmoqda


"Iroq va Shom islomiy davlati" guruhi jangarilari, Mosul, Iroq, 12-iyun, 2014-yil.
"Iroq va Shom islomiy davlati" guruhi jangarilari, Mosul, Iroq, 12-iyun, 2014-yil.
Iroqda jangarilarning kuchayib borayotgani Yaqin Sharq bo’ylab xavotirlarni oshirmoqda. Suriya urushining asorati sifatida ko’rilayotgan bu mojaroning qo’shni o’lkalarga ham yoyilishi xavfi mavjud. Fors ko’rfazining arab davlatlari shundan tashvishda.
Iroqdagi jangarilar va mintaqa xavfsizligi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:28 0:00
Yuklab oling
Quvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahraynni o’z ichiga oluvchi va sunniylar yetakchiligidagi monarxiyalardan tarkib topgan mintaqaviy tashkilot Yaqin Sharqning eng barqaror hududi hisoblanadi. Ammo tahlilchilar Iroqdagi o’zgarishlar uyushma xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida aytmoqda.

“Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi jangarilari Iroqning bir qator shaharlarini o’z nazoratiga olgan. Ular poytaxt Bag’dodga tobora yaqinlashib kelmoqda.

Jangarilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga qo’yilgan video va suratlar mintaqada mazhablararo to’qnashuvlarning yanada kuchayishi xavfini oshirgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ta’rifiga ko’ra, guruh qotilliklarlarni “sovuqqonlik bilan” amalga oshirmoqda.

“Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi Fors ko’rfazining hukmron oilalarini musulmonlarning noqonuniy boshqaruvchilari deb ataydi. Jangarilar e’lon qilgan xaritaga ko’ra, ko’rfaz davlatlariga qarashli bir qator hududlar “Iroq va Shom islomiy davlati” chegarasiga kiritilgan.

Parijdagi Tashqi aloqalar bo’yicha Yevropa kengashi tahlilchisi Miriam Benradning aytishicha, guruhning maqsadi nima ekanligi aniq.

“Islomiy davlatning asl maqsadi musulmon dunyosida sunniylarning tarixiy xalifaligini tashkil etish. Ular o’z hududlarini kengaytirgan sari Fors ko’rfaziga tez-tez e’tibor qaratayotganlaridan ajablanmayman”, - deydi u.

Jangarilar Fors ko’rfazi hududlariga da’vogarlik qilayotgan bo’lsa-da, bu amalga oshishi juda qiyin masala, deydi Qatardagi Qirollik Birlashgan xizmatlar instituti direktori o’rinbosari Maykl Stivens. Unga ko’ra, mintaqada qurolli ixtilof yuz beradigan bo’lsa, arab davlatlarining ittifoqchilari, jumladan, AQSh yordamga keladi. Ammo muammo faqat qurolli to’qnashuvda emas, deydi u.

“Gap faqat harbiy tahdidda emas. Bu yerda mafkuraviy kurash, farovonlik va barqarorlikka oid umumiy masalalar ham bor. Fors ko’rfazi uchun bu turli ko’rinishdagi xavfdir”, - deydi Stivens.

Mintaqa yetakchilarini eng ko’p tashvishga solayotgan yana bir masala bu mazhablararo ziddiyatning kuchayib, mahalliy jihodchilar sonining oshayotganidir.

Xabarlarga ko’ra, “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi Saudiya Arabistonida o’z safiga odam yollashni boshlagan. Fors ko’rfazida yashovchi shialarni yo’q qilish haqida chaqiriqlar yangragan.

Hududda jangarilarga xayrixoh bo’lganlar bor.

O’tgan oy Saudiya Arabistoni xavfsizlik xizmati “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhiga aloqadorlik va rasmiylarni o’ldirishga urinish aybi bilan 62 kishini hibsga oldi, ularning 35 nafari Saudiya fuqarolari.

Jenevada joylashgan Fors ko’rfazi tadqiqot markazi jamg’armasi direktori Kristian Kochning aytishicha, Suriya va Iroqda kurashayotgan jangarilar orasida Fors ko’rfazi davlatlari fuqarolari ham bor.

“Mintaqa odamlarini o’ziga jalb qila oladigan ekstremist guruh bu. Ular jang maydonida tajriba orttirib, o’z uyiga qaytadi va bu yerda ham kurash boshlashi mumkin. Mintaqa davlatlari, asosan, shundan xavotirda”, - deydi u.

Muammoni bartaraf etishda AQSh Eron bilan hamkorlik qilishi mumkinligi haqida e’lon qilgach, Fors ko’rfazi davlatlari uchun vaziyat yanada murakkablashdi.

Mintaqaning ko’plab mamlakatlari, xususan, Saudiya Arabistoni Eronni region uchun katta xavf sifatida ko’radi. Riyod mojaroni hal qilishda tashqi kuchlarning aralashishiga qarshi ekanini bildirdi.

Yaqin Sharq siyosati bo’yicha Vashington instituti tadqiqotchisi Lori Plotkinning aytishicha, Saudiya Arabistoni va uning qo’shnilari AQShning Eron bilan hamkorlik qilishidan qattiq xavotirda.

“Ular bu hamkorlikning o’z hududlaridagi boshqaruv barqarorligiga putur yetkazib, mintaqada Eron ta’sirini oshiradi, deb o’ylashadi”, - deydi tadqiqotchi.

Tahlilchilar Fors ko’rfazi yetakchilari uchun qaysi xavf kattaroq ekanini aniqlashda qiynaladi: Iroqdagi jangarilarning kuchayishimi yoki Eron ta’sirining kengayishi? Shunisi aniqki, ular har ikki holatdan ham jiddiy tashvishda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG