Breaking News

"Islomiy davlat" haqida yangi kitob


"Islomiy davlat" haqida yangi kitob
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00

"Islomiy davlat" haqida yangi kitob

O'zini "Islomiy davlat" deya ta'riflaydigan ekstremistlar guruhi davlat qurilishi, qo'rquv va qiyomatga urg'u berib, ilk bosqichda mag’lubiyatga uchradi ammo so’ngra oyoqqa turib oldi.

Ekstremizm va radikal islom bo’yicha amerikalik mutaxassis Uilyam Makkentsning yangi kitobida shu haqda gap boradi. Makkents Brukings tadqiqotlar institutida AQShning islom dunyosi bilan aloqalari bo’yicha loyihani boshqaradi.

“Islomiy davlat": Tarix, strategiya va oxirzamon” (The ISIS Apocalypse: The History, Strategy, and Doomsday Vision of the Islamic State) deb nomlangan kitobida guruhning 2006-yilda paydo bo’lishi va 2011-yilda AQSh qo’shinlari Iroqni tark etganidan keyin oyoqqa turishi tahlil qilinadi.

Muallifga ko’ra, al-Qoidadan ajralib chiqqan tashkilot asoschilari qiyomat kuni yaqinlashayotganiga haqiqatan ishongan, ammo yangi rahbarlari bashoratning amalga oshishini xalifat qurishda ko'radi.

“Ularning qiyomat-qoyim yondashuvi Allohning yangi rasuli namoyon bo’lishiga kam e’tibor qaratadi. Asosiysi - xalifalik qurish kerak degan g’oya. Ularning targ’iboti ham aynan shu atrofida qurilgan, dunyo bo’ylab yosh musulmonlarni ularga qo’shilishga da’vat etadi”, - deydi Makkents.

Uning fikricha, agar al-Qoida musulmon dunyosida obro’ga erishishga harakat qilgan bo’lsa, “Islomiy davlat” boshqacha strategiya tanlagan.

“Islomiy davlatning dushmani ko’p, bundan cho’chimaydi ham. Nazorat qilgan hududida ko’plab odamlar ularga nafrat bilan qaraydi. Ularning strategiyasi shu. Do’st bo’laylik demaydi, shafqatsizlik bilan yondashadi, aholini qorquvga soladi”, - deydi Makkents.

Xorijiy jangarilar

Yoshlar "Islomiy davlat" safiga qoshilishda davom etmoqda. Xo’sh, buning sababi nimada?

Suriyada 2011-yilda urush boshlanganidan buyon kamida 90 xorijiy mamlakatdan 20 mingdan ziyod odam guruhga qo’shildi. Ulardan kamida 3400 nafari G’arb davlatlaridan. Bu AQSh razvedka ma’lumotlari.

Bu jangarilarning aksariyati 35 yoshga to'lmaganlar ekanini inobatga olsak, "Islomiy davlat" jozibasi uning aksil-madaniy mohiyatida, deydi muallif.

“Islomiy davlat" ataylab musulmonlar orasida o'zlik inqirozini qo'zg'atishga harakat qiladi, ayniqsa G’arbda. Dashatli hujumlar uyushitirib, ularni Qur’on bilan oqlaydi. Yoshlar esa “bu mening dinim va e’tiqodimga mosmi yoki yo’q?” degan savolga javob berishga majbur. Aksariyat hollarda ular guruh keltiradigan oyatlarni eshitmagan ham. Yoshlar uchun bu katta yangilik bo’ladi, ongida jiddiy siljish yuz beradi”, - deydi u.

"Islomiy davlat"ning kuchayishiga AQSh ham sababchimi?

Uilyam Makkents fikricha, Iroqning 2003-yilda bosib olinishi, 2011-yilda esa qo'shinlar u yerdan olib chiqilgani "Islomiy davlat"ning kuchayishiga olib keldi.

“AQSh Iroqqa bostirib kirmaganida “Islomiy davlat” ham bo’lmasdi. Harakatga asos solinishi uchun imkon bo'ldi. Keyinchalik avj olgan zo’ravonliklar esa guruh uchun kislorod bo’lib xizmat qildi, kuchiga kuch qo’shdi. AQSh Iroqdan barcha qo’shinlarini olib chiqqani ham "Islomiy davlat"ga qo'l keldi. O’shanda Iroqda jihodchilarga qarshi kurash olib boradigan hech kim qolmadi”, - deydi u.

Uchinchi bir ehtimol ham bor: Suriya mojarosining ilk pallasida AQSh yirik, mo'tadil bir muxolif kuch shakllanishi uchun astoydil harakat qilmadi. Bu ham "Islomiy davlat" oyoqqa turishiga hissa qo'shgan bo'lsa ajabmas.

Endi nima?

Endi muammo shundaki, mintaqadagi aksar hukumatlar uchun bu guruhni yo’q qilish prioritet emas, deydi kitob muallifi.

“Bu hozirda faqat AQSh uchun ustuvor maqsad. Ammo mintaqadagi hukumatlar bu masalaga jiddiy yondashmas ekan, tashqaridan vaziyatga ta’sir qilish imkoniyatalarimiz cheklanganligicha qolaveradi,” - deydi Makkents.

ISIS apocalypse
ISIS apocalypse

Vashingondagi Urush tadqiqotlari instituti prezidenti Kimberli Kaganning aytishicha, AQSh qo'shimcha choralar ko'ra oladi.

“Qo’shma Shtatlar "Islomiy davlatn"ni sindirish uchun ham harbiy kuchdan, ham diplomatiyadan foydalanishi kerak, chunki bu guruh qiyomat kuniga ishonadi va o’zi taslim bo’lmaydi”, - deydi senatorlar oldida so'zlagan Kagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG