"Islomiy davlat" kurash strategiyasini o'zgartiryaptimi?

  • Amerika Ovozi

Bag'dodda yuz bergan so'nggi xurujlarda yuzlab odam halok bo'ldi.

Bag'dodda yuz bergan so'nggi xurujlarda yuzlab odam halok bo'ldi.

"Islomiy davlat" to'dasi qo'poruvchilik imkoniyatlaridan unumli foydalanishi bilan dunyoning eng dahshatli terror tashkiloti maqomini qo'ldan boy bermay kelyapti. Guruhning kurash strategiyasi o'zgarmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Bag'dodda motam. "Islomiy davlat"ning so'nggi xurujida yuzlab odam jon berdi...

Qurbonlarni qidirish ishlari hanuz davom etmoqda. AQSh rasmiylari bunday hujumlar yana yuz berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

"Afsuski, IShID bunday usuldagi xurujlarni amalga oshirishga qodir ekanidan ajablanmaymiz. Bu dahshatli hujum guruhning nimalarga qodir ekanini yana bir bor ko'rsatdi", - deydi Pentagon so'zlovchisi Piter Kuk.

Terrorizmga qarshi kurash bo'yicha AQSh rasmiysining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, oxirgi 10 kun ichida Turkiya, Bangladesh, Malayziya, Indoneziya va hatto musulmonlar uchun muqaddas Madina shahrida yuz bergan xurujlar ortida "Islomiy davlat" turgani haqida xulosa qilishga hali erta.

Ammo Malkolm Nens kabi sobiq razvedka xodimlari xavotirda.

"Bularning barchasi IShID strategik rejalangan qo'poruvchilik kampaniyasi olib borayotganini ko'rsatadi. Ular bu hujumlarning barchasini boshqargan, lekin mahalliy shaxslar amalga oshirishiga qo'yib bergan", - deydi u.

Voqealar shu taxminni tasdiqlayotgandek. Internetda paydo bo'lgan bir videoda guruhning bangladeshlik ikki jangarisi ko'rsatilgan. Ular Dakkada 20 odamning hayotiga zomin bo'lgan xurujni olqishlab, bunday ishlar kelajakda yana bo'lishini aytadi.

Vudro Vilson xalqaro markazi tahlilchisi Maykl Kugelman Bangladeshda "Islomiy davlat" tarafdorlari ko'p ekanini aytadi.

"Bangladeshda o'zini IShIDga aloqador qilib ko'rsatishni xohlaydigan va ular nomidan jon deb hujumlarni amalga oshiradigan jangarilar bor", - deydi u.

Hatto so'nggi xurujlarni "Islomiy davlat" to'dasi amalga oshirmagani aniqlangan taqdirda ham, guruh bunday voqealardan o'z manfaati yo'lida ustalik bilan foydalanib, g'alaba qozonayotganini da'vo qilishi mumkin, deydi AQShning razvedka bo'yicha rasmiylari.

Jangarilar hududlarni qo'ldan boy berayotgan bo'lsa ham, tinch aholi orasida va xorijda ana shunday qo'poruvchilik amaliyotlarini sodir etish imkoniyatiga ega, deydi Malkolm Nens.

"IShID odamlarini boy berib, xalifaligi vayron bo'lmoqda. U endi "arvoh xalifalik"ka aylanish yo'lidan ketmoqda. Bunday xalifalik mutlaqo maxfiy bo'lib, barcha ishlarini internet orqali amalga oshiradi", - deydi tahlilchi.

Rasmiylarning ogohlantirishicha, boshqalarni terrorga unday oladigan bunday guruhni yo'q qilishning juda qiyin kechayotgani mahalliy jihodchi guruhlarga qarshi kurashayotgan hukumatlar ishini yanada og'irlashtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG