AQSh harbiylari "Islomiy davlat" haqida noto'g'ri ma'lumot berganmi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Kongressining Vakillar palatasi bir qator yetakchi harbiy qo'mondonlarni Iroq va Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi ketayotgan kurashni yanada muvaffaqiyatli qilib ko'rsatish uchun razvedka ma'lumotlarini o'zgartirganlikda ayblamoqda.

Kongress tashkil etgan qo'shma ishchi guruhi 11-avgust kuni e'lon qilgan hisobotga ko'ra, AQSh markaziy qo'mondonligi rahbarlari IShIDga qarshi kurash haqida mavjud ichki tahlil xulosasidan farqli va bo'rttirilgan axborot bergan. Muammo 2014-2015-yillardan boshlangan, deyiladi hisobotda.

"Markaziy qo'mondonlikdagi yetakchilarning pand berishi tashkilotning eng tepasigacha chiqadi, - deydi kongressmen Ken Kalvert. - Ularning qilgan ishi qabul qilib bo'lmas holat. Qaror qabul qiluvchilarga shunday yomon tahlil topshiriladigan bo'lsa, urushdagi askarlarimiz zarar ko'radi".

Qo'shma ishchi guruhi rahbari, kongressmen Mayk Pompeo Mudofaa vazirligidan aybdorlarni topib, javobgarlikka tortishni so'radi.

Nega bunday nomutanosib tahlil bo'lgani sabablari qorong'u, ammo bu narsa mustaqil axborot yig'ish va tahlil qilish zaruratini ko'rsatdi, deydi kongressmen Bred Venstrap.

"Tugal bo'lmagan ma'lumot bilan biz IShIDga qarshi urushda yengib chiqolmaymiz", - deydi u.

Kongressdagi qo'shma ishchi guruhi Qurolli xizmatlar qo'mitasi, Razvedka bo'yicha doimiy tanlov qo'mitasi hamda Xarajatlar qo'mitasining mudofaa bo'yicha ichki qo'mitasi tomonidan tuzilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG