Breaking News

AQSh "Islomiy Davlat"ga qarshi koalitsiya tuzmoqda


Islomi Davlatning ayol jangchilari
Islomi Davlatning ayol jangchilari

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iroq va Suriyada hududlarni egallagan “Islomiy Davlat” guruhiga qarshi xalqaro koalitsiya yig’ish maqsadida diplomatik harakatlarni avj oldirdi.

Qo’shma Shtatlar Iroqda “Islomiy Davlat” pozitsiyalarini havodan o’qqa tutib keladi, ammo boshqa davlatlarni ham bu ishga jalb etishni istaydi.

Prezident Barak Obama shu hafta Estoniyada bo’lganida “Islomiy Davlatga” qarshi kurashda mamlakatlar koalitsiyaga birlashishi kerak deb aytdi.

"Mintaqaviy koalitsiya tuzishga bir oz vaqt ketadi. Uning yordamida jangarilar egallagan hududlardagi sunniy qabilalar bilan aloqa o’rnatamiz. Shunda joylarda ittifoqchilarga ega bo’lamiz, havo hujumlarimizni davom ettiramiz. Maqsadimiz aniq: “Islomiy Davlat”ni zaiflashtirib, yo’q qilish, toki uzoq muddatda bizga tahdid sola olmasin", - dedi Obama.

Koalitsiyaga kirgan hamkorlar amaliyotga turlicha hissa qo’shishi mumkin, deydi amerikalik tahlilchi Nora Bensohil.

"Qo’shma Shtatlar koalitsiya tuzish ustida qattiq ter to’kyapti. Unga “Islomiy Davlat”ga qarshi bo’lgan mamlakatlar kiradi. Diplomatik sa’y-harakatlar yordamida, iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar bilan, razvedka ma’lumotlari bilan almashish orqali jangari guruhga zarba berish mumkin. Ayrim mamlakatlar ham havo hujumlarida ishtirok etsa bo’ladi", - deydi ekspert.

Bu harakatlarning barchasini Iroq hukumati bilan kelishgan holda amalga oshirish kerak, deydi Bensohil.


"“Islomiy Davlat” jangarilariga qarshi istalgan payt jang qila oladigan yagona kuch bu mahalliy qo’shinlardir. Shunga ular tayyorgarlikdan o’tkazilmoqda, maslahat olyapti. AQSh bu jarayonda faol", - deydi vashingtonlik tahlilchi.

Bag’dodda hokimiyatga yangi siyosatchilar kelgan. Ular qo’shni Eron bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Tehron ham “Islomiy Davlat”ga qarshi. AQShning Iroqdagi sobiq elchisi Rayan Krokerning aytishicha, bir-biriga raqib, ammo umumiy dushmani bor AQSh va Eronning bir koalitsiyada bo’lishi muammo tug’dirishi mumkin.

"Mintaqa qaltis bir davrni boshdan kechirar ekan, iroqliklar barcha siyosiy kuchlarni o’z ichiga olgan hukumat tuzish harakatiga tushgan. Bu jarayonga sunniy arboblarning ham qo’shilishiga umid bor. Biroq AQSh va Eron ochiqchasiga hamkorlik qila boshlasa, ayrimlarga bu yoqmasligi, qo’shimcha muammolar tug’ilishi mumkin", - deydi sobiq diplomat.

Eronning faolligi uning mintaqadagi raqibi, “Islomiy Davlat”ga qarshi koalitsiyaga kirgan Saudiya Arabistoni va Misrni bezovta qilishi mumkin, deydi Vashingtondagi Amerika universiteti professori Akbar Ahmad. Uning nazarida, muammoni yolg’iz harbiy yo’l bilan hal qilib bo’lmaydi.

"Jihodchilarning vahshiy harakatlari, boshni kesishlar, ozchilikdagi guruhlar, nasroniy va boshqalarga nisbatan g’ayriinsoniy muomalaga chek qo’yish lozim. Ammo buni Amerika 1-2 ta bomba tashlab, 2-3 ta raketa otib hal eta olmaydi", - deydi Ahmad.

Ekspertga ko’ra, Obama ma’muriyati Saddam Husayn rejimiga qarshi urush paytida yo’lga qo’yilgan xatolarni takrorlamasligi kerak. O’shanda iroqlik sunniylar o’zini yakkalangan deya his etib, “Islomiy Davlat”ning yaratilishiga hissa qo’shgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG