AQSh Kongressi "Islomiy davlat" moliyasiga qattiqroq zarba berishni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" muomalaga kiritgan pul

"Islomiy davlat" muomalaga kiritgan pul

"Islomiy davlat" yetakchilari G'arb bilan so'nggi odamigacha kurashishini aytmoqda. Guruh ayni damda kuchga to'lgan, xayriya pulisiz ham moliyaviy salohiyati baquvvat. AQSh qonunchilari jihodchilarni moliyaviy imkoniyatlardan ayirish harakatlari samara bermayotganidan tashvishda.

AQSh rasmiylariga ko'ra, havo hujumlari yordamida "Islomiy davlat"ning harbiy va moliyaviy salohiyatiga jiddiy zarar yetkazildi.

“Jihodchilarning neft savdosidan daromadi tushganini ko'ryapmiz”, - deydi AQSh moliya vazirining o'rinbosari Deyvid Koen.

Rasmiyning Konressdagi tinglovda hisobot berishicha, ilgari "Islomiy davlat" neft savdosidan kuniga bir million dollar pul ishlar edi. Hozir esa bu ko'rsatkich ancha kamaygan. Deyvid Koenning aytishicha, 30 ming sonli jangarilarni boqish va ularga maosh to'lash uchun ko'p pul kerak.

“Biz olgan ma'lumotga ko'ra, jangarilarning oylik maoshi ming dollar atrofida. Bir yilda bu 360 million dollar degani. Bu faqat ular uchun ketadigan xarajat", - deydi Koen.

Bundan tashqari, "Islomiy davlat" o'z nazoratiga olgan hududni boshqarishi, aholini xizmatlar bilan ta'minlashi kerak. AQSh Kongressida Nyu-Meksiko shtatidan vakil Stiv Pirs nazarida harbiylar shiddatliroq harakat qilishi lozim.

“Qaysi neft konlari "Islomiy davlat" nazoratida ekanini yaxshi bilasizlar. Nega ularning ishlashiga imkon beryapmiz? Neft sisternalarini, yonilg'ini tashib ketayotgan transportni yoki ikkisini bir-biriga bog'lovchi aloqa tizimini portlatish zarur", - deydi kongressmen Pirs.

Kongressning Moliya xizmatlari bo'yicha qo'mitasi a'zosi demokrat Maksin Uoters ham Amerika razvedkasi sust harakat qilayotganidan norozi.

“Bu guruh haqida juda kam ma'lumotga ega ekanimiz bizni hayratga soldi", - deydi u.

Biroq moliya vaziri o'rinbosari Koen bu fikrga qo'shilmaydi.

“Ma'lumot yetarli, uning sifatini yaxshilash kerak. "Islomiy davlat" pulni qanday qilayotganini yaxshi bilamiz", - dedi rasmiy.

Koenning aytishicha, jihodchilar g'aznasiga zararni baholash uchun sabr va vaqt kerak. Iroq hamda Quvayt va Qatar kabi qo'shni davlatlar ham yordam berishi lozim, chunki jihodchilar uchun pul aynan shu mamlakatlar orqali ham o'tmoqda, deydi Koen.

Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tahlilchisi Metyu Levitning aytishicha, bu oson bo'lmaydi.

"Bu mamlakatlarning aksariyatida ajoyib qonunlar qabul qilingan, ammo hammasi qog'ozda. Rasmiylar bilan o'tirib, birga-bir suhbatda bu qonun hech amal qilganmi, deb so'rasangiz, yo'q deb javob berishadi", - deydi Levit.

Ma'lumotlarga ko'ra, "Islomiy davlat" odam o'g'irlab, garov puli hisobiga ham g'aznasini to'ldirmoqda. Joriy yilda shu yo'l bilan 20 million dollar ishlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG