"Islomiy davlat"ga qo'shilganlar uchun orqaga yo'l yo'q

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat"ga qo'shilish uchun Suriyaga yo'l olayotgan o'smir qizlar - London politsiyasi tarqatgan surat

"Islomiy davlat"ga qo'shilish uchun Suriyaga yo'l olayotgan o'smir qizlar - London politsiyasi tarqatgan surat

So’nggi bir yil mobaynida minglab erkak va ayollar Suriya, Iroq va Liviyaga jo’nab ketib, o’zini “Islomiy davlat” deb atagan ekstremistlar to’dasiga qo’shildi.

O’tgan hafta 11 nafar tibbiyot xodimlari ham Turkiya chegarasini kesib, Suriyaga o’tgani haqida xabarlar tarqaldi. Tahlilchilarga ko’ra, guruh chet elliklarni o’z safiga jalb etishda davom etmoqda.

Chegarada turib biz bilan gaplashar ekan, Turkiya parlamenti a’zosi Mehmet Ali Adibo’g’li “Islomiy davlat” nazoratidagi hududga, Suriyaga kirgan 11 shifokorning oila a’zolari bilan aloqada ekanini aytadi.

“Britaniya, Amerika, Sudan va Kanadadan bo’lgan bu oilalarning umidi shuki, ularning farzandlari terrorchilarga yordam berish uchun emas, oddiy odamlarni davolash uchun Suriyaga borgan bo’lsin”, - deydi qonunchi.

Biroq ayrim tahlilchilar fikricha, “Islomiy davlat” o’z safini xorijiy jangchilar bilan to’ldirishda davom etmoqda. Ingliz tilida so’zlashuvchi shifokorlarni chaqirib olgani ana shu strategiyaning bir qismi.

“Ular ayrim ziyoli toifalarni o’ziga jalb eta olgan bo’lsa, bu masalani yaqinroq o’rganish payti keldi”, - deydi Misrda siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Samih Sayf Elyazal.

Uning nazarida “Islomiy davlat”ga xorijdan kelib qo’shilayotganlarning ko’pchiligi miyasi zaharlangan, johil va diniy vasvasaga berilgan odamlar. Guruh odam yollash uchun internetga qo’yayotgan yuqori sifatli videolar ish berayapti, albatta.

To’daga qo’shilgandan keyin ko’zi ochilgan yoshlar orqaga qaytolmaydi, deydi tadqiqotchi. Shu tariqa Osiyo, Yevropa va arab mamlakatlaridan borgan qariyb ikki ming odam o’ldirilgan.

“Qatnov faqat bir tomonga, uyga qaytmoqchi bo’lsang o’ldiramiz deyishadi. Hammaning oldida. Toki hech kim bu haqda o’ylamasin”, - deydi Sayf Elyazal.

“Islomiy davlat” o’z a’zolarini faqatgina muayyan vazifa, “missiya” bilan vataniga yuborishi mumkin. Hukumatlarni xavotirga solayotgan narsa ham shu - xavfsizlikka tahdid va terror xurujlari.

AQShda asoslangan xavfsizlik firmasi rahbari Daniel Vagnerga ko’ra, bunday hujumlarni bashorat qilish va bartaraf etish deyarli imkonsiz.

“Ular pasportini, hujjatlarini o’zgartirib, yurtiga umuman boshqa odam bo’lib kirishi mumkin. Muammo shundaki, xavfsizlik xizmatlaridan 100 foiz tayyor bo’lish kutiladi, terrorchilar esa bir marta ishini to’g’ri qilsa ancha talafot keltiradi”, - deydi Vagner.

Boshqa tahlilchilar nazarida esa ommaviy axborot vositalari bu tahdidlarni bo’rttirib ko’rsatmoqda. Siyosatshunos Ziyod Aql:

“Mavzu atrofida qandaydir paranoya mavjud. “Islomiy davlat”ni yoritishda matbuot har xil bashoratlarga ko’p tayanadi, guruhni ertaknamo obraz qilib tasvirlaydi”, - deydi suhbatdosh.

Bu to’da qanchalik qo’rqinchli ekani haqidagi vahimani bas qilib, odamlar nega unga qo’shilayotgani haqida o’ylaylik. Ishsizlik, boy-u kambag’al o’rtasidagi jarlik va boshqa adolatsizliklar radikal mutaassiblikni keltirib chiqarmoqda, deydi Ziyod Aql.

Olim, shuningdek, “Islomiy davlat”ning kelajagi haqida bashoratlar qilmasdan, uning bugungi urush taktikasi haqida iloji boricha ko’proq ma’lumot to’plashni tavsiya etadi.

Guruh o’z oldiga qo’ygan maqsad bitta - kuch yig’ish va kattaroq hududlarni egallash. Lekin bunga erishish strategiyasi har bir mamlakatda har xil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG