O'zbekiston islomiy harakati "Islomiy davlat"ga nega qo'shildi?


O'zbekiston islomiy harakati amiri Usmon G'ozi

O'zbekiston islomiy harakati amiri Usmon G'ozi

1990-yillardan beri Afg’onistonda Tolibon bilan hamkorlik qilib kelgan O’zbekiston islomiy harakati guruh bilan aloqani uzib, “Islomiy davlat”ga qo’shilganini e’lon qildi. O’zbekiston islomiy harakatining Afg’onistonda bugungi mavqei qanday? Nega harakat “Islomiy davlat”ga qo’shilishga qaror qildi?

Afg’onistonda Tolibon harakatining ko’p yillik rahbari Mulla Umarning ikki yil oldin o’lgani haqida xabarlar tarqalganidan so’ng O’zbekiston islomiy harakati toliblar bilan ko’p yillik hamkorlikni to’xtatib, Iroq va Suriya hududlarini bosib olgan va xalifalik e’lon qilgan “Islomiy davlat”ga bay’at berdi.

Afg’onistonda “Doyish" (Dayesh) deb ataluvchi bu guruh yaqinda mamlakatning shimoliy viloyatlarida mahalliy kuchlar bilan jang qilgani ma’lum. Hokimiyatni qo’lga olib, o’z qoidalarini joriy etishga intilayotgan Tolibon “Doyish” bilan til topisha olmay, bu ikki guruhning ham olishayotgani aytiladi.

Vaziyatga oydinlik kiritishni so’rab, "Amerika Ovozi" parlament deputati Bashir Ahmad Tayanchga murojaat etdi. Uning aytishicha, O'zbekiston islomiy harakati va "Doyish"ning taktikasi o'xshash - har ikkisi ham qattiqqo'l siyosat tarafdori. Bundan tashqari, deydi Tayanch, harakat va Tolibon o'rtasida ichki nizolar bo'lib, ular Vaziristonda bir necha bor to'qnashgan.

"Biroq moliyaviy imkoniyatni ham e'tibordan chetda qoldirmaslik kerak. "Doyish" Tolibonga qaraganda iqtisodiy jihatdan qudratliroq. O'zbekiston islomiy harakatini "Doyish"ning shu jihati ham o'ziga tortgan bo'lishi mumkin", - deydi Tayanch.

Ya’ni xalq noibining aytishicha, O’zbekiston islomiy harakatining “Doyish”ga qo’shilishida moliya asosiy ro’l o’ynagan.

AQSh moliya vazirining yordamchisi Daniyel Gleyzerning o’tgan oy Koloradodagi Aspen institutida o’tgan xavfsizlik anjumanida aytishicha, “Islomiy davlat” g’aznasida bir milliard dollardan oshiq pul bo’lishi mumkin.

“Pulning bir qismi Suriya va Iroqda bosib olingan hududlardagi banklardan musodara qilingan. Jangarilar o’z nazoratidagi rayonlarda aholiga soliq solgan. “Islomiy davlat” Iroq va Suriya gazi va neftini ham sotadi”, - deydi rasmiy.

AQSh razvedkasiga ko’ra, neft Turkiya, Suriya, Iroq va Eronga arzon narxda sotiladi. Yonilg’i savdosidan tushgan oylik daromad 8-10 million dollar atrofida. AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya havo hujumlaridan oldin “Islomiy davlat” bundan ham ko’p daromad ko’rgan, deydi Gleyzer.

O’zbekiston islomiy harakati o’z bayonotida Tolibonga qator e’tirozlarini bildirib, “Islomiy davlat”ga nega qo’shilganini izohladi. Bu bayonotdan shunisi ma’lumki, Mulla Umarning o’limi nafaqat G’arb uchun, balki O’zbekiston islomiy harakati uchun ham kutilmagan yangilik bo’ldi.

“Demak, Afg’oniston islomiy amirligi shu paytgacha Mulla Umarning vafot etganini yashirib, uning nomidan yolg’on bayonotlar berib borgan” deyiladi bayonotda. O’zbekiston islomiy harakati Afg’oniston islomiy amirligi atamasini Tolibonga nisbatan ishlatadi.

Yana bir e’tiroz shuki, Tolibon islomiy jamiyat g’oyasini dunyoga yoyish rejasidan voz kechib, Afg’oniston doirasida milliylikka urg’u bergan.

“So’nggi 35 yil davomida Afg’oniston zaminida faqat afg’onlar jihod qilmadi. Islom ummatining minglab o’g’lonlari afg’on deb atalmish qavm manfaati uchun emas, balki islom va musulmonlar manfaati uchun kurashdi” deyiladi O’zbekiston islomiy harakati bayonotida. Shu sabab guruh xalifalikni e’lon qilgan va islom bayrog’i ostida jang qilayotgan “Islomiy davlat”ga qo’shilishga qaror qilganini bildiradi.

Tolibonning Pokiston razvedkasi bilan hamkorlik qilayotgani, qoradori yetishtirish va savdosi bilan shug’ullanayotgani, shia hazoralarni dushman deb e’lon qilmayotgani, Eron bilan munosabatlarni tiklayotgani, G’arb davlatlari bilan aloqa qilayotgani, “Islomiy davlat” e’lon qilgan xalifalikka qo’shilish o’rniga u bilan to’qnashayotgani, afg’on Toliboni rahbarlarining Afg’onistonda emas, Pokistonda yashayotgani ham O’zbekiston islomiy harakati tomonidan qattiq qoralandi.

Afg’oniston Vitse-prezidenti Abdul Rashid Do’stum yetakchiligidagi Milliy islom harakati partiyasidan parlamentga saylanib, besh yildan beri faoliyat yuritayotgan Bashir Ahmad Tayanch O’zbekiston islomiy harakatining qoradori savdosiga qarshi ekanini yolg’on deydi.

"Tolibon yoki O'zbekiston islomiy harakatining narkotikka qarshi ekani haqidagi da'volarga qat'iyan qarshiman. Bizning ma'lumotlarimizga qaraganda, bu guruhlar harbiy xarajatlarining 30 foizi qoradori savdosidan tushgan pul hisobiga qoplanadi. Tijorat hali ham davom etmoqda, Tolibon nazoratidgai hududlarda ko'knor hali ham yetishtirilmoqda. Mullalar xorijliklarni qoradoriga chalintirish uchun ham bu bilan shug'ullanadi", - deydi Afg'oniston parlamenti deputati.

Bashir Tayanchning aytishicha, “Doyish”, ya’ni “Islomiy davlat”ning Afg’onistonda mavqei sust. Afg’onistonlik o’zbek deputati O’zbekiston islomiy harakatining so’nggi yillarda zaiflashganiga e’tibor qaratadi.

So’nggi kunlarda general Abdul Rashid Do’stum qo’mondonligi ostidagi qo’shinlar Faryob viloyatida toliblarga qarshi qattiq jang qilmoqda. Do’stumning aytishicha, oy boshidan beri ko’p hududlar jangarilardan tozalangan. Unga ko’ra, toliblarni Pokiston razvedkasi qo’llab-quvvatlamoqda va pokistonlik bir general so’nggi janglarda halok bo’lgan.

XS
SM
MD
LG