BMT vakili: Kobani "Islomiy davlat" qo'liga o'tishi mumkin

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangarilari, Kobani yaqinida, 7-oktabr, 2014

"Islomiy davlat" jangarilari, Kobani yaqinida, 7-oktabr, 2014

Bugun Iroqning Bayji shahrida "Islomiy davlat" jangarilari Iroq qurolli kuchlariga qarashli harbiy vertolyotni urib tushirgan. Ikkala pilot halok bo'lgan. Voqea mamlakatdagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodi yonida sodir bo'lgan. Iroq kuchlari iyun oyidan beri inshoot uchun jihodchilar bilan jang qiladi.

Qo'shni Suriyada esa AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya yordamida kurd jangarilari Kobani shahrini qo'lga olishga harakat qilayotgan islomiy kuchlar hujumini qaytarishga muvaffaq bo'lgan.

Shahar uchun uch haftadan beri shiddatli janglar kechmoqda. Jihodchilar bir necha yo'nalish bo'ylab hujum qilmoqda.

Kurdlar xalqaro hamjamiyatdan yordam so'ramoqda. Turkiyada mahalliy kurdlar bir necha shaharda namoyish qilib, hukumatni chora ko'rmayotganlikda aybladi. Bryusselda esa yuzdan ziyod kurdlar Yevroparlament binosiga kirib, Kobani shahri mudofaasi uchun yordam so'ragan.

BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Misturaning aytishicha, agar xalqaro hamjamiyat yordam qo'lini cho'zmasa, yaqin orada shahar butunlay jihodchilar qo'liga o'tadi.

Bu haqda kecha Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an ham ogohlantirgan. Uning nazarida "Islomiy davlat"ga qarshi samarali kurashish uchun Iroq va Suriyaga qo'shin kiritish lozim, biroq hozirda xalqaro koalitsiya faqat havodan zarba bermoqda. AQSh Prezidenti Barak Obama piyoda qo'shinlar jalb etilmaydi, deya va'da bergan.

Britaniyada to'rt odam terror xurujini rejalash gumoni bilan hibsga olingan. Politsiya poytaxt Londonning bir necha rayonlarida reydlar o'tkazgan. Qidiruv davom etmoqda. Hibsga olinganlar esa so'roqqa tutilmoqda. Ulardan birining Suriyada "Islomiy davlat" jangarilariga aloqador ekani aytilmoqda.

Hibsdagilar rejalagan xuruj yuzasidan rasmiylar ma'lumot bermayapti. Xabarlarga ko'ra, reja boshlang'ich pallada bo'lgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Londonda bo'lib, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Xemmond bilan "Islomiy davlat"ga qarshi strategiya xususida gaplashgan.

Britaniya AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga a'zo, ammo harbiy harakatlarga kirishmagan, chunki parlament ruxsat bermagan hali.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG