Parijda Islomiy davlatga qarshi strategiya muhokama etildi

  • Amerika Ovozi

Parijdagi anjuman ishtirokchilari, 16-sentabr, 2014-yil

Parijdagi anjuman ishtirokchilari, 16-sentabr, 2014-yil

Fransiya Prezidenti Fransua Ollandning aytishicha, Islomiy davlat jangari guruhi dunyo miqyosida jiddiy tahdid solmoqda va butun dunyo unga qarshi kurashishi lozim.

"Vaqtni boy bermaslik kerak", - dedi Olland Parijda Iroqdagi vaziyatga bag’ishlangan anjumanni ochar ekan.

Tadbirda 30 mamlakatdan hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va Arab Ligasidan rasmiylar qatnashdi. Bu davlatlar Iroq va Suriyada katta hududlarni egallab olgan jihodchilarga qarshi tuzilayotgan xalqaro koalitsiyaga kirgan. Tashabbusga Qo’shma Shtatlar bosh.

AQShdan Parijdagi anjumanda Davlat kotibi Jon Kerri ishtirok etdi. So’nggi kunlarda u bir necha mamlakatni aylanib, ularni koalitsiyaga qo’shilishga undadi.

Kerriga ko’ra, arab davlatlari ham jihodchilarga qarshi harbiy zarba berishga tayyor ekanini bildirgan.

Biroq anjumanda qatnashgan Iroq Prezidenti Fuad Ma’sumning aytishicha, arab mamlakatlari harbiy amaliyotlarda ishtirok etmasa ham anjumanda qabul qilinadigan qarorlarga qo’shilsa bas.

Islomiy davlat yo’q qilinsa, bundan hamma birday foyda ko’radi, deydi Iroq rahbari.

"Agar bu guruh Iroqda hokimiyatni qo’lga olsa, boshimiz balodan chiqmaydi. Bu nafaqat Iroq, balki mintaqa va butun dunyo uchun muammo tug’diradi. Qayerda bo'lmasin, ularni yo'q qilish kerak", - dedi Fuad Ma’sum.

Eron jangarilarga qarshi kurashda Iroqqa yaqindan yordam berib kelayotgan bo’lsa-da, Parijdagi anjumanga taklif etilgan 26 mamlakat orasida Suriya kabi u ham bo'lmadi. Qo’shma Shtatlar buni istamagan, ammo Iroq prezidentiga ko’ra, bu qo’shni davlatni tadbirga taklif etish kerak edi. Rasmiy Tehron bunga salbiy munosabat bildirdi.

G'arb mamlakatlari jihodchilar safida mingga yaqin yevropaliklar jang qilayotganini xavotir bilan tilga oldi.

Ishtirokchilar anjuman yakunida bayonot qabul qilib, Iroqqa Islomiy davlatga qarshi kurashda yordam berishga va’da berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG