Parijda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash strategiyasi muhokama etildi

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibining yordamchisi Entoni Blinken (o'ngda), Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius (o'rtada) va Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy, Parij, 2-iyun, 2015-yil

AQSh davlat kotibining yordamchisi Entoni Blinken (o'ngda), Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius (o'rtada) va Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy, Parij, 2-iyun, 2015-yil

Fransiya, Iroq va AQSh rasmiylari Parijda uchrashib, "Islomiy davlat"ga qarshi kurash xususida fikr almashgan. Ularga ko'ra, xalqaro koalitsiya harakatlari samara bermoqda, biroq Iroq armiyasini qo'shimcha tayyorgarlik va harbiy jihozlar bilan ta'minlash zarur.

AQSh davlat kotibining yordamchisi Entoni Blinkenning majlisda aytishicha, Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yutuqlar bor, ammo kamchiliklar ham yo'q emas.

"Jangarilar Iroqda harbiy kampaniyani boshlaganida katta hududlarni egallab olgan edi. Shu kungacha choragini boy berishdi, katta talafotlar ko'rishdi. Strategiyamiz ish beryapti. Shimolda kurd kuchlari bilan harakatlanyapmiz", - deydi Blinken.

Uning tan olishicha, so'nggi mag'lubiyatlarga qaramay, "Islomiy davlat" hamon kuchli, zolim va hujum qilishga qodir.

Tadbirda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loren Fabius va Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy ham qatnashgan. Blinken qo'shni Suriyada siyosiy barqarorlik o'rnatilsa, jangarilar mag'lub bo'ladi, deydi.

"Iroqdagi strategiyamiz ish bermoqda. Havo hujumlari, harbiy tayyorgarlik, jihozlash, yordam berish, ishonchli mahalliy hamkorlar - bularning barchasi g'alaba strategiyasining muhim qismlari", - deydi AQSh rasmiysi.

Jangarilar mag'lub etilishiga shubha yo'q, deydi Blinken.

"Birligimiz, shashtimiz, Iroq va Suriya xalqlarini va umuman mintaqani imkoniyatlar va osoyishtalik bilan ta'minlash bobidagi birdamligimiz yo'qolmasa, g'alaba biz tomonda bo'ladi", - dedi AQSh rasmiysi.

Iroq bosh vaziri xalqaro koalitsiyadan yetarlicha yordam kelmayotganidan shikoyat qildi. Unga ko'ra, razvedka bobida yordam kerak; jangarilarga xorijdan odamlar qo'shilishda davom etmoqda, buning oldi olinmadi.

Koalitsiya Iroqqa qo'shin kiritmayapti, Iroq askarlariga havodan yordam bermoqda, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG