Dunyo bo'ylab musulmonlar “Islomiy davlat” ni qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Hindistonlik musulmonlar Parijdagi xurujlardan keyin "Islomiy davlat"ni qoralab, namoyishlar uyushtirdi. Dehli,18-noyabr 2015-yil

Hindistonlik musulmonlar Parijdagi xurujlardan keyin "Islomiy davlat"ni qoralab, namoyishlar uyushtirdi. Dehli,18-noyabr 2015-yil

Aksariyat musulmonlar “Islomiy davlat” jangari guruhi haqida salbiy fikrda. Aholisining asosiy qismi musulmon bo’lgan 11 mamlakatda “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markazi so’rov o'tkazdi.

“Hech bir mamlakatda “Islomiy davlat”ga ijobiy qaraydiganlar 15 foizdan oshmaydi”, - deyiladi so'rov xulosasida.

Indoneziya, Turkiya, Nigeriya, Burkina Faso, Malayziya va Senegal kabi mamlakatlarda har 10 kishidan kamida olti nafari guruhni tanqid qilgan.

Suriya bilan chegaradosh Livanda so’ralganlarning 100 foizi ekstremist guruhga salbiy yondashishini aytgan, 99 foizi esa keskin tanqid qilgan.

Falastinliklar orasida “Islomiy davlat” haqida salbiy gapirganlar kamroq.

“Isroilliklar (97 foiz), shu jumladan Isroil arablari (91 foiz) va iordaniyaliklar (94 foiz) “Islomiy davlat”ga qarshi. Falastindagilar orasida bundaylar 84 foizni tashkil etdi, shu jumladan G’azo mintaqasida 92 foiz va G’arbiy sohilda 79 foiz”, - deyiladi tadqiqotda.

“Islomiy davlat” hukmron hududdan uzoqroq o’lkalarda manzara biroz boshqacha. Masalan, guruhga salbiy baho bergan Nigeriyada nasroniylarning 71 foizi, musulmonlarning esa 61 foizi, Malayziyada esa musulmonlarning 67 foizi va buddistlarning 65 foizini tashkil etadi.

Pokistonda so’ralganlarning bor-yo’g’i 28 foizi “Islomiy davlat”ga salbiy baho bergan, 62 foizi esa aniq fikrga ega emas.

Parijdagi qonli xurujlardan keyin ko’plab musulmon yetakchilar guruh faoliyatini qoralab chiqdi, uning mafkurasini islomga zid, dedi.

“Ular islomiy emas, davlat ham emas, aksincha, islomga qarshi. Ular shafqatsiz qotillar to’dasi”, - deydi Amerika-Islom munosabatlari kengashi raisi Nihod Avad.

Qatardagi Musulmon olimlar xalqaro uyushmasi Parijdagi xurujlarni qoralab chiqdi va ularni jinoyat deb atadi, “hech qanday din yoki ma’naviyat bilan bu jinoyatni oqlab bo’lmaydi”, deya bayonot berdi.

Pokistonda obro’li ulamolarning 50 nafari “Islomiy davlat” mafkurasini harom deya fatvo chiqardi.

Chikagodagi ulamo Zafar Iqbol dunyoning 52 musulmon davlati bir yoqadan bosh chiqarib, ekstremist guruhga qarshi chiqishi kerak, deydi.

Islomiy hamkorlik tashkiloti ham hukumatlar va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilib, insoniyatning umumiy dushmaniga aylangan terrorchilikni tag-tugi bilan yo’q qilish uchun birgalikda harakat qilishimiz kerak, deb chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG