"Islomiy davlat" tashviqotini Saudiya Arabistoniga qarshi qaratmoqda

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" rahbari Abu Bakr Bag'dodiy

"Islomiy davlat" rahbari Abu Bakr Bag'dodiy

"Islomiy davlat" jangari guruhi Saudiya Arabistonini boshqarib kelayotgan qirol oilasiga qarshi kampaniya boshladi. Jihodchilar qirollikni AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya tarkibida guruhga qarshi harbiy kampaniyaga qo'shilganlikda ayblab, tarafdorlarini monarxiyani tugatishga da'vat etmoqda.

Yaqin Sharq matbuotini o'rganish instituti tahlilchisi Marvan Hayotning aytishicha, "Islomiy davlat" Saudiya Arabistonini yaxshi tayyorlangan, keng qamrovli matbuot kampaniyasida so'nggi ikki haftada ayniqsa qattiq nishonga oldi. Institut Vashingtonda joylashgan bo'lib, jihodchilar tashviqotini o'rganadi.

"Islomiy davlat" tashviqotchilari Internet va ijtimoiy sahifalarda ko'plab videolar va izohlar qoldirib, arablarni al-Saud sulolasi, Vahobiy diniy idoralari hamda armiyaga qarshi bosh ko'tarishga chaqirdi.

Shia musulmonlarni bid'atchilar deb biluvchi "Islomiy davlat" qirollikni oz sonli shialarga Saudiya Arabistonida bemalol yashashga imkon berayotganlikda ayblaydi. Buning qiziq tomoni shundaki, bir necha kun burun Saudiya Arabistonida qatl etilgan shia imomi aksincha sulolani o'z mazhabiga qarashli fuqarolarni kamsitib kelayotganlikda ayblar edi.

Nimr al-Nimrning qatlidan so'ng Eron diniy rahbarlari bu ishi uchun qirollikni Alloh jazolaydi, deya xitob qildi. Qatl etilgan 47 odamdan 43 tasining sunniy jihodchi ekani ma'lum. "Islomiy davlat" mamlakat ichidagi tarafdorlarini asosan al-Qoida va Daishga aloqadorlik gumoni bilan qamalganlar saqlanayotgan ikki qamoqxonaga hujum qilishga da'vat etdi.

Biroq bu voqeagacha ham "Islomiy davlat" targ'ibot videolarida al-Saud sulolasiga do'q-po'pisalar qilib kelgan. Ularning biri Iroqning Anbar viloyatida olingan bo'lib, Abu Xolid Jazraviy ismli jihodchi Saudiya Arabistonida shialar borligini qoralab, hukumat shariat ijrosini to'liq amalga oshirmayotganini ta'kidladi. Xuddi shu videoda uning safdoshi qirollik diniy ulamosini ikkiyuzlamachilikda ayblab, tarafdorlarini oralaridagi munofiqlarni o'ldirishga chaqirdi.

Al-Qoida kabi "Islomiy davlat" ham saudiya shahzodalari hamda Fors ko'rfazidagi boshqa sulolalarni G'arb kabi dushman deb biladi. Qizig'i shundaki, mintaqadagi o'ta konservativ Vahobiy guruhlarini qo'llab-quvvatlash uchun pul ana shu shahzodalar va sulolalardan keladi. Bu guruhlarning ba'zilari Suriyada Bashar Assad hukumatiga qarshi kurashmoqda.

2015-yil mayida "Islomiy davlat" rahbari Abu Bakr Bag'dodiy saudiya qirolligini G'arb bilan hamkorlikda ayblab, "Islomiy davlat" sunniy musulmonlarning yagona va haqiqiy himoyachisi ekanini aytgan edi.

Dekabr oyida esa Bag'dodiy terrorizmga qarshi kurash uchun Saudiya Arabistoni tomonidan 34 mamlakat ishtirokida tuzilgan harbiy koalitsiyani qoraladi. Shundan beri qirollikka qarshi tashviqot keskin kuchaydi.

Yaqin Sharq matbuotini o'rganish instituti tahlilchisi Marvan Hayot 15 ta tashviqiy video va qator maqolalar tayyorlanganini ta'kidlaydi.

“Ayni mazmundagi da'vatlar va bayonotlar qayta-qayta uzatiladi", - deydi u.

Demokratiyalar himoyasi uchun jamg'arma tahlilchisi Jonatan Shanzerning aytishicha, "Islomiy davlat" tashviqotni shunaqangi ustalik bilan olib boradiki, uning a'zolari va yolg'iz shaxslar undan ruhlanib, xurujlarni amalga oshiradi.

"Vahobiylik mafkurasi bilan zaharlanishga ulgurgan aholi uchun Saudiya Arabistonida "Islomiy davlat"ga yollanishga qulay zamin mavjud", - deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG