"Islomiy davlat" Suriya va Iroq chegarasida yangi yo'l ochdi

  • Amerika Ovozi

O’tgan oy kurdlar “Islomiy davlat”ning shimoliy Iroqdagi muhim tranzit yo’lini to’sib qo’ygandan keyin jangari guruh Iroq va Suriya o’rtasida yangi ta’minot yo’lagini ochgani ma’lum qilinmoqda.

Peshmerga kuchlari deb ataladigan Iroq jangchilari AQSh havo kampaniyasi yordamida Sinjar shahrini qayta egallab, Iroqning Mosul va Suriyaning Raqqa shaharlari orasidagi 47-trassa deyiladigan ta’minot yo’lini to’sib qo’ygan edi.

Endi jangari guruh janubiy Mosuldagi sahro bo’ylab fuqaro avtomobillarida jangchi va boshqa mahsulotlarni tashimoqda, deydi Iroq va kurd rasmiylari.

Norasmiy tranzit yo’laklari Mosul janubidagi Ba’aj shaharchasidan boshlanib, Suriya chegarasidagi Qirvan shaharchasigacha boradi.

Iroq parlamentining sobiq a’zosi Qosim Hussayn Barjisning aytishicha, bu yo’llar IShID uchun muhim hayot manbai vazifasini o’tamoqda; chunki AQSh boshchiligidagi havo hujumlari kuchaygan sari guruh a’zolari va infrastrukturasi katta yo’qotishlarga uchramoqda. Jangari to’da Rossiya va Suriya rejimi hujumlariga ham duch kelmoqda.

Sinjar operatsiyasi “Islomiy davlat”ning chegaradagi imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan muhim qadam bo’ldi, deydi kurd qo’mondonlari va AQSh rasmiylari.

Guruhning yangi yo’li 47-trassaga qaraganda ko’proq xarajat va vaqt talab qiladi. Ammo ochiq sahroda yurishning osonligi jangarilar uchun qulay bo’lishi mumkin.

“Sinjar hududiga qaraganda janubiy Mosul harakatlanish uchun qulay, chunki u tekis va qumloq”, - deydi Iroqning Nineva gubernatorligi kengashi a’zosi Seydo Husayn.

“Sinjar egallanishidan oldin ham guruh yangi yo’l ustida ishlayotgani haqida bizda ma’lumot bor edi”, - deydi kengashning yana bir a’zosi Xalaf al-Adidi.

Iroqdagi “Niqash” yangiliklar saytining yozishicha, bu yo’lakdan Raqqa va Mosul o’rtasida savdo qiladigan oddiy fuqarolar ham foydalanadi.

Bo’lajak janglarda asosiy yo’lning boy berilishini taxmin qilgan jangari guruh Sinjar amaliyoti boshlanmasdan avval ham 47-trassada yuk mashinalari qatnovini kamaytirgan edi, deydi “Amerika Ovozi”ning mintaqadagi muxbiri.

IShID, asosan, yazidiylar yashovchi bu shaharni o’tgan yili Iroq hukumati kuchlaridan tortib olgan edi. Shundan so’ng AQSh havo orqali guruh manzillarini muntazam o’qqa tuta boshladi.

Sinjardagi yetakchi yazidiy qo’mondoni Haydar Shashoning aytishicha, “Islomiy davlat” guruhi Sinjarni qayta olishga qaratilgan amaliyot boshlanishidan sakkiz oy oldin janubiy Mosulda yangi yo’l qurishni boshlagan.

Sasho jangarilarning hanuz hududda erkin harakatlanayotganidan xavotirda ekanini aytadi.

“Jangarilar bu yo’lda oziq-ovqatdan tortib, yonilg’i va qurol-aslahagacha tashimoqda, - deydi u. – Ba’aj chegarasidan Suriyaga o’tayotganlarning 80 foizi jangarilar, deb ayta olaman. Qolgan oddiy fuqarolar ham IShIDga xayrixoh odamlar”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG