Breaking News

AQSh: "Islomiy davlat" Markaziy Osiyoga ham tahdid solmoqda


"Islomiy davlat" Markaziy Osiyoga qanchalik tahdid solmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:59 0:00

"Islomiy davlat" Markaziy Osiyoga qanchalik tahdid solmoqda?

Iroq, Suriya, Liviyadagi hududlarni egallagan “Islomiy davlat” Markaziy Osiyoga ham tahdid solmoqda. Bu guruh safida jang qilib, o’z yurtiga qaytgan markaziy osiyoliklarning ayniqsa xavfli ekani aytilmoqda.

O’zbeklar, qirg’izlar va boshqalar nega bu guruhga qo’shilmoqda? “Islomiy davlat” hujumining oldini qanday olish mumkin? AQShning Xelsinki Komissiyasi tinglovida qatnashgan uch mutaxassis o’z qarashlarini bildirdi va qonunchilar savollariga javob berdi.

Ayrim manbalarga ko’ra, “Islomiy davlat” tarkibida bugun 90 mamlakatdan 20 ming xorijiy jangari bor. Shulardan to’rt minggi G’arb mamlakatlaridan, yana shunchasi Markaziy Osiyodan, 150 tasi amerikalik.

Suriyada amaldagi tuzumga qarshi kurash maqsadida shakllangan to’da keyinchalik maqsadlarini kengaytirib, Suriya va Iroq hududida xalifalik e’lon qildi, boshqa musulmon davlatlarni ham o’ziga qo’shishini bildirdi.

AQSh "Islomiy davlat"ning Markaziy Osiyoga tahdididan xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:45 0:00

“Islomiy davlat” saflari kimlar hisobiga to’lmoqda? AQSh Kongressida bo’lib o’tgan Xelsinki Komissiyasi tinglovida davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini o’rinbosari Daniel Rozenblumning aytishicha, “Islomiy davlat” odamlari Rossiyadagi ishchi migrantlar bilan tashviqot ishlari olib borib, ularni guruhga yollamoqda.

“Izlanish natijalari shuni ko’rsatmoqdaki, “Islomiy davlat” saflariga jalb qilinayotgan markaziy osiyoliklarning katta qismi mintaqa tashqarisida yollangan, xususan, Rossiyada. Nega bu odamlar Rossiyadan Iroq va Suriyaga ketmoqda? Turli sabablar bor. Ko’plari yolg’iz, oilasi, jamoadan ajralgan. Bunday odamlarni o’z yurtlarida jangarilar safiga yollash oson bo’lmasdi, chunki mahalla, diniy yetakchilar, oila bunga yo’l qo’ymasdi. Bundan tashqari, Rossiyada ular kamsitiladi”, - deydi AQSh rasmiysi.

Tahlilchilar masalaning moddiy tomoniga ham e’tibor qaratadi. Ayrim manbalarga ko’ra, “Islomiy davlat” jangarilari oyiga besh ming dollargacha maosh oladi. Iroq va Suriyada egallangan neft quvurlari guruhga mo’maygina daromad keltiradi.

Jorj Vashington universitetida Kibernetik va ichki xavfsizlik markazi direktori Frenk Chilluffoning aytishicha, yollanma jangarilar 1980-yillarda Sovet Ittifoqi Afg’onistonni istilo qilganida ilk bor paydo bo’lgan, ammo ularning soni besh mingdan oshmas edi. Ular Afg’onistonni sovet qo’shinlaridan ozod etishni maqsad qilgan, xolos - hududlarni egallab, xalifalikni e’lon qilishni xayoliga ham keltirmagan. So’ng 1990-yillarda Bosniya, Checheniston, Somalida ham xorijdan kelgan islomchilar jang qilgan, lekin ularda ham maqsad cheklangan bo’lgan, mojaro yakuniga yetgach, jangarilar o’z yurtlariga qaytgan. Tolibon Afg’oniston va Pokiston doirasida harakatlanyapti, xolos. Al-Qoida terror xurujlari uyushtirish bilan shug’ullandi asosan. “Islomiy davlat” esa, deydi Chilluffo, yangi turdagi terror guruhi - u davlat qurishga intilmoqda.

“Islomiy davlat”ni yengish uchun uning mafkurasiga bolta urish kerak. 2001-yil terror xurujlaridan beri Qo’shma Shtatlar masalaning bu tomoniga yetarlicha e’tibor bermadi. Ularning yolg’onlarini, soxtaliklarini fosh qilish zarur. Bundan tashqari, Qo’shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlariga chegara xavfsizligini kuchaytirishda, huquq-tartibot organlari tayyorgarligini oshirishda yordam berishi, ma’lumot almashinuvini yo’lga qo’yish kerak”, - deydi Chilluffo.

Tahlilchiga ko’ra, “Islomiy davlat”ga qo’shilmoqchi bo’lgan odamlar Suriyaga Turkiya orqali kiradi. Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza cheklovlari yo’q. Turkiya va mintaqa mamlakatlari xavfsizlik idoralari o’rtasida hamkorlik yetishmaydi, deydi Chilluffo.

Unga ko’ra, AQSh Afg’onistondan qo’shinlarni chiqarib xato qildi. “Islomiy davlat” vakillari bu mamlakatda ham paydo bo’ldi. O’zbekiston islomiy harakati Tolibondan uzoqlashib, “Islomiy davlat”ga sadoqatini e’lon qildi va Afg’onistonda “Islomiy davlat”ning Tolibon bilan to’qnashishi ehtimoli aytilmoqda.

Xelsinki Komissiyasi tinglovida so’zlagan yana bir mutaxassis, Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi direktori o’rinbosari Jennifer Leonardning aytishicha, mintaqaga eng katta xavfni “Islomiy davlat” safida tayyorgarlik ko’rib yurtiga qaytuvchi markaziy osiyoliklardan kutish kerak.

“Markaziy osiyoliklar “Islomiy davlat” qo’shinlarining kichik bo’lagini tashkil etadi, xolos. Biroq shularning bir qismi qaytsa ham mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdid bo’ladi. Bundan xavotirlangan hukumatlar nazoratni oshirdi, hibsga olishlar ko’paydi, diniy amaliyotga doir qonunlar kuchaytirildi. Bu esa siyosiy repressiyalar, korrupsiya, qashshoqlikdan tolgan aholi orasida “Islomiy davlat” tashviqotini osonlashtirmoqda”, - deydi Jennifer Leonard.

Uning aytishicha, guruhning nafaqat jangarilar, balki xalifalikni yuritish uchun muhandislar, hamshiralar, o’qituvchilarga ehtiyoji bor. Bu esa o’z yurtida iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum, tahqirlangan, ta’qibga uchragan fuqarolarga muqobillik taklif etmoqda. “Islomiy davlat”ga boy va kambag’al, yoshu qari, o’qimishliyu, o’qimishsiz birday qo’shilmoqda, deydi tahlilchi.

“Markaziy Osiyodan “Islomiy davlat”ga ayniqsa o’zbeklar ko’p qo’shilgan. Ba’zilari O’zbekistonning o’zidan, boshqalari atrofdagi davlatlardan. O’shlik o’zbeklar ko’p. Ayniqsa 400 o’zbekning yostig’ini quritgan 2010-yil qirg’inidan so’ng ularning qarashlari radikallashdi. O’zbekiston hukumati hisobicha, “Islomiy davlat”ga 500 o’zbek qo’shilgan. Bizning hisobimizcha esa, 2500 atrofida. Tojikiston maxsus militsiya otryadi qo’mondoni polkovnik Gulmurod Halimovning “Islomiy davlat” tomoniga qochib o’tgani mintaqada katta shov-shuvga sabab bo’ldi”, - deydi Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi vakili.

Xelsinki Komissiyasi raisi, Nyu-Jersi shtatidan respublikachi kongressmen Kristofer Smitning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari va, xususan, Turkmaniston va O’zbekistonda hukumatlarning repressiv siyosati, korrupsiya, inson huquqlarining poymol etilishi, iqtisodiy imkoniyatlarning cheklangani odamlarni “Islomiy davlat”ga qo’shilishga majbur qilmoqda.

“AQSh hukumati terrorizmga qarshi kurash inson huquqlari yoki qonunlarning toptalishi hisobiga bo’lmasligini Markaziy Osiyo davlatlariga ravon yetkazishi zarur”, - dedi qonunchi.

Tahlilchi Frenk Chilluffoning aytishicha, agar Afg’oniston hukumati yaqin orada Tolibon bilan muzokara qilib murosaga kelisha olsa, toliblar bilan hudud va mafkuraviy ustuvorlik uchun raqobatlashayotgan “Islomiy davlat” o’ziga qarshi ikkinchi front bilan yuzlashishi mumkin. Bu esa Markaziy Osiyoga qo’l keladi, deydi ekspert.


Tinglovning to'liq qismini mana bu yerda tomosha qilishi mumkin - http://www.ustream.tv/recorded/63465196

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG