Suriya va Iroqda qabilalar "Islomiy davlat" qonli panjasi ostida

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" va Iroq kuchlari olishar ekan, minglab aholi uy-joyini tashlab chiqmoqda. Kimdir Bag'dod tomon ketmoqda, boshqalar esa qayga borishni bilmaydi.

"Islomiy davlat" va Iroq kuchlari olishar ekan, minglab aholi uy-joyini tashlab chiqmoqda. Kimdir Bag'dod tomon ketmoqda, boshqalar esa qayga borishni bilmaydi.

“Islomiy davlat” guruhi nazoratidagi katta hudud G’arb tayanchiga ega suriyalik kurdlar hamda Iroq harbiylari qo’liga o’tdi. Biroq muammo shundaki, mahalliy qabilalar Suriya va Iroqdagi jihodchilarga qarshi chiqishga shoshilmayapti.

AQSh va jangarilarga qarshi kurashayotgan koalitsiya 2006-yilda bo'lganidek sunniylar uyg’onishini istaydi. O’shanda qabilalar Vashingtonga quloq solib, al-Qoidaga qarshi chiqqan va jihodchilarni Anbar viloyatidan quvishda asosiy rol o’ynagan edi.

2014-yilda AQSh generali Jon Allen Iroq va Suriyada “Islomiy davlat”ga qarshi xalqaro harakatlarni boshqarish bo’yicha maxsus elchi etib tayinlandi. 2007-yilda Allen Anbar viloyatidagi 30 dan ziyod qabila rahbarlarini islomiy jangarilarga qarshi chiqishga da’vat etib, roziligini olgan, buning evaziga himoya va moliyaviy yordam taklif etgan edi. Biroq bu safar yuqoridagi maqsadga erisholmagan Allen bir necha oy burun maxsus elchi lavozimidan voz kechdi.

Londondagi "Quilliam" tahlil markazidan ekspert Charli Uinter buning sabablarini tushuntirar ekan, “Islomiy davlat” mahalliy qabilalar bilan uzoq vaqtdan beri aloqaga egaligini aytadi.

““Islomiy davlat” yaratgan tarmoq "Diwan al-'Asha'ir", ya’ni Qabilalar de’voni shaklida bo’lib, Iroq va Suriyadagi qabilaviy jarayonlarni kuzatadi va qabilalararo mojarolarda vositachilik qiladi, taraflarni yarashtiradi. Bu juda nozik yondashuv”, - deydi u.

Shu bilan birga “Islomiy davlat” ayrim qabilalarga nisbatan shafqatsiz munosabati bilan tanilgan. 2014-yil avgustida jangarilar Suriya sharqidagi Shaitat qabilasining 700 a’zosini boshini kesdi va otib tashladi.

Qabilalar bundan olgan saboq: “Islomiy davlat”ga qarshi chiqmaslik kerak.

Suriya va Iroq g’arbida jangarilar mahalliy aholini qattiq nazorat qiladi, guruhni tanqid qilganlar, qoralaganlar o’ldiriladi. To'da ko’p sonli josuslar tarmog’iga ega. Shu bois “Islomiy davlat” qabilalarning har bir qadamidan boxabar.

“Suriya qabilalari madad so’rab bora oladigan hech kim yo’q”, - deydi Yaqin Sharq forumidan mintaqashunos Ayman Javad al-Tamimiy. Uning qayd etishicha, 2014-yilda Shaitat qabilasi ichidagi isyonning bostirilishida bu qabila vakillarining o’zi katta rol o’ynagan.

Vashingtondan tahlilchi Deyvid Gartenshtayn-Ross nazarida AQSh bu masalada yetakchilik qilolmadi. Xalqaro koalitsiya Ramadi boy berilishidan oldin qabilalar bilan aloqa qilmayotgan edi, deydi u.

Raqqadagi sunniy qabilalar o’tgan oyda G’arb kurdlarni qo’llab-quvvatlayotgani va arablarni Turkiya bilan chegaraga yaqin Tal-Abyad shahridan chiqarib yuborilishida ayblab, bayonot chiqargan edi.

Kurdlar esa arablarni haydayotganini inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG