Breaking News

Imom Rauf: "Men tinchlik tarafdoriman"


Imom Fayzal Abdul Rauf
Imom Fayzal Abdul Rauf

Nyu-Yorkda islom markazi qurilishiga bosh-qosh bo'lgan din arbobi loyiha bunday shov-shuvga sabab bo'lishini bilganimda, unga qo'l urmas edim, deydi

Nyu-Yorkda masjid qurish rejasini olg'a surgan imom Fayzal Abdul Rauf masala Amerikada bu qadar bahs-munozara va norozilikka sabab bo'lganidan afsusda ekanini aytib, bunday bo'lishini oldinroq bilganimda, tashabbusga qo'l urmas edim, deydi.

2001-yil 11-sentabr xurujlari sodir etilgan joy yaqinida islom markazini qurish rejasi norozilik namoyishlari va Amerika bo'ylab qattiq bahslarga sabab bo'lib, loyiha taqdiri qil uchida turibdi.

"Men tinchlik tarafdoriman. Bunchalik bo'lishini bilganimda, loyihani taklif etmagan bo'lardim. Qosh qo'yaman deb ko'z chiqarish niyatim yo'q", - deydi Fayzal Abdul Rauf.

Imom so'nggi kunlarda Amerikaning ko'plab telekanallariga intervyu bergan. Uning aytishicha, tashabbusni boshlab qo'yib, endi undan voz kechish to'g'ri bo'lmaydi, garchi ba'zilar buni talab etayotgan bo'lsa-da.

"Erta-indin musulmon mamlakatlari matbuotida "Amerikada islom hujum ostida" sarlavhali maqolalarning chiqishidan xavotirdaman. Bu u yerdagi radikal guruhlarni kuchaytirib, tarafdorlarini yollashni osonlashtiradi. Bu esa musulmon mamlakatlarida odamlarimiz, askarlarimiz, elchixonalarimiz, fuqarolarimizga qarshi hujumlarning ko'payishiga olib keladi", - deydi imom.

O'tgan hafta Floridada Qur'on kitobini yoqmoqchi bo'lgan ruhoniy imom Rauf bilan muloqotdan so'ng fikridan qaytganini ma'lum qilgan edi. Uning aytishicha, imom buning evaziga islomiy markaz qurilishini Nyu-Yorkning boshqa qismiga ko'chirishga va'da bergan, biroq Fayzal Abdul Rauf o'rtada bunday kelishuv bo'lganini inkor etadi.

Prezident Obama o'tgan hafta matbuot anjumanida Amerika xalqiga murojaat etib, jamoatchilikning diniy masala bo'yicha bo'linishiga qarshi ekanini aytgan edi. Prezidentning e'tiqodlararo masalalar bo'yicha maslahatchisi Ebu Patel muammoga yechim topilishiga ishonadi.

"Amerika xilma-xillikni o'zida mujassamlashtiruvchi diyordir va bu fazilat toqatsizlik va bag'ritorlikni yengishiga ishonaman", - deydi rasmiy.

Imom Rauf nazarida bag'ritor kuchlar o'rtasida bog'liqlik bor.

"Amerikada va musulmon dunyosidagi radikal kayfiyatdagi odamlar bir-birining hisobiga yashaydi. Matbuot ularga diqqat qaratib, masalani yanada keskinlashtirdi".

Fayzal Abdul Rauf mavzu bo'yicha Xalqaro aloqalar kengashida ham fikr bildirgan. So'nggi so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 70 foizi musulmonlar 11-sentabr xurujlari sodir etilgan joy yaqinida madaniy markaz qurishga haqli degan, biroq shulardan 63 foizi bunday qilish to'g'ri emas, deb javob beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG