Islomiy Uyg'onish partiyasi nima karomat ko'rsatmoqda?


Dushanbedagi Markaziy machit

Dushanbedagi Markaziy machit

Tojikistonda islomiy partiya qonunan ishlayotgani yutuq sifatida ko'riladi. Lekin Islomiy Uyg'onish partiyasiga nisbatan norozilik hissi oshib bormoqda.

Tog’li viloyatlardan birida maktab direktori Erali Jiyanboyev fikricha, islomiy partiyaning o’zi keragi yo’q. Dinni siyosiy darajaga olib chiqish shart emas, deydi u.

“Chunki musulmonman degan odam e’tiqodini qiladi. Islom partiyasi soyasida qancha-qancha narsalar – fanatizm, ektremizm kabilar ko’payib ketyapti. Hammasiga, gapning ochig’i, men qarshiman. Haqiqiy musulmon hech qanday fanatizmga berilmaydi”, - deydi ziyoli.

Jiyanboyevning aytishicha, partiyadagi mutaassib kuchlar yoshlarni yo’ldan urmoqda.

“Nafaqat yoshlar, mohiyat, mag’izni bilmagan kattalar ham xavf ostida”, - deydi u.

So’g’d viloyatidan yozuvchi Ahli Rasul Muhammad nazarida esa partiyaga a’zo bo’lganlar, uning ichida turli guruhlarga bo’linib ketganlar aslida haqiqiy islomning mohiyatini bilmaydi.

“Islom dunyoviy ishlarni ikkinchi darajali deb biladi. Bu partiyaviy ishlar, bu guruhlar, bular hammasi dunyoviy ishlar. Yoshlarning bilimsizligi, qalbi va ongining ko’r ekani tufayli shu narsa ro’y beradi. Ular o’zligini bilmaydi va salbiy-fanatik yo’llarga ashaddiy berilib ketadi”, - deydi yozuvchi.

“Bir xil odamlar borki, namoz bahona yoshlarni machitga chaqiradi-da, bolaning kallasini buzib, miyalariga har xil gaplarni quyib davlatga, prezidentga qarshi qo’yadi. Ana shu namozxonlarni dushman deb bilaman. Machitga namoz bahona kiradilar, lekin boshqa temaga o’tadilar. Ko’rsangiz, soqol qo’ygan, toza hijobga o’rangan”, - deydi otinlik bilan shug’ullanadigan Adolat ismli ayol.

Partiya a’zosi, nomini oshkor etishni istamagan arbob safdoshlari turli bahonalar bilan qamalayotganini e’tirof etarkan, bularning barchasi to’qima, deydi.

“A’zolarimizni hatto odam savdosida ayblashdi, saylovlarda cheklab, bu bilan hokimiyat o’ziga yomon qilayapti. Har qanday partiya faoli o’z g’oyasi uchun qattiq kurash olib borishi tabiiy hol”, - deydi u.

Ayni damda Islomiy Uyg’onish partiyasi safida yangilanish bo'layotgani ma'lum. Navbatdagi majlisida rahbariyat o’zgarishi mumkin.

Dindorlar nazarida partiya rahbari Muhiddin Kabiriy hukumatga mo’tadil siyosat olib bormoqda. Islom Uyg’onish partiyasi 96 o’rinli parlamentda atigi ikki vakilga ega.

XS
SM
MD
LG