Breaking News

AQShda ekstremizm: muammo nimada?


Jorj Vashington universiteti qoshidagi Ekstremizmni o'rganish markazi "Twitter"dagi yozishmalarni kuzatib boradi
Jorj Vashington universiteti qoshidagi Ekstremizmni o'rganish markazi "Twitter"dagi yozishmalarni kuzatib boradi

AQSh tarixidagi eng talafotli otishmadan bir kun o’tib qotil haqida quyidagi ma’lumot ayon bo’ldi: Umar Matin “Islomiy davlat”ni qollab-quvvatlagan, ammo guruhga bevosita aloqasi bo’lmagan. Gomoseksuallardan nafratlangan. Matinning sobiq turmush o’rtog’i uni zo’ravonlikka moyil bo’lganlikda aybladi. U "al-Qoida"ga aloqasi borligini ta’kidlagan va shu sababli Federal qidiruv byurosi tomonidan kamida ikki marta so’roq qilingan.

Matin, shuningdek, musulmon, ota va o’rta sinfga mansub afg’on immigrantining o’g’li. 10 yildan ko’proq vaqt davomida xavfsizlik firmasida ishlagan, qurolga egalik qilish uchun shtat ruxsatnomasiga ega bo’lgan.

Xo’sh, yuqorida keltirilgan omillarning qaysi biri uni yakshanba kechasi Orlandodagi besoqolbozlar tungi klubiga kirib, 49 odamni otib o’ldirishga undadi?

Hujumdan keyingi axborot oqimi

Poytaxt Vashingtondagi Jorj Vashington universiteti yaqinidagi bir idorada olimlar butun dunyodagi “Islomiy davlat” tarafdorlarining “Twitter” ijtimoiy tarmog’ida ingliz tilida qoldirgan yozishmalarini o’rganadi. Kiber va ichki xafsizlik markazi AQShda ekstremizmni o’rganayotgan ko’plab markazlardan biri.

“Hujumlardan keyin ma’lumot keskin ko’payadi”, - deydi tadqiqotchilardan biri Odri Aleksander. U hamkasblari bilan birga 1700 dan ziyod ingliz tilidagi “Twitter” sahifalarini kuzatib boradi. Ulardan 300 tasi AQShda.

“Ijtimoiy tarmoqlar “Islomiy davlat” faoliyatiga jiddiylik beradi. AQSh ichida tarafdorlarning ko’paygani to’da mafkurasi ko’plar uchun jozibali ekani dalilidir,” - deydi mutaxassis.

O’tgan yilgi “Amerikada “Islomiy davlat” nomli hisobotga ko’ra, 56 dan ziyod odam to’dani faol ravishda dastaklagani uchun hibsga olingan.

Nima sababdan terror guruhi bu odamlarni o’ziga tortishi aniq emas. Aytilgan 56 odam har xil. Ulardan 86 foizi - erkaklar, aksariyati - AQSh fuqarolari yoki “grin karta” egalari, yoshi 15 dan 47 gacha.

“Statistika jihatidan, aksariyati – mamlakat ichida radikallashgan. Kelib chiqishi ham turli-tuman. Immigrantlar farzandlari”, - deydi hisobot mualliflaridan biri Lorenzo Vidino.

Omadi chopmaganlar

“Ular ruhan zaif odamlar, hayotda o’z yo’lini topmaganlar, omadi chopmaganlar”, - deydi Vashingtondagi Zo’ravon ekstremizmni o’rganish markazi direktori Anna Spekxard. Mutaxassis dunyo bo’ylab yuzlab “Islomiy davlat” tarafdorlari bian suhbatlashgan. Zaifligidan tashqari ular terrorchilar mafkurasini o’rganish va hatto tarmoq bilan aloqa o’rnatish imkoniga ega bo’lgan, deydi u.

Aftidan, Umar Matin ham shunday “adashganlar”dan. Sobiq turmush o’rtog’i uning zo’ravonlikka moyil bo’lganini ta’kidladi va ruhiy kasal bo'lganini ham taxmin qildi. Hamkasbi esa uning ayollar va ayrim boshqa guruhlar vakillari haqida kamsituvchi fikr bildirganini tilga oldi.

Din asosiy omil emas

Spekxardning aytishicha, din, odatda, radikallashishga hissa qo’shsa-da, asosiy omil bo’lmaydi. Asosiy sabab – “Islomiy davlat” mafkurasining adashgan odam hayotini yangi mazmunga to’ldirayotgani.

AQShda 3,3 million musulmon yashaydi. Ulardan 24 foizi musulmon oilada tug'ilmagan, islomga keyin kirgan. Ammo “Islomiy davlat”ga aloqasi borligi gumoni bilan hibsga olinganlar orasida islomni qabul qilganlar 40 foiz.

“Ular islomiy ekstremizm mafkurasini o’rgana boshlaydi va islomni qabul qiladi. Chunki din ularning savollariga javob beradi, ehtiyojini qondiradi,” – deydi mutaxassis.

Buning misoli sifatida psixolog Spekxard Nasroniylar yakshanba maktabi o’qituvchisi haqida hikoya qiladi. AQShdagi kichik bir shaharchada yashagan o’qituvchi terrorchilar jurnalist Jeyms Folini qatl qilganidan keyin “Twitter”da “nima sababdan terrorchilar jurnalistni qatl qildi?”, deb so’raydi.

“Islomiy davlat” bunga “chunki bu - inqilob, inqilobda qon to’kiladi; biz dunyoni o’zgartirmoqdamiz”, deb javob beradi va o’qituvchidan “islom nasroniylikning davomi ekanini bilasanmi?” deya so’raydi. O’qituvchi fikrlari o'zgara boshlaydi.

“U yolg’iz ayol edi. To’satdan barcha odamalr internet orqali unga e’tibor bera boshladi, maktublar yo’llaydi, “Skype” orqali gaplashishni taklif qiladi. Ko'p o'tmay o’qituvchi islomni qabul qiladi, chunki u o’zini bu jamoa a’zosi deb his qila boshlaydi. U hayotiga mazmun izlagan edi,” - deya tushuntiradi Spekxard.

“Islomiy davlat” o’qtuvchi va uning ukasiga Suriyaga kelishni taklif qilganida, buvisi aralashadi va ularni to'xtatadi.

Buzilgan oilalar

Ba'zi oilalarda esa muhit shu qadar yomon bo’ladiki, yosh yigit yoki qiz undan qochib, terrorchilar tuzog’iga ilinadi.

AQShda, falastlinlik muhojirlar oilasida tug’ilgan Muhammad Xvays mart oyida Iroqda kurd qo'shinlari tomonidan qo’lga olindi. Uning “Islomiy davlat”ga qo'shilgani aytilmoqda.

Xvays ota-onasiga Yevropaga dam olishga ketayotganini aytgan. U London, so’ngra Amsterdamga borib, undan keyin Istanbulga uchgan.

O’tgan hafta u AQShga ekstraditsiya qilindi. Xvays “Islomiy davlat”ga moddiy yordam ko’rsatganlikda ayblanmoqda va 20 yilga qamalishi mumkin.

“Uning otasi ichkilikka berilgani haqida ma’lumot bor. Ota musulmon bo’la turib, aroqxo'r bo’lsa, bola buni qanday qabul qilganini tasavvur qiling”, - deydi Spekxard va bunday hollar ko’p uchrashini aytadi.

Bu misollar va olimlar to’plagan ma’lumot Amerika jamiyatida shakllanib ulgurgan bir tasavvurni yo’qqa chiqaradi – muammo negizida islom ekani haqidagi qarashlar.

Radikal islom mafkurasini faqat din nuqtai nazaridan o’rganish noto’g’ri, deydi tahlilchilar. Bu xulosa asosida esa yangi savol tug'iladi: AQSh radikalizmga qarshi kurashga qarshi kerakli resurslar ajratmoqdami va bu kurash qanchalik samara beryapti?

Tadqiqotchilarning bu boradagi fikrlari ham yakdil. AQSh ichida radikalizmning asos sabablarini topish va yo'q qilish borasida yetarli darajada chora ko'rilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG