Din

Qizlar madrasasi, Suriyada suratga olingan film

  • Amerika Ovozi

Madrasa asoschisi Xuda al-Habash (o'ngda) talabasi bilan. Filmdan lavha.

Madrasa asoschisi Xuda al-Habash (o'ngda) talabasi bilan. Filmdan lavha.

So’nggi yillarda musulmon o’lkalarda ayollar orasida diniy ilm olishga qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Qur’onni yod olish, tafsir va boshqa islomiy ilmlarda olima ayollar soni yanada ortgan. O’tgan yili amerikalik kinochilar Suriyadagi ayollar madrasasi haqida hujjatli film ishladi. Ayol kishi boshqaradigan mazkur ilm dargohida ayol va erkaklarning ilmda ham, hayotda ham teng huquqli ekani ta’lim beriladi.

Suriyalik voiz ayol Xuda al-Habash 1982-yil Damashqda qizlar uchun Qur’on maktabini tashkil etdi. Yaqinda uning 30 yillik faoliyati haqida “Ko’zlarida nur” nomli hujjatlli film suratga olindi.

Bu yerda qizlar Qur’on yodlaydi. Shuningdek, boshqa islomiy fanlardan ham saboq olishadi.

Amerikalik kinochilar Juliya Meltzer va Laura Niks Xuda al-Habash kabi musulmon ayollar qanday hayot kechirishi haqida film yaratishga qaror qildi.

“Xuda al-Habash ayollar ham masjidga borishi kerak, deb hisoblaydi. Xotin-qizlar jiddiy ta’lim olib, xohlagan joyida ishlashi mumkin, deydi u. Albatta, ba’zan urf-odatlar bunga yo’l qo’ymaydi. Bunday noto’g’ri qarashlarga, aynan, islom orqali chek qo’yish mumkin, deb hisoblaydi bu ayol”, - deydi kinematograf Laura Niks.

Al-Habashning aytishicha, islomda ilm olish ham ibodatdir. Ayollar uyda o’tirishi kerak degan qarashlar noto’g’ri, deydi u.

“Musulmonlarning o’zlari ayollarni hamma narsadan, hatto bilim olish, o’qitish va masjidga borish kabi huquqlardan mahrum qilib qo’ygan. Bu johillik, aslida dinda yo’q narsa”, - deydi Xuda al-Habash.

Al-Habash o’zini konservativ musulmon deb biladi. “Islomda buyurilgani uchun hijob o’rayman, uy yumushlari bilan ayol kishi shug’ullanishi kerak, ammo ular faqat bu bilan cheklanib qolmasligi kerak, ayollarning boshqa haq-huquqlari ham bor”, deydi u.

“Siz tanlash ixtiyoriga egasiz. O’ylashda, e’tiqod qilishda, hamma narsada erkinsiz. Ayollar o’quvchi ham, o’qituvchi ham bo’la oladi, qozilik ham qilishi mumkin. Din ayolning prezident bo’lishiga ruxsat beradimi? Albatta”, - deydi olima ayol.

Meltzer va Niks “Ko’zlarida nur” filmini 2011-yil Damashqda qo’zg’olon boshlanishidan bir oz avval suratga olgan. Hukumatdan ruxsat bo’lmagani uchun film yashirincha ishlandi.

“Xavf borligini sezmadik. Lekin har qanday paytda bizni to’xtatib so’roqqa tutishlari mumkinligini bilardik. Masjidiga olib kirgani uchun, ayniqsa, Xudaga oson emasdi. Xavf u uchun kattaroq edi”, - deydi Meltzer.

“Ko’zlarida nur” filmi AQSh telekanallarida namoyish etildi. Zo’ravonlik avj olgach, al-Habash va uning oilasi 2012-yil o’rtalarida Suriyani tark etdi. Tinchlik o’rnatilgach, u o’z maktabini yana qayta ochish ilinjida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG