Yevropa "Islomiy davlat" jangarilarining xorijda hujum uyushtirishidan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Yevropa davlatlari Iroq va Suriyada jang qilayotgan minglab xorijlik jangarilarning o’z vatanlariga qaytib terror hujumlarini amalga oshirishiga yo’l qo’ymaslik uchun chora ko’ra boshlagan. Ammo AQSh “Islomiy davlat”ni faqat uzoq masofadan turib nishonga olishda davom etar ekan, guruh safi kengayaveradi, deydi deydi ayrim kuzatuvchilar.

Yevropa rasmiylari yig’ilib, jangarilar solayotgan tahdid masalasini muhokama qilmoqchi. Iroq va Suriyadagi “Islomiy davlat” qarorgohlariga havo bombalari yog’ilayotgan bir paytda Yevropa pasportiga ega guruh a’zolarining o'z vatanlariga qaytib, xurujlarga qo’l urmasligini qanday kafolatlash mumkin?

“MOSECON” xavfsizlik firmasi rahbari Yan Piyer:

“Xorijlik jangarilarning o’z yurtlariga qaytib, urushda to’plagan tajribalari asosida hujumlarni amalga oshirishlaridan xavotir katta. Bu tashvishlarda jon bor”.

Piyerga ko’ra, Yevropaning kuchli xavfsizlik tizimlari jangarilarning ehtimoliy hujumlarini qaytara oladi, ammo ittifoqning xorijdagi fuqarolari va mol-mulki allaqachon terror guruhlari nishoniga aylanmoqda.

O’tgan hafta Jazoirdagi jangarilar Fransiya fuqarosining boshini tanasidan judo qildi. Ular buni rasmiy Parijning “Islomiy davlat”ga qarshi tuzilgan koalitsiyadagi ishtiroki uchun javob deya e’lon qildi.

AQSh Mudofaa vazirligidan admiral Jon Kirbining aytishicha, “Islomiy davlat” hujumlarini qaytarish tanlov emas, balki majburiyatdir.

“Bu jiddiy amaliyotda barcha ishtirok etishi kerak. U bir necha yil davom etishi mumkin. Aniq muddatni ayta olmayman. Ammo shunisi aniqki, bir necha kun, hafta yoki oy kifoya emas”, - deydi u.

Ayrim tahlilchilar qarshi hujumlar qancha uzoq davom etsa, “Islomiy davlat”ni yengish shuncha qiyin bo’lishidan ogohlantirmoqda. Beyrutdagi Amerika strategik tadqiqotlari markazi rahbari Kamol Vazniyning ta'kidlashicha, bu hatto guruhning yanada kuchayishiga imkon berishi mumkin.

“Bu bir necha yil vaqt oladi deb aytish oson. Bu vaqt orasida ko’proq terror tuzilmalari yakson qilinganini emas, balki guruh safiga yanada ko’proq jangarilar yollanganini ko’rasiz. Shuning uchun aniq vaqtni rejalash kerak”, - deydi u.

Vazniy harbiy amaliyotning zarur ekanini, ammo u guruhni yakson qilish uchun kifoya qilmasligini aytadi. Iroq va Suriyaning katta hududlarini egallab turgan o’n minglab jangarilarni havo zarbalari orqali mag’lub etishning imkoni yo’q, deydi tahlilchi.

“Terrorizmga qarshi kurashamiz, dedingizmi, so’zingizning ustidan chiqishingiz kerak. Bu kurashda barcha kuchlarni ishga solish kerak. Ham havo orqali, ham quruqlikdan hujum qilish kerak”, - deydi u.

Vazniyga ko’ra, agar G’arb piyoda askarlarini kiritishni istamasa, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda Suriya hukumati bilan hamkorlik qilish kerak. AQSh Prezidenti Barak Obama Suriya rahbari Bashar Assadni o’z xalqiga qarshi terror amaliyotlarini sodir etganlikda ayblab, muxolif mo’tadil guruhlarni qo’llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Suriyadagi fuqarolar urushi allaqachon butun mintaqa uchun tahdid manbaiga aylandi. “Islomiy davlat” Turkiya, Eron va Livan chegaralariga yaqinlashmoqda. Assad hukumati, garchi inson huquqlarini keskin toptagan bo’lsa ham, mamlakatda hozir tinchlik o’rnatishga qodir infratuzilma va institutlarga ega yagona kuchdir, deydi Vazniy.

“Ular Suriyadagi urushni to’xtatish hamda mintaqa xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun amaldagi hukumat bilan siyosiy murosaga kelish yagona chora ekanini tan olishni istashmayapti”, - deydi u.

Ammo Assad rejimi ostida ham xavfsizlikni uzoq saqlashning imkoni yo’q, deydi Vazniy. Chunki, deydi mutaxassis, ixtilofning asosida turgan qashshoqlik va ekstremist g’oyalarga qarshi samarali kurash olib borilmas ekan, mintaqa beqarorlik domida qolaveradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG