"Islomiy davlat" afg'on bolalarining ongini zaharlamoqda

  • Amerika Ovozi

Nangarhor viloyatida ushlangan jangarilar

Sharqiy viloyat Nangarhor rasmiylarining aytishicha, "Islomiy davlat" Afg'onistonning bu qismlarida bolalarni o'ziga og'dirish uchun targ'ibotni kuchaytirgan. Diniy darslar va to'garaklar ochib, yosh avlod miyasini zaharlamoqda, deydi mutasaddilar.

Viloyatning to'rt tumanida 25 yashirin madrasa tashkil etilgan. Bolalarga u yerda ekstremistik g'oyalar bilan birga o'zini jihod yo'lida qurbon qilish, jumladan portlatish sirlari ham o'rgatilgan.

Madrasalar aslida oldindan bu yerlarda bor, deydi Abdul Zohir Haqqoniy, Nangarhor viloyati diniy ishlar bo'yicha markaz rahbari, lekin keyingi paytlarda "Islomiy davlat" ularning ayrimlarini egallab olgan va o'zi xohlaganicha ishlatgan.

Bolalarning aksariyati jangarilarning farzandlari, lekin mahalliy o'quvchilar ham borligi ma'lum.

O'zini Izzatilla deb tanishtirgan afg'on "Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, bu madrasalar hech qachon bolalarga bilim ulashmagan deya noliydi.

“Ular bir paytlar davlat nazoratida edi, endi mana terroristlarniki... Kalashnikov va boshqa turdagi qurollarni qanday qo'llashni o'rgatadi".

Viloyat hokimiyati terroristlarni yo'q qilamiz deya va'da bermoqda. “Islomiy davlat" va uning tarafdorlari yer tishlaydi, deydi Oyatulla Xogyaniy, Nangarhor rasmiysi.

Afg'oniston, Pokiston va Eron, "Islomiy davlat" ta'biricha, uning Xuroson qismidir. Bu yerdagi jangarilar Suriyadagi liderlardan buyruq oladi.

"Islomiy davlat" ga qarshi afg'on armiyasi, toliblar va AQSh havo kuchlari kurash olib bormoqda.

Shuncha amaliyot, terrorizmga qarshi targ'ibot va choralarga qaramay terroristlar hamon Afg'onistonning diniy dargohlariga bostirib kirib, ularni o'z propaganda o'choqlariga aylantirayotgani, bolalarni o'z xalqiga qarshi urushga tayyorlayotgani fojia, deydi jamoatchilik vakillari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG