"Islomiy davlat" guruhi hali-beri yengiladigan emas

  • Amerika Ovozi

Iroq va Suriyada “Islomiy davlat” ekstremistlar to’dasi bosib olgan hududlar bir yildan beri bombardimon qilinmoqda. Guruh zaiflashgan, deydi ayrimlar. Terrorizm masalalari bo’yicha mutaxassislar esa Fransiya va boshqa davlatlarda uyushtirilgan hujumlarga e’tibor qaratadi.

G’arb Parijdagi terror hujumlaridan hali o’ziga kelgani yo’q. Motam ketidan yana qo’rquv paydo bo’lgan, xavfsizlik kuchaytirilmoqda.

Yangi voqelik shu, deydi razvedka bo’yicha ekspertlar.

"Kurash hali uzoq davom etadi. “Islomiy davlat”ning markazlari, xalifalik yo’q qilinsa ham a’zolari g’oyib bo’lmaydi”, - deydi Jeyms Vulsi, AQSh Markaziy razvedka agentligi sobiq direktori.

Daish nomi bilan ham ataluvchi ekstremistlar Fransiyada hamda Rossiya samolyotiga hujumlari bilan kuchli va moslashuvchan ekanini ko’rsatmoqchi. Ammo Iroqda guruhga qarshi yutuqlar bor.

Masalan, deydi polkovnik Stiv Vorren, “Islomiy davlat” nazorat qiladigan hududlarda, chegara punktlarida qo’riqchilari avvalgidek ko’p emas.

Fransiya va Belgiya ketidan AQSh ham katta shaharlarida xavfsizlikni kuchaytirdi. Biror tahdid haqida hozircha ma’lumot yo’q.

“Islomiy davlat”ning ham strategik, ham opportunistik tabiati qo’rquv uyg’otadi, deydi Kanada razvedkasida ishlagan Mubin Shayx.

“Islomiy davlat”ning boshidan rejasi shu edi: odamlarni treningdan o’tkazib, mamlakatlariga jo’natib, ular orqali hujumlar uyushtirish. Bu strategiyasi o’zgargani yo’q”, - deydi u.

Ekspertlar deydiki, “Islomiy davlat” o’zgarib bormoqda. Ikki davlat territoriyasida xalifalik barpo etib, shariatni joriy etgan guruh olis o’lkalarga ham qo’li yetishini isbotladi. Dunyodagi eng vahshiy jihodchi tashkilot hali-beri yengiladigan emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG