"Islomiy davlat" - AQSh uchun asosiy boshog'riq

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” terror guruhini yo’q qilish bir yildan ko’proq vaqt oladi, deydi AQSh rasmiylari.

Ularga ko'ra, Vashington yetakchiligidagi havo hujumlari samara bermoqda, 2015-yil mayidan beri Iroq va Suriyada jangarilardan katta hududlar tortib olindi.

Ayrim mutaxassislar fikricha, terrorchilarga qarshi harbiy kuch ishlatish ularni hududlardan ayirayotgan bo'lsa-da, guruhni butunlay yo'q qilish uchun an’anaviy taktika yetarli emas.

“Tashqi operatsiyalar bilan shug’ullanayotgan odamlar soni ko’paymoqda”, - deydi “Amerika Ovozi”ga ismini oshkor etmaslik sharti bilan intervyu bergan AQSh rasmiysi.

Unga ko'ra, G’arb davlatlarida radikal shaxslarni xurujlarga ilhomlantirish o’rniga guruh hujumlarni o’zi rejalab, tashkil etish taktikasiga o’tmoqda.

Shu sabab ayniqsa guruhning xorijdagi xurujlarini rejalashga mas'ul a'zolari Iroq va Suriyada AQSh va koalitsiya kuchlari tomonidan nishonga olinmoqda.

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligiga ko’ra, dekabr oyida “Islomiy davlat”ning 10 rahbaridan besh nafari o’ldirildi. Ularning ikkisi - Abdul Qodir Hakim va Sharof al-Muadanning Parijdagi xurujlarga aloqasi bo’lgan.

Taktikadagi o’zgarish qachon yuz berganini aytish qiyin. Ayrim mutaxassislar “Islomiy davlat” kuchaygan sari faoliyat doirasini ham kengaytirishga qaror qilgan, desa, boshqalar, aksincha, hududlarni qo'ldan boy bera boshlagach terrorchilar G'arbda xurujlar uyushtirishga kirishdi, degan xulosaga keldi, deydi.

“Ularga qarshi amalga oshirilayotgan zarbalarning samara berayotganiga shubha yo’q”, - deydi Vashingtondagi Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasida terrorizm bo’yicha mutaxassis David Gartensteyn-Ross.

Biroq boshqa ekspertlar guruh qiyinchiliklarga osonlikcha moslashayotganini va turli vaziyatlarda omon qolishi mumkinligini aytadi.

“Islomiy davlat” Osama bin Laden rahbarligi paytidagi al-Qoida taqdiridan saboq olishga harakat qilmoqda", deydi ular.

Mutaxassislar va rasmiylar bir masalada yakdil: “Islomiy davlat”ga qarshi kurash xalifalik g’oyasiga qarshi kurashni anglatadi. Dunyo musulmonlari orasida xalifalik barpo etish g'oyasini qo’llab-quvvatlayotganlar kam emas. “Islomiy davlat” nomli guruh yo’q qilinganidan keyin xalifalik g’oyasi qoladimi yoki musulmonlar unga ishonmay qo’yadimi, hamma gap shunda", deydi ekspertlar.

"Ularni bir-biridan ajratish qiyin. Hozirda nafaqat guruhga qarshi, balki g’oyaga qarshi kurash ham ketmoqda. Odamlar radikal islomni rad etishi kerak”, - deydi ismini oshkor etmaslikni so’ragan AQSh rasmiysi.

Polkovnik Stiv Uorren fikricha, “Islomiy davlat” albatta yo’q qilinadi.

"Mafkuraga kelsak, uning ustidan g’alaba qozonish uchun Iroqda siyosiy barqarorlik o’rnatilishi, Suriyada esa fuqarolar urushi tugashi kerak", - deydi harbiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG