"Islomiy davlat" xakeri havo hujumida o'lgan

  • Amerika Ovozi

Kurdlarning peshmerga qurolli kuchlari

Kurdlarning peshmerga qurolli kuchlari

AQSh harbiylari ma'lumotiga ko'ra, "Islomiy davlat" guruhining internetdagi faoliyatini boshqargan shaxslardan biri, asli britanyalik Junaid Husayn 24-avgust kuni havo hujumida halok bo'lgan.

Jihodchi guruh uchun bu qattiq zarba bo'ladi, deydi polkovnik Patrik Rayder.

Britaniyada o'sib-ulg'aygan Junaid Husayn yoshligida xakerlar guruhining a'zosi bo'lgani ma'lum. U 2013-yilda Suriyaga jo'nab ketgan va ijtimoiy tarmoqlarda "Islomiy davlat"ga yangi a'zolarni yollashda faol bo'lgan.

O'tgan yili "Islomiy davlat" taxminan 1300 amerikalik askarning ism-sharifi va turar joyini internetda chop etib, tarafdorlarini ularni o'ldirishga undagan edi. Bu ma'lumotlarni qo'lga kiritish uchun aynan Husayn javobgar edi, deydi rasmiylar.

"Islomiy davlat"ga qarshi kurashda yutuqlar

Kurd jangchilari Iroq shimolidagi bir qancha qishloqlarni "Islomiy davlat" nazoratidan ozod etgan. 200 kvadrat kilometr maydondan jangarilar haydab chiqarildi, deya bildiradi Pentagon.

Kurdlarning peshmerga deya atalmish qurolli kuchlariga xalqaro koalitsiya samolyotlari havodan ko'maklashgan.

Harbiy operatsiya o'tgan yildan beri davom etmoqda. Pentagon chiqargan videoda kurd jangchilariga yordam va "Islomiy davlat"ga qarshi esa hujumlar davom etishi aytiladi.

Turkiya koalitsiyaga qo'shildi

Turkiya samolyotlari xalqaro koalitsiya tarkibida ilk bor "Islomiy davlat"ga qarshi havo hujumlarida qatnasha boshladi. Turkiya xavfsizligi uchun tahdid deb ko'rilgan bu guruhning Suriyadagi manzillarini nishonga olayapmiz, deya bildirdi Tashqi ishlar vazirligi.

Bu orada, AQShning Virjiniya shtatida bir o'smir "Islomiy davlat"ga moliyaviy va boshqa turdagi ko'mak yuborishga uringanlikda aybdor deb topildi. 17 yashar Ali Shukri Amin 11 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG