“Islomiy davlat” to'dasi tarixiy buyumlarni pullayapti

  • Amerika Ovozi

Ekspertlarga ko’ra, “Islomiy davlat” to’dasi Iroq va Suriyada qo’lga kiritgan san’at asarlarini katta miqdorda sotib, pul qilmoqda. Millionlab aholi yashovchi hududlarni boshqarayotgan guruh uchun bu - biznes. Antiqa buyumlar dunyo bo’ylab bozorlarda paydo bo’lmoqda.

2015-yilning mayida “Islomiy davlat” Suriyaning ko’hna Palmira shahrini bosib olgan edi. Grek, Rim va Fors imperiyalari davridan qolgan xarobalar, YUNESKO ro’yxatiga kiritilgan obidalar bor u yerda.

Bebaho meros yakson bo’ladi, degan qo’rquv bor edi.

Suriya armiyasi o’tgan oy Palmirani qayta qo’lga olganida haqiqatan bir necha yodgorliklar yo’q qilingani ayon bo’ldi. Jihodchilar qadimiy qabrlarni talon-taroj qilgan, ammo aksar imoratlarga ziyon yetmagan.

Ekstremist guruh madaniy merosni yo’q qilishi uning mafkurasiga, tarixni qanday talqin qilishiga bog’liq, deydi Jons Xopkins universitetidan professor Daniel Server.

“Haqiqiy islomni tiklayapmiz, deb aytishadi. Ularning Muhammad payg’ambardan oldingi tarix bilan ham, undan keyingi davr bilan ham ishi yo’q, - deydi professor.

“Islomiy davlat” Palmirani egallashiga faqatgina din sababchi emas, deydi noyob buyumlar savdosini kuzatuvchi tashkilot rahbari Debra Ler.

“Ular qirg’indan foyda ko’rishini tushunadi. Mahalliy aholini qo’rqitish birinchi maqsad. So’ngra boylikni o’marib, mo’may daromad qilsa bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.

Ko’hna yodgorliklarni vayron qilishni guruh, shuningdek, global propaganda uchun qo’llaydi. Iroqning Musul shahridagi muzey buzib tashlangani dunyo ahlini, arxeolog olimlarni larzaga solgan edi.

“Ular haykallarga bolta urilgan videoni YouTube tarmog’iga joylashtirib, o’ziga e’tibor qaratdi”, - deydi Debra Ler.

Masalaning moliyaviy jihati ham bor. “Islomiy davlat” tarixiy buyumlarni topish va pullash uchun alohida vazirlik tuzgan.

“Odamlarni xazina qidirishga, qazishga undashadi. Afsuslanarli jihati shundaki, bu ish arxeologlarga emas, oddiy odamlarga topshirilgan. Bu jarayonda tarixiy ahamiyatga ega joylar vayron bo’layapti”, - deydi Ler.

Xalqaro qonunlarda madaniy merosni barbod qilish urush jinoyati deb belgilangan. “Islomiy davlat” a’zolari bir kun kelib, sudga tortiladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG