Breaking News
Din

"Islomiy davlat" yengilayaptimi?


Liviyada "Islomiy davlat" to'dasidan qolgan minalar
Liviyada "Islomiy davlat" to'dasidan qolgan minalar

"Islomiy davlat" to'dasi Iroq va Suriyada katta hududlarni boy bermoqda. Biroq xalifalik kichraygani sari guruh asosiy e'tiborni o'z mafkurasini yoyishga qaratmoqda.

Xo'sh, to'da frontda mag'lub bo'lgani bilan kuch-qudratini saqlab qoluvchi mustahkam harakatni shakllantira oldimi?

Murakkab masala.

"Islomiy davlat" to'dasi hudud va moliyasini yo'qotmoqda

Konfliktlarni monitoring qiluvchi IHS guruhining oxirgi izlanishiga ko'ra, "Islomiy davlat" joriy yilning birinchi yarmida o'z nazoratidagi hududlarning 12 foizini boy berdi. Hozir jangarilar 70 ming kilometr kvadrat keladigan hududni nazorat qiladi.

Guruhning puli ham kamaygan. Yil boshida AQSh Kongressi o'tkazgan tahlilga qaraganda, terrorchilar bir jangchiga oyiga 400-1200 dollar, ularning rafiqasiga 50 dollar, farzandiga 25 dollar to'lagan.

Senator Bob Keysining sentabrda Tashqi aloqalar kengashida so'zlashicha, jangarilar oxirgi oylarda maoshlarni keskin qisqartirishga majbur bo'lgan. Bundan tashqari, neftni qayta ishlash obyektlarini ham qo'ldan chiqardi ular, deydi senator.

Taxminlarga ko'ra, 2015-yilda "Islomiy davlat" qo'lidagi mulk 2 milliard dollarga teng bo'lib, tarixdagi eng badavlat terrorchi guruhga aylangan. Ammo koalitsiya to'daning neft va gaz manbalarini havodan o'qqa tutar ekan, jangarilarning daromadi kamida 30 foizga qisqardi.

Jangarilar tarafdorlari ko'paymoqda

Hudud va moliyasidan ayrilsa-da, "Islomiy davlat" xorijda mafkurasi yaqin insonlarni ruhlantirmoqda. Misrda Ansar Bayt al-Maqdis, Filippinda Abu Sayyaf, Liviya va Tunisda Ansar al-Sharia, Nigeriyada Boko Haram, Rossiyada Kavkaz amirligi, O'zbekiston Islomiy Harakati kabilarni o'ziga og'dirmoqda.

AQShda Aksil-terror markazi hisobicha, jangarilar bugun 18 mamlakatda hamkor topgan. Sherik topishdan tashqari, to'da alohida shaxslarni yollab, Parij, Bryussel, Nissa, Orlando va San-Bernardinodagi kabi alohida hujumlar sodir etishga muvaffaq bo'layapti.

"Islomiy davlat" mag'lub bo'layaptimi yoki g'alab qilayaptimi?

Ekspert Duglas Ollivant nazarida jangarilar shu yil oxirigacha barcha hududlaridan ayriladi. "New America" fondidan Piter Bergen bu fikrga qo'shiladi. Har ikkisi Makkeyn Liderlik xalqaro institutida so'zladi. Ularning aytishicha, hududlar qo'ldan ketsa, urush ham boy beriladi.

"Islomiy davlat" geografik bir tuzilma. Shu bois ham shuncha ajnabiy jangchilarni jalb qila oldi, - deydi Bergen.

Ollivant ham terrorchilar tobora ko'proq G'arbda hujumlar sodir etayotgani to'daning kuchdan qolayotganini anglatadi, deydi. Faqat suiqasd xurujlari va alohida hujumlarni kuzatayapmiz. Bu kuchdan emas, zaiflikdan darak, deydi Ollivant.

Yanglish fikr?

Jahon siyosati institutidan Sebastyan Gorka bu fikrga qo'shilmaydi. "Islomiy davlat"ni eski usullar bilan tahlil qilish to'g'ri emas. Nihoyatda murakkab, dunyoga tarqalgan bir to'da bu, o'z samarasini ideologiya, mafkurasi bilan o'lchaydi bu guruh, hudud bilan emas, deydi u.

Gorkaning aytishicha, "Islomiy davlat"ning moliyaviy salohiyatini esdan chiqarmaslik kerak. "11-sentabr hujumini amalga oshirish uchun terrorchilar 500 ming sarflagan. "Islomiy davlat" olti soatda shuncha pul qiladi", - deydi u.

Sobiq mudofaa vaziri muovini Mari Bet Longning so'zlariga ko'ra, terrorchi tuzilma bugun internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali odam yollayapti va kuchini saqlab qolmoqda.

"Mafkuraviy bir guruh bu. Front ular uchun xalifalikka qaytishning bir usuli xolos. Ularning mafkurasi yashar ekan, to'dani yengildi deya olmaymiz", - deydi u.

"Amerikaning o'zida 110 fuqaro "Islomiy davlat"ga qo'shilishga intilgani uchun hibsga olingan. Shulardan 60 foizi 15-25 yoshlar orasida bo'lib, jangarilarga internetda ergashgan", - deydi u.

Long nazarida Amerika jangarilarga qarshi mafkuraviy kurash usulini ishlab chiqishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG