Xalqaro koalitsiya jihodchilarga qarshi kurashni muhokama qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama (markazda), AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi (o'ngda) va AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel

Prezident Barak Obama (markazda), AQSh Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi (o'ngda) va AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel

AQSh Prezidenti Barak Obama bugun Amerika harbiy qo'mondonlari va "Islomiy davlat"ga qarshi tuzilgan xalqaro koalitsiyaga a'zo mamlakatlar mudofaa vazirlari bilan jihodchilarga qarshi harbiy harakatlar qanday ketayotganini muhokama qilmoqda.

Majlisda amaliyot paytida duch kelinayotgan qiyinchiliklar va ularni yengish uchun choralar xususida gap ketmoqda. 22 mamlakat, jumladan Turkiya vakillari ham tadbirda qatnashmoqda.

Anqara AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga mamlakat janubida joylashgan Injirlik harbiy-havo bazasidan foydalanishga ruxsat berilgani haqidagi xabarlarni inkor etgan.

Amerika rasmiylariga ko'ra esa masala bo'yicha muloqot davom etmoqda. Baza Suriya chegarasidan 100 kilometr narida joylashgan.

Ayni damda chegaraga yaqin Kobani shahrida mahalliy kurdlar va jihodchilar o'rtasida shiddatli janglar kechmoqda.

AQSh va Saudiya Arabistoni samolyotlari kurdlarga havodan madad bergan, biroq "Islomiy davlat" jangarilari shaharni uch tomondan o'rab olgan.

Kurdlar Kobanining uchdan bir qismini nazorat etmoqda xolos. Turkiyaga yetaklovchi korridor hali ham ochiq.

Turkiya matbuotiga ko'ra, mamlakat harbiy-havo kuchlari Hakkari viloyatida kurd jangarilarini nishonga olgan. Bu Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tinchlik muzokaralari ikki yil oldin boshlanganidan beri guruhga qarshi ilk amaliyot.

Ayrim xabarlarda aytilishicha, Turkiya kurdlarning harbiy postga hujumiga javob bergan.

Kurd faollari Anqaradan Suriyada jihodchilarga qarshi harakatga tushishni talab qilib, bir necha kun qator shaharlarda namoyish qilgan.

Kurdiston ishchilar partiyasi o'tgan oy barcha kurdlarga murojaat qilib, ularni Kobaniga hujum qilgan jihodchilarga qarshi qo'lga qurol olishga da'vat etgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG