"Islomiy davlat" xalifalik e'lon qilganiga bir yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” guruhi yetakchisi Abu Bakr al-Bag’dodiy Iroqdan Shomgacha cho’zilgan ulkan hududda xalifalik e’lon qilganiga 29-iyun kuni bir yil to’ldi.

Shundan beri jangarilar o’z safiga dunyo bo’ylab ko'plab musulmonlarni qo’shishga muvaffaq bo'ldi. Terror guruhi ko’plab asirlarning boshini kesdi. Xudkushlik hujumlari natijasida behisob tinch aholi vakillari, Iroq va Suriya xavfsizlik kuchlari askarlari halok bo'ldi. Shuningdek, guruh xorijda amalga oshirilgan ko’plab xurujlar ham uning ishi ekanini tan oldi.

Suriyadagi fuqarolar urushi va Iroqdagi siyosiy boshboshdoqlik jangarilar uchun Iroq va Suriyadagi yirik shaharlarni o’z nazoratiga olish imkonini berdi.

Ularning Suriyaga kirib kelishi 4 yillik fuqarolar urushidan vayronaga aylangan mamlakatda vaziyatni yanada izdan chiqardi. Hukumatga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlar o’rtasida bo’linish kuchayishiga, bir-biriga qarshi kurashayotgan tomonlar sonining oshishiga sabab bo’ldi. Bu orada 200 mingdan ziyod odam halok bo’ldi, millionlab odam o’z uyini tashlab qochdi.

Iroqda ham zo’ravonliklar avj oldi. O’tgan yili maydan iyun oyigacha Iroq xavfsizlik kuchlaridagi qurbonlar soni 350 foizga oshdi. AQSh kuchlari Iroqni tark etgandan beri 2014-yil mamlakat uchun eng qonlisi bo’ldi. Bu yil esa ahvol o’tgan yilgidan ham yomonroq bo’lishi kutilyapti.

Jangarilarga qarshi AQSh boshchiligida xalqaro koalitsiya tuzildi. O’tgan yilning avgust oyidan Amerika va uning hamkorlari qiruvchi samolyotlardan “Islomiy davlat” manzillarini bombardimon qilishni boshladi. Oradan bir oy o’tib, ayni amaliyot Suriyaga ham ko’chdi.

Pentagon ma’lumotiga ko’ra, o’tgan 10 oy ichida 4800 ta havo hujumi amalga oshirildi, ko’plab hududlar jangarilardan tortib olindi.

Ammo natija kutilgandek emas. Iroq armiyasi shimoliy va g’arbiy shaharlarda muvaffaqiyat qozonishi qiyin kechmoqda. Anbar viloyatini qaytarib olish kabi amaliyotlarda harbiylar shia jangchilari va kurdlar yordamiga tayanishga majbur bo’lmoqda. Hozircha AQSh Prezidenti Barak Obama hududga piyoda qo’shinlarini kiritmay kelmoqda. Buning o’rniga Amerika Iroqqa ko’proq harbiy maslahatchi va qurollar jo’natmoqda.

“Islomiy davlat” shia musulmonlarini dindan qaytgan murtadlar deb hisoblab, shuningdek, Misrda qibtiy nasorolarni, Suriyada druzlarni, Iroqda esa yazidiylarni qatl etdi. Tunis, Misr, Yaman va Saudiya Arabistonida ro’y bergan xurujlarni ham guruh amalga oshirgani da’vo qilinmoqda.

Qolaversa, Iroq va Suriyadagi ko’ha tarixiy obidalar, qimmatbaho madaniy yodgorliklar vayron qilindi, ko’hna shaharlar shirk koni deya yer bilan tekislandi.

Xalqaro hamjamiyat jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlardan tashqari, guruhning moliyaviy manbalarini kesish, uning safiga xorijliklarning kelib qo’shilishiga yo’l qo’ymaslik kabi choralarni ham amalga oshirmoqda. Ammo bu tadbirlar to’la samara berayotgani yo’q. “Islomiy davlat” hanuz katta hududlarga egalik qilmoqda va uni butunlay yakson qilish haqida hech kim aniq bir muddatni bashorat qila olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG