"Islomiy davlat" Pokiston matbuotini nishonga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokistonda jurnalistlar Karachida kasbdoshlarining o'ldirilishini qoralab ko'chalarga chiqdi. 9-sentabr 2015-yil

Pokistonda jurnalistlar Karachida kasbdoshlarining o'ldirilishini qoralab ko'chalarga chiqdi. 9-sentabr 2015-yil

So'nggi haftalarda Pokistonning bir necha shahrida ommaviy axborot vositalariga hujumlar uyushtirildi. Voqea joylarida "Islomiy davlat" varaqalari topilgan.

Eng so’nggisi o'tgan hafta boshida Lohur shahrida yuz berdi. U yerdagi televideniye binosiga motosikl mingan hujumchilar qo’l granatasi tashlagan. To’rt odam nobud bo’lgan.

O’tgan oyda yana bir televideniye – "Dunyo Nyus" kanalining uch xodimi xuruj natijasida jarohatlangan edi. Voqea joyida topilgan varaqalarda xuruj “Islomiy davlat”ning Xorasondagi shahobchasi tomonidan uyushtirilgani aytiladi.

O’tgan hafta Karachida “Don Nyus” agentligining avtomobiliga hujum qilinganida bir jurnalist tan jarohatlari oldi.

Pokiston rasmiylari “Islomiy davlat” tahdidi katta emas, deb keladi. Ammo matbuotga qarshi so’nggi voqealardan keyin jangari guruh bu mamlakatda faollashayotgani ayon bo'ldi.

Pokiston jurnalistlar uchun eng xavfli o’lkalardan biri. Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2010-yildan buyon bu yerda qariyb 30 muxbir o’ldirilgan.

Chorshanba kuni Panjob va Sind viloyatlarida jurnalistlar xurujlarga qarshi norozilik namoyishi uyushtirdi.

“Varaqalardan aniq bo’lishicha, biz “Islomiy davlat” nishonimiz”, - dedi DIN TV televideniyesining rasmiysi.

“Lohur, Karachi, janubiy Panjob va boshqa shaharlarda “Islomiy davlat” jangarilari devorlarda qoldirgan yozuvlar topilgan”, - deydi Pokiston Jurnalistlar federal ittifoqi Bosh kotibi Amin Yusuf.

Peshavor universiteti professori, siyosatshunos Norin Nosir hukumat “Islomiy davlat”dan ogoh bo’lishi kerak, degan fikrda.

“Bu guruh mintaqada faol va biz uchun jiddiy tahdid. Pokiston hukumati masalaga e’tiborsiz bo’lmasligi kerak”, - deydi u.

“Islomiy davlat” ancha faol qo’shni Afg’onistonda jihodchilar Tolo TV va 1TV televizion kanallari jurnalistlariga do’q-po’pisalar qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG