Kreml Kavkaz yoshlarini "Islomiy davlat" tomon haydayaptimi?

  • Amerika Ovozi

Maxachkaladagi masjidda juma namozi, 13-noyabr 2015-yil.

Maxachkaladagi masjidda juma namozi, 13-noyabr 2015-yil.

Nodir Abu Holid sifatida tanilgan Nodir Medetov o’tgan yili “Islomiy davlat” guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag’dodiyga qasamyod keltirayotgani tasvirlangan video tarqalganida Dog’istonda uy qamog’ida bo’lishi kerak edi.

32 yoshli Medetov islomning salafiy oqimiga mansub, Dog'iston poytaxti Maxachkaladagi masjidda imom bo'lgan, Shimoliy Kavkazda minglab tarafdorlari bor. U “Islomiy davlat”ga qo’shilganidan keyin jangarilar saflari ancha kengaydi, deydi Rossiya razvedka xizmati rasmiylari.

Rossiyaning FSB federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikovning aytishicha, Suriyada “Islomiy davlat” va boshqa jihodchi guruhlar saflarida kamida 3000 rossiyalik fuqaro bor.

Mustaqil tahlilchilar esa aslida bu raqam ancha katta, deydi.

Rossiyaning Milliy iqtisod va davlat boshqaruvi prezident akademiyasining bosh tadqiqotchisi Denis Sokolov jihodchilarga qo’shilgan rossiyaliklar soni 7 mingdan 10 minggacha, deydi.

Dog’iston va “Islomiy davlat”

Rossiya Fanlar akademiyasidan Ahmet Yarlikapov so'zlariga ko’ra, Dog’istondan kamida 5000 odam “Islomiy davlat” safiga qo’shilgan.

Gruziya va Ozarbayjon bilan chegaradosh Dog’iston Shimoliy Kavkazdagi eng katta respublika, aholisi ­– asosan musulmonlar. Asrlar davomida Rossiya mustamlakachiligiga qarshi kurashib kelgan.

So’nggi 20 yilda salafiylikni qabul qilgan dog’istonliklar ko’paydi. Chechenistondagi ikkinchi urush 2000-yilda tugaganidan keyin butun Kavkazda faoliyat yuritgan jihodchi guruh aynan Dog’istonda Kavkaz Amirligi tuzilganini e’lon qildi.

Kavkaz Amirligi Rossiyada 1990-2000 - yillarda amalga oshirilgan yuzlab terror xurujlari uchun mas’uliyatni bo’yniga olgan. Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” vujudga kelgach, Kavkaz Amirligidagi jihodchilarning aksariyati Yaqin Sharqqa yo’l oldi.

“Islomiy davlat” propaganda videosida Shimoliy Kavkaz aholisiga murojaat qilinadi. “Masjidlarni tark eting, odamlar orasida tarqaling, dushman kutmaganida zarba bering, xuddi birodarlarimiz Parijda qilganidek”, - deyiladi rus tilidagi videoda.​

Kremlning tahdidga javobi

Rossiya Aksil-terror qo’mitasi “Islomiy davlat” tahdidi jiddiy deydi. Shu sababdan Rossiyada qonun o’zgartirildi, xorijiy o’lkalardagi qurolli mojarolarda qatnashish va Rossiya davlat manfaatlariga qarshi chiqish bundan buyon jiddiy jinoyat deya talqin qilinadi.

Ammo sobiq jangarilar vataniga qaytganida ularni aniqlash qiyin, deydi ekspertlar. Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha xodimi Varvara Parxomenko “qolganlari vatanga qaytmaydi. “Islomiy davlat” saflariga qo’shilganlar orasida halok bo’layotganlar juda ko'p”, - deydi. O’nlab odamlar qaytishga urindi va qo’lga tushib, qamaldi, deydi u.

AQSh maxsus kuchlar zobiti, Yevrosiyo bo’yicha mutaxassis, “Checheniston va Shimoliy Kavkazdagi isyon” nomli kitob muallifi Robert Shefer fikricha, FSB Yaqin Sharqda qaysi rossiyalik fuqarolar jang qilayotgani, ular oila a’zolari kimligini yaxshi biladi.

“Gap shundaki, Rossiya hukumati xorijga jang qilishga ketayotgan fuqaroga to’siq qo’ymaydi, ammo qaytishiga imkon bermaydi”, - deydi u.

Kremlning Shimoliy Kavkazga nisbatan siyosati harbiy kuchga asoslangan. Mutaxassislar fikricha, kavkazliklarning radikallashishiga ham aynan shu sabab bo’lmoqda.

“Rossiyaning Shimoliy Kavkazdagi siyosati aslida shafqatsiz repressiya”, - deydi Bo’hronlarni o’rganish xalqaro guruhining Yevropa va Markaziy Osiyo loyihasi rahbari Yekaterina Sokirianskaya. Tashkilot hisobotiga ko’ra, Rossiya huquq-tartibot organlari odamlarni o’g’irlash, sudsiz qatl etish, hibsda qiynoqqa solish kabi noqonuniy uslublarni keng qo’llaydi.

Esktremistlar ro’yxati

Shimoliy Kavkazda mahalliy politsiya radikal qarashlarda gumon qilinayotgan fuqarolar haqida ma’lumot to’plab keladi va “ekstremistlar ro’yxatlari”ni tuzgan. Mahalliy aholi orasida “vaxuchyot”, ya’ni vahobiylar uchyoti (hisobi) nomi ostida tanilgan bu ro’yxatlar FSBga uzatiladi.

Hozir bunday ro’yxatda 15 ming dog’istonlik bor. Moskvalik jurnalist Maksim Shevchenkoning so’zlariga ko’ra, butun Shimoliy Kavkaz bo’ylab bundaylar soni 100 mingdan oshgan.

“Vaxuchyotda turishimni bilmagandim. Keyin bir kuni chegarada politsiya mashinamni to’xtatdi va meni hibsga oldi, - deydi 23 yoshli dog’istonlik yigit. – Son’gra u menga “soqoling bor, vahobiylar masjidiga qatnaysan”, deb hibsga olinishim sababini tushuntirdi”.

Uy qamog’i vaqtida Suriyada

Nodir Medetov esa 2014-yil oktabrida Maxachkaladagi o’zi imom bo’lib ishlaydigan masjid oldida hibsga olindi. O’qotar qurolga egalik aybi bilan u uy qamog’iga joylashtirildi.

Bunday hodisadan norozi salafiylar ko’chalarga chiqdi. Maxachkala politsiyasi ularga qarshi choralar ko’rdi, masjidni yopib qo’ydi. Ikki oy o’tgach sud hukmi bilan Medetov uchun belgilangan uy qamog'i muddati uzaytirildi va uni politsiya tinimsiz kuzatadigan bo’ldi.

To’rt oydan so’ng, ya'ni 2015-yil mayida Medetov Suriyada edi.

Ayrim ekspertlar Medetov politsiya uni yaxshi qo’riqlay olmagani sababli qochganiga ishonmaydi. Aksincha, Kremlning ekstremistlarni mamlakatdan chiqarib yuborish buyrug’iga binoan u uy qamog’idan qochirilgan, deb hisoblaydi.

Tahlilchi Denis Sokolov fikricha, Rossiya rasmiylari “nafaqat ekstremistlarning mamlakatdan chiqib ketishida yordamlashmoqda, balki turli korrupsion sxemalar orqali bundan katta moliyaviy foyda ham ko’rmoqda”.

Rossiya prezidenti qoshidagi Diniy uyushmalar hamkorligi kengashi a’zosi Aleksander Ignatenko bunday iddaolarni “bo’hton va tuhmat” deb atadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG