"Islomiy davlat" internetda yosh musulmonlarni ovlamoqda

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangari guruhiga tegishli "Twitter" sahifasidan tasvir

"Islomiy davlat" jangari guruhiga tegishli "Twitter" sahifasidan tasvir

Yosh musulmonlar internet orqali “Islomiy davlat” guruhi jangarilari bilan muloqot qilar ekan, radikallashmoqda, deydi terrorizm bo‘yicha ekspertlar. Ularga ko’ra, hukumatlar va internet provayderlari ijtimoiy tarmoqlardagi ekstremist mafkura targ’ibotiga qarshi yetarli chora ko’rmayapti.

O’tgan oy Istanbuldagi sovuq bir tunda kuzatish kameralari uch nafar britaniyalik qizni tasvirga tushirdi. Yoshi 15-16 larda bo’lgan bu o’quvchilar avtobus bekatida turardi. Ular “Islomiy davlat” jihodchi guruhiga qo’shilish niyatida Turkiyaga kelgan. 18 soat avtobusda yurib, uchovlon Suriyaga yetib borgani taxmin qilinmoqda.

Xo’sh, bu a’lochi qizlarni ota-onasi va uyini tashlab, urush zonasiga borishga hamda jihodchilarga qo’shilishga nima undadi? Britaniyaning aksil-terror amaliyotlar bo’yicha bosh rasmiysi Piter Faxi bunda ijtimoiy tarmoqlarni ayblaydi.

“So’nggi yillarda bir o’zgarishga guvoh bo’lyapmiz: ekstremist mafkura internet orqali to’ppa-to’g’ri farzandingizning yotoqxonasiga kirib bormoqda”, - deydi u.

Aqsa Mahmud ismli yana bir britaniyalik ayol “Islomiy davlat”ga qo’shilgan. U uch o’smirni o’z tarafiga og’dirgan.

Bunday hollar butun dunyo bo’ylab kuzatilyapti. “Islomiy davlat” ham yigitlar, ham qizlarni o’z safiga jalb etish harakatida, deydi Londondagi Qirol kollejidan terrorizm bo’yicha mutaxassis Shiroz Mohir.

“Bugun jangari bilan bevosita muloqot qilish mumkin. “Islomiy davlat” hududida hayot qanday, u yerga qanday qilib borgansiz, deb so’ray olasiz. Shunday ekan, u yerga safar qilish uchun to’siq bo’layotgan qo’rquvlarni yengadi odam”, - deydi u.

Mohirning aytishicha, internetdagi shunday muloqotda beriladigan asosiy savol vatanda qolayotgan oila a’zolari haqida.

“Suriyaga borganini onasiga qanday aytadi? Onaizor qalbi tilka-pora bo’lgani va bunga o’zi sababchi ekani haqidagi tuyg’ularni qanday yengadi?” – deydi tahlilchi.

“Islomiy davlat” targ’ibotida “tarafdorlar” deya ataluvchi qatlam katta rol o’ynaydi, deydi u

“Biz ularni “tarqatuvchi” deb ataymiz. Ular katta ahamiyatga ega, chunki Suriya yoki Iroqda emas, boshqa mamlakatda bo’lishi mumkin, shu bilan birga ular turli manbalardan ma’lumot yig’ib tarqatadi”, - deydi Mohir.

Shunday ma’lumot tarqatuvchilardan biri Hindistonning Bangalor shahrida yashagan va “ShamiWitness” taxallusi ostida “Twitter”da faol bo’lgan. U dekabrda hibsga olindi.

Twitter”da uning 17 ming izdoshi bo’lgan. Hisobi o’chirilgan bo’lsa-da, u tarqatgan ma’lumotlarni hanuz ko’rish mumkin. Muallif “Islomiy davlat”ni targ’ib qilgan, qo’shilmoqchi bo’lganlarga maslahat bergan.

AQSh Milliy razvedkasi rahbari Jeyms Klepper eng katta tashvishim - mamlakatda internet orqali yetishtirilayotgan ekstremistlar, deydi.

“ISHID o’z g’oyalarini tarqatishda va saflariga yangi odamlarni jalb etishda katta mahoratga ega. Jangarilar ustalik bilan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanyapti. Biz va Yevropa uchun bu katta muammo”, - deydi u.

Xavfsizlik bo’yicha mutaxassislarga ko’ra, internetdagi ekstremist mafkura targ’ibotiga qarshi ayni qurol, ya’ni internet yordamida kurashish kerak. Shunda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi qiziqishi radikalizmga aylanmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG