"Islomiy davlat" G'arbdagi tarafdorlari uchun darslik chiqardi

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” ekstremistlari G’arbdagi tarafdorlariga razvedka xizmatlari nigohiga tushmaslik uchun soqol qo’ymaslikni va o’zini nasroniy deya tanishtirishni tavsiya etmoqda.

Internetda chop etilgan 58 betli darslikda “Islomiy davlat” guruhi elektron pochta yozayotganda maxsus kodlar ishlatish kerakligini eslatib, qaysi telefon ilova-dasturlari xavfsiz ekani bo’yicha ham ma’lumot bergan. G’arbliklarga o’xshab yurish kerak, degan qismida esa hatto soqol olgandan keyin odekolondan foydalaning, deya maslahat beriladi.

Darslikka ko’ra, xoch taqib yurish mumkin, ammo ismi musulmon bo’lganlar uchun emas, chunki bu shubha uyg’otadi.

“Yakka odamlar yoki kichik guruhlar uchun xavfsizlik qoidalari” deb nomlangan 12 bobdan iborat darslikni o’rganib chiqqan tahlilchilar xulosasiga ko’ra, ekstremistlar Parij va San-Bernardinodagi kabi terror xurujlarini uyushtirish niyatida qat’iy.

Darslikka al-Qoidaning yuqori martabali a’zosi Abbi Kabbala al-Adamning 30 ta ma’ruzasidan to’plangan qo’llanma asos bo’lgan. Al-Adam 2013-yilda Pokistonda dron hujumi oqibatida halok bo’lgan.

“Yaxshisi, soqol qo’ymang, yaxtak kiymang, misvokdan foydalanmang va yoningizda zikr kitobchasini olib yurmang”, deyiladi darslikda.

“Boshqa musulmonlar kabi yog’ asosida tayyorlangan atirlardan foydalanmang, aksincha, G’arbda keng tarqalgan, spirt asosida yaratilgan turlarini tanglang. Erkaklar odekolon sepib yurishi kerak”, - deya maslahat beradi qo'llanma.

Darslikda terror xurujlarini amalga oshirmoqchi bo’lganlarga faqat bir-biri bilan muloqot qilib, ma’lumotning tarqalib ketmasligini kafolatlash ahamiyati alohida tilga olinadi. Shuningdek, masjidlarga bormaslik, musulmonlar yig’inlarida qatnashmaslik kerak, deyiladi.

Nyu-York va Vashingtonda 2001-yil 11-sentabrda terror xurujlari uyushtirilgandan keyin G’arb razvedka xizmatlari masjidlarni zimdan kuzata boshlagan.

Oqibatda G’arbdagi radikal qarashlarga ega musulmonlar norasmiy masjidlarda yig’iladigan bo’ldi. Parijdagi xurujlar va Belgiya, Italiya hamda Germaniyadagi xavotirlardan keyin esa rasmiy ruxsatnomasiz faoliyat yuritayotgan masjidlarga e’tibor qaratildi.

Yevropa Ittifoqi, shu jumladan, qariyb 800 ta norasmiy masjid faoliyat yuritayoygani taxmin qilingan Fransiya va Italiya siyosatchilari bunday masjidlarni yopish niyatida.

Parijdagi xurujlardan keyin razvedka xizmatlari va huquq-tartibot organlari hukumatlardan ma’lumot to’plash, uylarda tintuv uyushtirish va reydlarni amalga oshirish qoidalarini yumshatishni so’radi.

"Islomiy davlat” rahbarlari buni yaxshi biladi va shu sababdan G’arb mamlakatlaridagi tarafdorlarini ehtioyot va ogoh bo’lishga da’vat etmoqda.

G’arb davlatlari hukumatlari va razvedka xizmatlari Suriya urushida tajriba orttirib, Yevropaga qaytayotganlardan xavotirda. Ularga ko'ra, 2016-yilda Yevropaning bir necha poytaxtida bir paytda keng ko’lamli terror xurujlari amalga oshirilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG