Turkiya xavfsiz zona yaratmoqchi, "Islomiy davlat" jangga shaylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya-Suriya chegarasida

Turkiya-Suriya chegarasida

Turkiya “Islomiy davlat” (ID) jangari guruhiga qarshi kurashni jadallashtirar ekan, chegaradosh hududlarni ulardan tozalab, “xavfsiz zona” tuzmoqchi. Ammo jangarilar ham Turkiya hujumlariga tayyorgarlik ko’rmoqda. Yangi hudud urush zonasidan xavfliroq bo’lishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Turkiyaning “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashga qo’shilishi mintaqadagi vaziyatni va shu paytgacha cheti ko’rinmayotgan urushni keskin o’zgartirishi mumkin.

Mustafo Alaniy - Dubaydagi Ko’rfaz tadqiqotlari markazining mudofaa va xavfsizlik dasturi rahbari.

“Natijada “Islomiy davlat”ga bosim kuchayadi, chunki Turkiya jangarilar faol hududlar bilan uzun chegaraga ega, guruh Turkiyadan ta’minot yo’li sifatida foydalanadi, odam yollaydi. Demak, vaziyat o’zgaradi”, - deb hisoblaydi Alaniy.

Ammo “xavfsiz zona” barpo etish rejasi salbiy oqibatlarga yetaklashi mumkin. Mintaqa yanada xatarli bo’ladi, deydi mutaxassis.

“Bu hududni bir guruh emas, bir-biri bilan kurashayotgan turli guruhlar nazorat qiladi. Demak, Turkiya urush girdobiga tortiladi”, - deydi mutaxassis.

Mojaro yanada chigallashishi aksariyat shahar va qishloqlarni nazorat qilayotgan “Islomiy davlat”ning yo’q qilinishiga olib kelmaydi. Ayniqsa, hujum faqat havodan amalga oshirilsa, deydi Alaniy.

Internetdagi videolardan ko’rish mumkinki, jangarilar nazoratida bo’lgan Jarablus shahri yaqinida tayyorgarlik avjida. Suriya shaharlarida harbiy istehkomlar qurilmoqda, bu esa Turkiyaga hujumlar ehtimolini oshiradi.

Ammo siyosatshunos Labib Kamaviy fikricha, Turkiyaning asl nishoni jangarilar emas, kurd ishonchilari bo’lishi mumkin. “Islomiy davlat”ga qarshi kurash xo’ja-ko’rsinga amalga oshirilmoqda, deydi u.

“Shimolda “Islomiy davlat”ning faolligi Turkiya uchun katta muammo emas, chunki Anqara uchun undan-da kattaroq tahdid - kurd isyonchilari faoliyati”, - deydi Kamaviy.

Turkiya “Islomiy davlat”ni Suriya shimolidan haydab chiqarganida ham guruh katta zarar ko’rmaydi, deydi siyosatshunos. Bir necha mamlakatda bo’linmasi bor jangari gurh shunchaki tashkilot emas, mafkuraga aylangan. Istagan to’da “Islomiy davlat”ning tarafida urishayotganini iddao qilishi va jangga kirishishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG