“Islomiy davlat”ga qo’shilgan o’zbeklar pushaymon bo’lib ortga qaytmoqdami?


Internetda bugun terrorist guruhlar Markaziy Osiyo tinchligiga qanchalik raxna solayotgani haqida ma'lumot, iddao va taxminlar juda ko'p.

"Islomiy davlat" Turkmaniston, Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston va O'zbekiston hududlarida ham faoliyat olib bormoqda, yoshlarni o'z safiga undamoqda degan xavotir kuchaygan.

Ayrim nashrlarning O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatidagi manbalariga tayanib yozishicha, “Islomiy davlat” vahshiyliklariga guvoh bo’lgan o’zbeklar pushaymonlikda ortga qayta boshlashgan.

Bir maqolada Akrom ismli yigitning tarixi keltiriladi. Internetdagi tanishuv orqali Suriyaga borib qolgan Akrom zo’ravonlik va qotilliklarga guvoh bo’lgach, bir amallab o’zbek konsullligi yordamida vatanga qaytishga muvaffaq bo’ladi.

O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki Ishlar vazirligi manbalaridan foydalanilgan bu maqola adashgan jihodchilarning vatanga qaytishlari uchun amnistiya qabul qilish zarurligi haqida xulosa beradi.

Xavfsizlik xizmatiga ko’ra, kimlar va qancha jangari qaytgani davlat siri hisoblanadi. “Islomiy davlat” va O’zbekiston Islomiy Harakatiga (O’IH) asosan pul topish ilinjida yurgan mehnat muhojirlari qo’shilmoqda.

O’IH va “Islomiy davlat” so’nggi payt Afg’oniston shimolida faoliyatini kuchaytirgani haqida xabarlar bor.

Ayrim manbalar etnik o’zbeklar istiqomat qiluvchi Faryob viloyatining katta qismi Islomiy Harakat ixtiyoriga o’tgani haqida yozadi.

Avvalroq “Islomiy davlat”ni yoqlab bayonot tarqatgan O’IH yaqinda toliblar yetakchisiga berilgan bay’at o’z kuchini yo’qotganini ma’lum qildi. Toliblar va “Islomiy davlat” o’rtasida boshlangan so’nggi ziddiyatlar esa harakat foydasiga bo’lishi mumkin.

“Hozir ular Toliblardan uzoqlashib, ko’proq “Islomiy davlat”ga yaqinlashdi. Ikkala qudratli guruhni orasidagi ixtilofdan esa O’zbekiston Islomiy Harakati maksimal foydalanadi, ya’ni “Islomiy davlat”ga yon bosib, mavqeini tiklashga urinadi. Lekin bu ular Tolibonga qarshi ochiqchasiga kurashga chiqadi degani emas. Tohir Yo’ldosh Tolibonni rahbari mulla Umarga bay’at bergan edi, hozirgi amir Usmon G’ozi bu bay’atdan voz kechib, o’zini xalifaman deb iddao qilayotgan Bag’dodiyga yaqinlashmoqchi”, - deydi o’zbekistonlik diniy faol, “Islom va siyosat” sahifasi muallifi Muhammadsolih Abutov.

Uning nazarida, O’IH va “Islomiy davlat”ni Afg’onistonda kuchyagani haqidagi qarashlar bo’rttirilgan, bugungi harakat 10 yillar avvalgi tashkilot emas.

“Meni kuzatishim bo’yicha hozir O’IH o’ta zaif holatda, moddiy-texnik ta’minoti ham avvalgi holatda emas. Bu borada “Islomiy davlat” yordamiga umid qilishmoqda. Hozirgi paytda ular turli raqiblardan himoyalanishga, qurol bilan yotib turishga majbur qilingan. Ularning umumiy soni 2 ming atrofida bo’lishi mumkin, ayollar, bola-chaqa bilan. Qurol ko’tarib urushadiganlari esa 500-600 kishi. Kichik-kichik guruhlar bo’lib, Afg’oniston shimolida o’rnashishga urinishayapti, chunki u yerlarda o’zbeklar yashaydi. Lekin bu Afg’onistondan O’zbekistonga o’tish uchun emas, o’zlarini saqlab qolish uchun qilinayapti, deb o’ylayman. Harakatning bugungi maqsadi O’zbekistonga hujum qilish emas, bunga uning qudrati yetmaydi. Bu harakat “Islomiy davlat” tomonidan aynan O’zbekistonga rejalangan hujum uchun qo’llab-quvvatlanadi, degan fikrdan ham yiroqman. Oxirgi vahimali xabarlar esa Markaziy Osiyo diktatorlariga o’z qattiqqo’l siyosatlarini davom ettirish uchun juda qo’l kelayapti”, - deydi Abutov.

O’IH o’z bayonotlarida tashkilotning maqsadi O’zbekistonda xalifalik qurish ekanligini takrorlab keladi.

O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining internet nashrlariga bergan ma’lumotlarida O’IH safidagi 5 ming atrofidagi jangarilarning deyarli yarmi O’zbekiston fuqarolari ekanligi aytiladi.

O’zbekiston qonunlariga ko’ra, xorijiy davlatda jangovar harakatlarda ishtirok etgan shaxslar 12 yilgacha qamalishi mumkin. Diniy ekstremistik tashkilotlarga a’zolik ayblovlari bundan mustasno.

So’nggi yillarda ommaviy kasb etgan noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlik bo’yicha ayblanayotganlarning O’zbekistonga qaytishdan cho’chitayotgan, ularni jihod yo’lini tanlashga undayotgan asosiy sabablardan biri mamlakatdagi shafqatsiz qiynoqlar ekanligi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG