Parkent tumanida Milliy xavfsizlik xizmati maxsus operatsiya o'tkazgan


Toshkent viloyatining Parkent tumanida shubhali varaqalar topilib, Milliy xavfsizlik xizmati nazoratida maxsus operatsiya o'tkazilgan va uch kishi hibsga olingan.

Biri - kollej o’quvchisi, qolgan ikki nafari ham shu tumandan ekani aytilmoqda. Hibsga olinganlarning biron bir diniy tashkilotga a’zoligi noma’lum. Ular tarqatgani iddao qilinayotgan varaqalar qanday mazmundaligi ham mavhum.

Avvalroq Hisorak qishlog’ida portlash ketidan diniy varaqalar topilgani haqida xabarlar paydo bo’lgan. Ayrim nashrlar bu varaqalarda “Islomiy davlat” bayrog’i aks etgani haqida ham yozishgan edi.

Huquq himoyachsi Surat Ikromov deydiki, Parkentdagi amaliyot haqida jamoatchilikka hech qanday ma’lumot berilmagani vahimani kuchaytirgan. Milliy xavfsizlik xizmati raisi va Ichki ishlar vaziri tumanga borishi uchun esa jiddiy sabablar bo’lishi kerak.

“Toshkentda “Islomiy davlat” bayrog’ini ilib ketishganida qanchalik shov-shuv bo’lgan edi. Bu ham shunga o’xshagan narsa, menimcha. Lekin bu yerda bir narsa bor - Parkentda diniy ayblovlar bilan qamalgan aholi boshqa hududlarga nisbatan ancha ko’p. Bu yerda bir provokatsion narsa bo’lishi ham mumkin, bilish qiyin. Hozir hamma oilalarni tekshirishayapti, lekin gap o’sha varaqadan boshlangan”, - deydi Ikromov.

O’tgan yili Toshkentning Yunusobod tumanidagi ko’prikka “Islomiy davlat” ga tegishli qora bayroq ilib ketilgan edi. Bu ish yuzasidan Ichki ishlar boshqarmasi olib borgan tekshiruv qanday natija bilan tugagani noma’lum.

Hukumat jamoatchilik o’rtasida targ’ibot ishlarini oshirgan, ayrim joylarda hatto ayollarga ro’molni qanday o’rash lozimligi ham ko’rsatilmoqda, deydi Surat Ikromov.

“Toshkentda tinch. Ayollar ro’moliga hech narsa deyilmayapti, lekin oxirgi paytda ayrim joylarda ro’molni oldi tomonidan emas, orqa tomonidan o’rashni boshlashgan. Parkent tomonda ro’mollilarga tazyiqlar ko’p. Menga bu borada shikoyat bilan o’qituvchi ayollar ham kelishgan edi”, - deydi Surat Ikromov.

Parkentdagi amaliyot barobarida O’zbekiston ichki ishlar vazirligi, Ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda jamoatchilikka internet xizmati ko’rsatuvchi obyektlarda tekshiruv ishlarini boshlagan. Bu tekshiruvlardan asosiy maqsad yoshlarni islomiy radikalizm xavfidan saqlash ekani aytilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG