"Islomiy davlat" qo'lidagi xotin-qizlar jinsiy tajovuz, ekspluatatsiya qurboni

  • Amerika Ovozi

So’nggi bir necha oy mobaynida “Islomiy davlat” ekstremistik guruhi Iroq va Suriyada yuzlab xotin-qizlarni qo’lga olgan. Ular majburiy nikoh, jinsiy tajovuz va ekspluatatsiya qurboniga aylangan, deya hikoya qiladi asirdan qochganlar.

15 yoshli mana bu yazidiy qizni jangarilar Iroqning Sinjar tog’larida ushlab, olib ketishgan. Turli qamoqxonalarga ko’chirib, meni bir necha kishi bilan majburlab nikohlashdi, deydi u.

"Islomiy davlat” uni Suriyaga olib borib pullagan. “Singillarim va meni besh kunga bir joyda saqlashdi, so’ngra singillarimdan birini sotib, Iroqning Mosul shahriga olib ketishdi”, - deya hikoya qiladi u.

Qiz o’sha uyda topgan dori-narkotiklar bilan tajovuzkorlarini uxlatib, qochishga muvaffaq bo’lgan.

Ekstremistlar qo’lida unga o’xshagan yana yuzlab qiz-juvonlar bor, aksariyati yazidiylar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda huquq faollari ma’lumotiga ko’ra, “Islomiy davlat” ularni qiynoqqa solgani, zo’rlagani, o’z jangchilariga nikohlagani va qullikka sotgani ma’lum.

Ayrimlari telefonini yashirib yoki ularni ushlab turgan odamlarning ruxsati bilan uyiga telefon qilgan. Ovozida umidsizlik seziladi, deydi “Amar” xayriya guruhi xodimi Bahor Ali.

“Iroq rasmiylariga, AQSh va boshqa davlatlarga ayting, biz turgan joyni bombardimon qilishsin. Bunday yashagandan ko’ra o’lganimiz yaxshi”, - deb aytishgan ota-onalariga deydi Ali.

“Human Rights Watch” xalqaro huquq tashkiloti islom diniga o’tishga majburlangan yazidiylar va majburiy nikoh haqida izlanish xulosalarini e’lon qildi.

“Islomiy davlat” biz yozgan narsalarni g’urur bilan tan oldi, deydi tashkilot xoidimi Bill Frelik.

Jihodchilar “Human Rights Watch” tayyorlagan hisobotni haqiqat, hammasi to’g’ri, deb chiqdi va qilmishlaridan mag’rur ekanini aytdi. Ular jinoyatlariga jinoyat deb qaramaydi, boshqa dindagi xotin-qizlarga munosabatini shariat bilan oqlaydi, deydi mutaxassis.

BMTning Iroqdagi idorasiga ko’ra, Iroqning Mosul va Suriyaning Raqqa shaharlarida 500 ga yaqin yazidiy va nasroniy ayollar “Islomiy davlat”ga qo’shilgan yangi jangchilarga tuhfa qilingan yoki qullikka sotib yuborilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG