Breaking News

AQShda ekstremizm: siyosiy bayonotlar va musulmonlar


Denish Bashir (chapda) otasi bilan Virjiniyadagi uyida
Denish Bashir (chapda) otasi bilan Virjiniyadagi uyida

Denish va Daniel AQShda tug’ilgan. Ota-onasi Emron va Amna Bashir – pokistonlik muhojirlar. Mamlakatda yashaydigan 3 million musulmonlardan. Nufuzli “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markaziga ko’ra, 2050-yilga borib islom AQShdagi ikkinchi katta din bo’ladi.

Amna va Emron mamlakatga 1988-yilda Nyu-York shtatidagi Sirakyuz universitetida tahsil olish uchun kelgan. O’qish davrida tanishgan, ko’p o’tmay turmush qurishgan, AQShda qolishga qaror qilishgan.

“Biz Amerika madaniyatini qabul qildik, - deydi Amna. - Talabalik yillarimiz juda qiziq bo’lgan. Emron MTV musiqa kanalini tomosha qilardi. Hamma narsa bizga yoqqan”.

Bashirlar Virjiniyada yashaydi. Emron to’ng’ich o’g’li Denish bilan kompyuter texnologiyalari sohasida ishlaydi. Daniel esa Baltimor universitetining farmasevtika fakulteti aspiranti.

“Biz yashaydigan Springfild shaharchasi yaxshi. Hamma narsa bor. Qarindoshlarimiz ham shu yerda. Har xil mahallallarda turamiz. Qo’shni musulmonmi yo’qmi, farqi yo’q”, - deydi Amna.

Mamlakat boylab, asosan, musulmonlar yashaydigan mahallalar yo’q emas, ammo aksar musulmonlar boshqalar bilan aralash mahallalarda yashaydi.

Yevropa musulmonlari

Bryusselning Molenbek mahallasida turli millat va din vakillari yashaydi. Ayrim jihodchilar, xususan, Parij va Bryusseldagi xurujlarni uyushtirgan terrorchilar ham aynan shu yerlik.

Ayrim fuqarolar radikal ekstremist bo’lib chiqqanidan so’ng Yevropaga ko’chib keladigan muhojirlarning jamiyatga qo’shilishini tezlashtiradigan dasturlar kerak, degan fikrlar yangray boshladi. Ayrim mutaxassislar AQShnikiga o’xshagan yondashuv kerak, demoqda.

“Hijobdami yoki yo’q, odamning qalbi qandayligi muhim. Betaraflik va dunyoviylik demay hammamiz turli elat va dinlar vakillari ekanimizni tan olishimiz kerak”, - deydi Bryussel Erkin universitetidan musulmon jamoalar bo’yicha mutaxassis Korin Torrekens.

Fransiyada ham shu kabi fikrlar bildirilyapti.

“Ota-onasi yoki bobolari muhojir bo’lgan, ammo shu yerda tug’ilgan bolalar jamiyat tomonidan qabul qilinmaganinini his etadi. AQSh bilan bizning farqimiz shunda. U yerda afro-amerikaliklar o’zini jamiyatning teng a’zosi deb hisoblamasa-da, bir qismi ekanini biladi”, - deydi Parijdagi Jamiyat, din va dunyoviylik guruhidan sotsiolog Aleksandr Pyetr.

Belgiya va Fransiya dunyoviy jamiyatlar. Dunyoviylik ular uchun katta qadriyat va yutuq hisoblanadi. Yangi kelganlar boshqalarga o’xshashi uchun rag’batlantiriladi. Ayni vaqtda eng ko'p jihodchilar aynan shu ikki mamlakatdan chiqqan. Shimoliy Afrikadan kelgan immigrantlar va ularning bola-chaqasi ko’p. Ularning jamiyatga to'la qo'shila olmasligi jihodchilar ko’payishining sabablaridan biri, deydi ayrim kuzatuvchilar.

Amerika Yevropa emas, ammo...

Amerika musulmonlari Yevropadagi dindoshlaridan farq qiladi. “Pyu” (Pew) tadqiqotlar markaziga ko’ra, boshqa dinlar vakillariga qaraganda, AQShda yashaydigan musulmonlar oliy ma'lumotliroq va kattaroq maosh oladi. Musulmonlarning 39 foizi universitetni bitirgan, nasroniylar orasida esa bundaylar – 25 foiz.

2015-yilda o’rtacha oilaviy maosh yiliga 53 657 dollarga teng edi. Musulmonlarning 29 foizi yiliga 50 mingdan 100 ming dollargacha daromad qiladi. 20 foiziniki 100 ming dollardan ko’proq. Nasroniylarni olsak, 50 va 100 ming dollar orasida daromad qiladiganlar 27 foizga teng, faqat 17 foiziniki 100 ming dollardan oshadi.

Donald Tramp va boshqa respublikachilarga quloq solsangiz, boshqacha manzara gavdalanadi.

Tramp o’tgan yil mart oyida Bryusselda portlashlar ro’y berganidan keyin musulmonlarni AQShga kiritmaslik kerak, deya bayonot bergan edi. Islom dini nafrat va zo’ravonlikka asoslangan, deydi Tramp.

Musulmonlarga mamlakatga kirishni taqiqlash AQSh Konstitutsiyasiga ziddir, deydi faollar. Barcha musulmonlarni terrorchilar bilan tenglashtirish noto’g’ri, deydi islomshunoslar.

“Muammo islomda yoki sunniy islomda emas, musulmonlarning salafiy oqimiga mansub juda kichik bir guruhida. Ular aksariyat musulmonlardan farq qiladi. Musulmonlarning 99 foizi ularga qarshi. Bizning vazifamiz shu 99 foiz musulmonlarni biz bilan hamkorlik qilishga va terrorchilarni aniqlashda yordamlashishga undash”, - deydi terrorizm bo’yicha ekspert Set Jons.

Biroq Trampga o’xshagan ayrim siyosatchilar bergan bayonotlar barcha musulmonlarni yomon otliqqa chiqarmoqda. Esktremistlar esa bundan foydalanadi, deydi mutaxassislar.

“Islomiy davlat” musulmonlarga “ko’rdinglarmi, G’arb sizlardan nafratlanadi, G’arb islom bilan urush olib bormoqda. Siz G’arb jamiyatining bir qismi emassiz”, deya ta’kidlaydi”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Lorenzo Vidino.

Amerikalik musulmonlar xavotiri

Virjiniyada, Bashirlar xonadonida Emron va Denish uyda, ota ovqat pishiryapti. Denish esa o'rtoqlariga “Taxtlar o’yini” serialini ko’rasizmi, deb sms yozmoqda. Amerikalik yoshlar bu serialni katta qiziqish bilan tomosha qiladi.

Emron prezidentlik poygasi davomida musulmonlar haqida berilgan bayonotlardan xavotirda.

“Biz oddiy, o’rtahol oilamiz. Boshqalarga o’xshab yashashni xohlaymiz. Hamma joyda yaxshi odamlar bor, yomonlari ham topiladi. Lekin alohida guruhni qoralash noto’g’ri. Buning hayotimga salbiy ta’sir qilishidan qo’rqaman”, - deydi ota.

Trampni tushunmayman, deya unga qo'shiladi Denish.

“Men ham amerikalikman. Amerikalik deganida birdamlik tushuniladi. Bu ma’noda mening fikrim unikidan farq qiladi. Albatta, Trampning “Islomiy davlat”ni qoralayotganiga qo’shilaman. Lekin mamlakat ichida yashaydigan musulmonlarni ayblash noto'g’ri. Mantiqqa to’g’ri kelmaydi,” – deydi Denish.

Bu yigit turli millat va din vakillari orasida do’stlari borligini aytadi.

“Biz bir-birimizni ajratmaymiz. Hammada teng imkoniyat. Amerika aynan shunday. Umidsizlikka to'la jamiyatdan bu yerga kelib, barcha orzularga erishish mumkin. Ota-onam ham Amerikaga aynan shuning uchun kelgan”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG