Obidxon qorining yaqinlari tergov sust ekanidan shikoyat qilmoqda


Nazarov O’zbekiston hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilayotgan sanoqli ulamolardan

Nazarov O’zbekiston hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilayotgan sanoqli ulamolardan

Shvetsiyada taniqli o’zbek imomi Obidxon qori Nazarovga suiqasd bo’yicha tergovdan yaqinlari norozi. Jarayon sust, deydi ular.

Shu yilning 22-fevralida noma’lum kishi Nazarovga qarata bir necha bor o’q uzib, uni qattiq yaralagan edi. Tergovga xalaqit bermaslik uchun avval sukut saqlagan tarafdorlar endi xuruj ortida O’zbekiston hukumati turganiga shubha yo’q, deb chiqmoqda.

Qori shogirdlaridan biri Ahadjon Azimovning aytishicha, surishtiruv ishlari sekinlagan, tergov xulosalari Nazarovning yaqinlariga ham to’liq bildirilmayapti.

“Dalil-isbot, ma’lumot oshkor etilsa, ikki davlat o’rtasidagi kelishuvlar, muloqot va keyingi rejalar ziyon ko’radi deb ham bizga unchalik aytishmayotgandir. Biz ham bu tomonini o’ylab turibmiz. Ba’zi davlatlar orasi juda tarang bo’lsa, tergov olib boriladi va muxolif davlatning aybi tezda ochiladi, hatto ikir-chikirigacha. Lekin hozir Shvetsiya va O’zbekiston o’rtasidagi aloqalarni mo’tadil deb ko’raman. Shundan kelib chiqib, tergov tugaganda va buning ortida O’zbekiston hukumati turgani aniqlansa ham, bu narsa qanchalik ochiq aytilishi noma’lum”, - deydi Azimov.

Obidxon Nazarovning ahvoli og'irligicha qolmoqda

Obidxon Nazarovning ahvoli og'irligicha qolmoqda

Obidxon qori tarafdorlari boshida politsiya bilan yaqindan ishlab, suiqasd tafsilotlarini jamoatchilikka bildirishga shoshmayotgan edi. Bugunga kelib pozitsiya bir qadar o’zgargan – Nazarovning safdoshlari hujumda O’zbekiston hukumatining qo’li borligi shubhasiz, deydi.

“Qori, uning oila a’zolari, musulmonlarga faqat O’zbekiston hukumati taz’yiq o’tkazib keldi. Bu hol hozirgacha davom etib kelayotgan, qidiruvlar, teleko’rsatuvlarda Obidxon akani ayblashlar yo’q emas edi. Hammasini hisob-kitob qilib aytamizki, buni O’zbekiston hukumati qilgan. Biror odamning qo’lidan ushlab isbotlay olmasak ham, buni rasmiy Toshkent odamlari qilib ketganiga biz ishonamiz”, - deydi Azimov.

Bugun Obidxon Nazarovning sog’lig’i og’irligicha qolmoqda.

“U kishi hayotlar. Sog’liqlari tiklanib ketishiga umid qilamiz”, - deydi shogird.

Aprel boshida qorining onasi Muharramxon aya 74 yoshida Namanganda vafot etgan. Ona farzandi hayotiga suiqasd uyushtirilganidan bexabar ketdi.

"Hukumatning qo'li bor bunda"

"Hukumatning qo'li bor bunda"

“Qori akam esa onalaridan bexabarlar”, - deydi Azimov.

Nazarovning aksariyat yaqinlari diniy bosimlar bois O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgan va Shvetsiyada bir jamoa sifatida yashab keladi.

Qori 2006-yilda bu mamlakatda siyosiy qochqin maqomini olgan. U O’zbekiston hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilayotgan sanoqli ulamolardan.

Rasmiy Toshkent imomni diniy radikalizmda ayblab, vahobiylik oqimining yetakchilaridan biri deb biladi. Nazarovga hujum jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo’ldi va uning muxolifatdagi diniy faoliyati bilan bog’lanmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG