O‘zbekistonda 3 kunlik motam

  • Amerika Ovozi

O‘zbekistonni 27 yil davomida boshqarib kelgan Prezident Islom Karimov, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2-sentabr kuni Toshkentda 78 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O'zbekiston teleradiokompaniyasida axborot o'qib eshittirildi.

Vazirlar mahkamasi va Oliy Majlis birgalikda chiqargan qarorga ko'ra, mamlakat bo‘ylab 3 kunlik motam e’lon qilindi. 3-sentabr kuni Islom Karimov Samarqandda dafn qilinadi.

Karimovning hayot yo'li

Islom Karimov mustaqil O'zbekistonning birinchi va hozirgacha yagona prezidentidir. U 1938-yil 30-yanvar kuni Samarqand shahrida tug'ilgan.

Rasmiy biografiyasiga ko'ra, mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi ("Tashselmash") zavodida master yordamchiligidan boshlagan. 1961-yildan 1966-yilgacha V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlagan. 1983-yildan Oʻzbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yildan Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining oʻrinbosari — respublika Davlat plan komitetining raisi bo'lgan. 1986—89-yillarda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Qashqadaryo viloyat komitetining birinchi kotibi, 1989-yil iyunidan Oʻzbekiston KP MK birinchi kotibi bo'lib ishlagan.

1990-yil 24-martda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Oʻzbekiston SSR Prezidenti etib saylangan.

Toshkentdagi Amir Temur muzeyi uchun ishlangan Islom Karimov portreti

Mustaqillikdan keyingi siyosiy faoliyati

O'zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yil 29-dekabrda oʻtkazilgan saylovda Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan. 1995-yil 26-martda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi natijasida Karimovning Prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirilgan. 2000-yil 9-yanvarda u Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti etib qayta saylandi. Konstitutsiya bo'yicha bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi taqiqlanganiga qaramay, 2007-yil 23 dekabrda Karimov yana bir bor prezidentlikka saylandi.

U so'nggi bor bir yil avval, 2015-yil 29-mart kuni yana bir bor navbatdagi muddat uchun prezidentlikka saylangan edi.

Andijon fojeasi va inson huquqlari ahvoli

2005-yil 13-may kuni Andijonda hukumatga qarshi boshlangan namoyishlar qonli bostirildi. Shu kuni yuzlab odamlar hukumat kuchlari o'qiga uchrab halok bo'ldi. Turli manbalarda o't ochish buyrug'ini Karimov shaxsan bergani aytiladi.

Andijon qatliomi, 2005-yil, 13-may.

Bundan tashqari, mamlakatda inson huquqlari borasidagi ahvolning o'ta og'ir holatda ekani Islom Karimovning repressiv siyosati bilan bog'lanadi. Qamoqxonalarda minglab siyosiy va diniy mahbuslar saqlanayotgani, erkin matbuotning mutlaqo mavjud emasligi, korrupsiyaning keng yoyilgani xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan birdek e'tirof etilgan.

Karimovdan qolayotgan meros

Islom Karimovdan o'ta markazlashgan, demokratiya va inson huquqlari keskin poymol qilingan tizim meros bo'lib qolmoqda. Ko'plab ekspertlar nazarida navbatdagi prezident kim bo'lishidan qat'i nazar, mamlakatda tezkor islohot va o'zgarishlarni kutish noto'g'ri. Yangi davlat rahbari o'z hokimiyatini mustahkamlab olguncha Karimov siyosatini davom ettirishga majbur, deydi kuzatuvchilar.

Toshkentda o'tgan ShHT sammiti, Islom Karimovning (chapda) eng so'nggi suratlaridan biri, 24-iyun, 2016-yil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG