Isroil va AQSh rahbarlari ikki davlat munosabatlari mustahkam demoqda

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va prezident Obama Oq uyda Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo'yicha fikr almashdi.

Kecha prezident Barak Obama Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni qabul qildi. Yaqin Sharq tinchlik jarayoni va regional xavfsizlik masalalari muhokama etilgan.

Isroil bosh vaziri Amerikaga kelishdan oldin Falastin bilan bevosita muloqot o'rnatishda AQSh yordamiga muhtoj ekanini va prezident Obamadan bu borada madad so'rashini bildirgan. So'nggi kunlarda AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell mintaqaga qatnab, Isroil, Falastin va ba'zi qo'shni davlat rahbarlari bilan uchrashgan.

Arablar Isroil bilan bevosita muloqot bo'lishi uchun Iordan daryosining g'arbiy sohili va Sharqiy Quddusda yahudiylar uchun uy qurishni to'xtatishni talab qilmoqda. Prezident Obama mart oyida Vashingtonda Netanyaxu bilan uchrashganida Isroil hukumatining 1,600 ga yaqin yangi uy qurish rejasi ma'lum edi. Qaror AQSh tanqidiga uchragan.

Netanyaxu va Obama iyun boshida yana bir bor uchrashishi rejalangan edi, biroq qamaldagi G'azoga gumanitar yordam olib ketayotgan kema Isroil hujumiga uchragach, Netanyaxuning tashrifi qoldirilgan. Shundan so'ng Isroil qamalni bir oz yumshatib, G'azoga oziq-ovqat va ba'zi qurilish materiallari importiga yo'l ochdi.

Joriy hafta boshida hukumat sektorga kiritilishi taqiqlangan mollar ro'yxatini e'lon qildi. Undan asosan qurol va uni tayyorlash uchun kerakli materiallar o'rin olgan.

Prezident Obama bilan uchrashar ekan, Netanyaxu tinchlik jarayoni bilan bog'liq siyosiy masalalarni hal etish uchun bevosita muloqot bo'lishi kerak, deydi.

"Bosh vazir Netanyaxu tinchlik tarafdori ekaniga ishonaman", - deydi Obama. "Buning uchun u tavakkal qilishga tayyor. Uchrashuvimiz davomida falastinliklar bilan muloqotga kirishish niyati jiddiy ekanini ta'kidladi".

"Prezident Obama yordamida Falastin rahbari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqot boshlashga umid qilyapmiz", - deydi Netanyaxu.

Kuzatuvchilar AQSh-Isroil munosabatlari sovuqlashgan deydi. Isroil rahbarining aytishicha, bu gaplar quruq safsata.

"Rishtalarimiz mustahkam", - deya uni qo'llab-quvvatlaydi Obama.

Biroq, AQSh matbuotiga ko'ra, Isroil boshqa bir muhim va yaqin ittifoqchisidan ayrilishi mumkin.

Isroil va AQSh rahbarlari mustahkam munosabatlar haqida gapirib turgan bir paytda yahudiy davlatining uzoq paytdan beri eng yaqin ittifoqchilaridan bo'lgan Turkiya u bilan diplomatik aloqalarni uzish ehtimoli haqida so'z ochmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto'g'lining aytishicha, yahudiy davlati G'azo yaqinida turk kemasiga hujum qilib, turk fuqarolarini o'ldirgani uchun undan avf so'rab, qurbonlar oilalariga kompensatsiya to'lamas ekan, bir vaqtlar samimiy aloqalardan asar ham qolmasligi mumkin.

Benyamin Netanyaxuning bildirishicha, Isroil askarlari kemani ishg'ol qilish paytida hujumga uchrab, o'zini himoya qilgan, shu sabab uzr so'rashga sabab yo'q.

Turkiya Isroilning yaqin savdo hamkorlaridan ham sanaladi. Diplomatik aloqalar uzilsa, Isroil iqtisodiy jihatdan zarar ko'rishi aytilmoqda. Ayniqsa, Yevropa inqirozga yuz tutib turgan bir paytda Turkiyaning iqtisodiy salohiyati kuchayib bormoqda, deydi xalqaro mutaxassislar.

"Nyu-York Tayms" gazetasining yozishicha, Yevropada ayni damda bir foiz o'sish ham katta muvaffaqiyat deb qabul qilinsa, turk iqtisodiyoti joriy yilning birinchi choragida 11,4 foizga o'sgan. Jahonda Xitoydan keyin ikkinchi ko'rsatkich.

Turk davlatini qoloq deb hisoblab ittifoqqa qabul qilmagan Yevropa endilikda Turkiyaga kerakmi yoki Turkiya Yevropagami, degan savol tug'iladi.

Turkiya jahon siyosatida muhim rol o'ynashga harakat qilar ekan, ba'zilar nazarida Rajab Toyib Erdog'an hukumati agressiv siyosat bilan oshirib yubormoqda, bu esa Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning vatan va dunyoda tinchlikni tarannum etuvchi shioriga ziddir.

Tahlilchilar fikricha, Turkiyaning tashqi siyosati hozirda sharq tomon yo'naltirilgan. Ammo, deydi ulardan biri, G'arbdan ham yuz o'girmaslik kerak, axir munosabatlarni shakllantirishga yillar ketadi, parchalashga esa bir necha daqiqa kifoya.

Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga to'siqlardan biri falastinliklar bo'lajak davlati deb hisoblayotgan hududlarda yahudiylar uchun hamon uylar qurilayotganidir. Bu Isroilda joylashgan inson huquqlari tashkilotining yangi hisobotida ham aks etgan.

Mahalliy huquq guruhi o'tkazgan izlanish xulolasiga ko'ra, Iordan daryosining g'arbiy sohilidagi mulkning 42 foizidan ziyodi yahudiylarga qarashli. Garchi imoratlarning o'zi G'arbiy Sohil territoriyasining bir foizida joylashgan bo'lsa-da, yahudiylar yerning katta qismini falastinliklardan tortib olgan.

Tashkilot direktori Jessika Montellning aytishicha, yahudiy posyolkalari falastinliklar huquqlarini cheklab qo'ygan.

AQSh bosimi sabab Isroil G'arbiy Sohilda qurilishlarni qisman to'xtatib qo'ygan edi. Obama ma'muriyati nazarida posyolkalar tinchlik yo'lidagi asosiy g'ovdir.

Montell ma'lumotiga ko'ra, posyolkalarga ko'chib kelayotgan yahudiylar soni keskin oshib bormoqda.

Isroil hukumati yahudiy tashkiloti hisobotiga munosabat bildirmagan. Tanqidchilar nazarida hujjatdan maqsad AQShga tashrif buyurgan Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni izza qilish.

Isroildagi nodavlat tashkilotlar faoliyatini kuzatuvchi guruh rahbari Jerald Staynbergning aytishicha, hisobot mualliflari masalaga bir tomonlama yondashib, unga siyosiy tus berishga harakat qilgan.

Falastinliklar fikricha esa bu hujjat Isroil hukumatining tinchlik haqidagi bayonotlari samimiy emasligidan dalolatdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG