Breaking News

Isroil BMT tekshiruviga qarshi


Falastindagi yahudiy posyolkasida qurilayotgan uylardan biri
Falastindagi yahudiy posyolkasida qurilayotgan uylardan biri

BMT Falastinning bosib olingan hududlarida Isroil tomonidan yahudiy posyolkalarining qurilishi bo’yicha tekshiruv o’tkazmoqchi. Isroil bunga qarshi.

BMTning Inson huquqlari kengashi qurilishlarning falastinliklar haq-huquqlariga qanday ta’sir etayotganini o’rganmoqchi. Isroil bu borada kengash bilan hamkorlik qilmasligini e’lon qildi.

Isroil Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Dani Ayalonning Isroil radiosiga aytishicha, rasmiy Quddus BMT vakillarini mamlakatga kiritmaydi.

"BMT kengashining ishi inson huquqlarini himoya qilish bo’lishi kerak. Lekin uning Isroilga nima uchun kelayotgani oldindan aniq - u Isroilni tanqid qilmoqchi", deydi vazir o’rinbosari.

Quddus
Quddus
Quddusda o’tgan hukumat yig’inida Isroil rasmiylari BMT tashabbusi ortida turgan Falastin hukumatiga nisbatan keskin noroziligini bildirdi.

Moliya vaziri Yuval Steynitzning aytishicha, agar falastinliklar diplomatik urush e’lon qilsa, ularga qarshi iqtisodiy jazo choralari qo’llanilishi mumkin.

Isroil bu bilan ilgari ham tatbiq etilgan jazo choralarini – Falastin hukumatiga soliqdan tushadigan yuzlab million dollar daromadni muzlatishni nazarda tutmoqda.

Falastinliklar BMTning bu qarorni amalga oshirishi juda muhim deydi. Ularga ko’ra, Isroilning G’arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish siyosati hududda ikki davlat bunyod etish rejasi istiqboliga jiddiy tahdid solyapti. Bu haqda Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy bayonot berdi.

“Isroil tinchlik o’rnatish va muzokaralarni qayta boshlash imkoniyatlarini yo’qqa chiqarmoqda. Natija beradigan va konstruktiv muloqotning boshlanishi uchun Isroil uy qurilishlarini to’xtatishi kerak”.

30-mart kuni Livan, Suriya, Misr va Iordaniyaning Isroil bilan chegaradosh hududlarida, G’arbiy Sohil va G’azo mintaqasida namoyishchilar “Quddus sari global yurish” (Global March to Jerusalem) kampaniyasini uyushtirmoqchi. Shu kuni ommaviy namoyishlar bir qator arab va musulmon o’lkalarida, shuningdek, ko’plab boshqa davlatlarda Isroil elchixonalari qarshisida o’tkazilishi rejalangan.

“Maqsadimiz – aparteid, etnik tozalash va yahudiylashtirishdan iborat sionist siyosatiga chek qo’yish. Bu siyosat Quddusning muqaddasligiga, yeriga va odamlariga ziyon keltiradi”, deyiladi internetda namoyishchilar tashkil etgan veb-sahifada.

G'azo sektorida Isroil o'qidan o'lgan falastinlikning dafn marosimi
G'azo sektorida Isroil o'qidan o'lgan falastinlikning dafn marosimi
30-mart Isroil-Falastin ixtiloflari tarixida “Yer kuni” (Land Day) voqeasi sodir bo’lgan sana sifatida mashhur. Bundan 36 yil muqaddam o’n minglab isroillik va falastinlik arablar G’arbiy Sohil va G’azo mintaqalarida hamda Livanda Isroil tomonidan Galiley va Negev hududlarida arablarning yuzlab gektar yerlarining tortib olinishiga qarshi namoyishlarga chiqqan edi.

Yahudiylashtirish siyosatining boshlanishi sifatida ko’riladigan bu kun qurilishlarga qarshi falastinliklar kurashining ramziy debochasi sifatida har yili yodga olinadi.

Isroil rasmiylari falastinliklarning qurilishlarni to’xtatish haqidagi talablarini rad qilib keladi. Ularning aytishicha, tinchlik muzokaralari boshlanishi uchun oldindan shartlar qo’yilmasligi kerak. Ikki tomonni murosaga keltirish bo’yicha amalga oshirilayotgan xalqaro vositachilik harakatlari samara bergani yo’q. BMTning yangi delegatsiyasi bo’yicha yuzaga chiqayotgan tortishuvlar esa tinchlik muzokaralaridagi uch yillik behuda urinishlarni davom ettiryapti, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG