Isroil Eron bilan muzokaralar davom etayotganidan norozi

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron yadro inshootlarini harbiy hujum orqali yakson qilish tarafdori.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron yadro inshootlarini harbiy hujum orqali yakson qilish tarafdori.

Isroil Yevropa Ittifoqi yetakchiligida Eron bilan olib borilayotgan yangi muzokaralardan norozi. Eron muloqotni cho’zib, yadro bombasini yaratish uchun vaqtdan yutishga harakat qilyapti, deydi Isroil rasmiylari.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqi kelasi oy Eron bilan muzokaralarni Bag’dodda davom ettiradi. Isroil bundan mamnun emas. Mamlakat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, Eronning maqsadi faqat vaqtni cho’zish.

“Eronga yana bir imkoniyat berilyapti, degan fikrdaman. Uranni boyitish uchun bemalol yana besh haftani qo’lga kiritdi”, deydi Netanyaxu.

AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, muloqotdan maqsad vaqtni cho’zish emas. Eron xalqaro majburiyatlariga jiddiy amal qilayotganini namoyish etishi kerak, deydi u.

Isroilda Eron inshootlarining yakson qilinishiga qarshi bo'lganlar ko'p. Suratda bir guruh isroilliklarning urushga qarshi namoyishga chiqqani aks etgan. Tel Aviv, 24-mart, 2012-yil.

Isroilda Eron inshootlarining yakson qilinishiga qarshi bo'lganlar ko'p. Suratda bir guruh isroilliklarning urushga qarshi namoyishga chiqqani aks etgan. Tel Aviv, 24-mart, 2012-yil.

“Eron va u bilan gaplashayotgan hamkorlarimizga ushbu muzokaralar faqat vaqtni cho’zish vositasi bo’lib qolmasligini aniq aytganmiz. Biz Eron yaxshi niyat bilan muloqot stoliga qaytar degan umid bilan unga yana bir imkon beryapmiz, xolos”, deydi Obama.

Isroil Eron yadro inshootlarini harbiy hujum orqali yakson qilish tarafdori. AQSh esa yana bir oz kutish kerakligini aytmoqda, deydi Yaqin Sharq bo’yicha vashingtonlik tahlilchi Malu Innosent.

“Isroil muloqotlardan foyda yo’q deb o’ylaydi. Tezroq amaliy ishga, lozim bo’lsa, harbiy choraga o’tish kerak, deb hisoblaydi. AQSh va Isroil qarashlaridagi ziddiyatli nuqta shu”, deydi Innosent.

Bu orada Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni oshirib bormoqda. Prezident Obamaning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat Eron yadro qurolini yaratish yo’lidan qaytganiga ishonch hosil qilmaguncha, jazo choralari to’xtatilmaydi.

Rasmiy Tehron yadro dasturi elektr quvvatini olish va tibbiy tadqiqotlar uchun ekanini aytib keladi. Suratda Eronning yadro dasturi bo'yicha bosh vakili Said Jaliliy.

Rasmiy Tehron yadro dasturi elektr quvvatini olish va tibbiy tadqiqotlar uchun ekanini aytib keladi. Suratda Eronning yadro dasturi bo'yicha bosh vakili Said Jaliliy.

“Xalqaro hamjamiyatni qovushtirib, Eronni yadro masalasi yuzasidan yakkalashga muvaffaq b’olganimizning bir sababi shuki, yadro qurolini yaratish rejasidan voz kechib, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish imkonini Tehronga berish haqidagi gaplarimizning samimiyligini butun dunyo bildi”, deydi prezident.

Eronning yaqin ittifoqchisi Suriya inqilob yoqasida turgan bir paytda AQSh Isroilni bir oz sabrliroq bo’lishga chaqirmoqda, deydi tahlilchi Innosent.

“Tarix o’zani Isroil foydasiga qarab yurmoqda. Dunyo Eronga qarshi, Suriya aholisi Assad rejimini qulatish arafasida. Shuning uchun Vashingtondagi ko’plab rasmiylar Isroilni sabr qilishga va voqealar rivojini kuzatishga chaqirmoqda”, deydi tahlilchi.

Rasmiy Tehron yadro dasturi elektr quvvatini olish va tibbiy tadqiqotlar uchun ekanini aytib keladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Eron xalqaro hamjamiyatga bu niyatini tushuntirish imkoniyatidan unumli foydalanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG