Isroil xorijlik 700 faolni haydadi, AQSh tomonlarni bosiqlikka chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Isroil hafta boshida G’azo yaqinida qo’lga tushgan xorijlik 700 faolni hududdan chiqarib yubormoqda. Ular bugunoq qo’shni Iordaniyaga, so’ng uy-uyiga jo’naydi, deydi rasmiylar. Ba’zi faollar Isroilni qo’pol muomalada ayblab, tanqid qilmoqda. Yaqin Sharqda tinchlik muloqotida vositachi Qo’shma Shtatlar tomonlarni bosiqlikka da’vat etmoqda.

Dushanba kuni gumanitar yordam va yuzlab faolni G’azoga olib ketayotgan kemalar karvoni Isroil tomonidan to’xtatilgan, olishuvda to’qqiz kishi o’lgan edi. Voqea Isroil va Falastinni murosaga ko’ndirish yo’lida AQSh sa’y-harakatlariga juda pand bergan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton vaziyatni juda murakkab deya ta’riflar ekan, har bir qadamni o’ylab bosishga chaqirdi. “BMT Xavfsizlik Kengashi qarorini qo’llab-quvvatlaymiz. Masala xolis tergov qilinishi kerak” deydi Klinton.

Qo’shma Shtatlar va BMT Isroil operatsiyasi va faollar o’limidan afsusda ekanini aytib, hujumni qoralagan. Obama ma’muriyati nazarida Isroil voqea yuzasidan adolatli tergov o’tkaza oladi. Ammo boshqa takliflarga ochiqmiz, deydi Klinton.

Klintonning aytishicha, tergov xalqaro miqyosda o’tkazilishi mumkin. AQSh Davlat kotibasi Isroil blokadasi tufayli G’azoda yuzaga kelgan vaziyatni og’ir va adolatsiz, deya ta’riflamoqda. Sektorga gumanitar yordam oqimi muntazam kirishi lozim, xavfsizlik choralari shunga mos bo’lishi kerak, deydi u.

Klinton kecha Vashingtonda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li bilan alohida uchrashgan.

Dovuto’g’li fikricha, Isroil hukumati xatti-harakati uchun nafaqat Turkiya, balki xalqaro hamjamiyatdan uzr so’rashi lozim. Voqeani Isroil emas, mustaqil, xalqaro idora tergov qilishi kerak, deydi vazir.

Turkiya qonunchilari esa hukumatni Isroil bilan siyosiy, iqtisodiy va harbiy aloqalarni qayta ko’rib chiqishga da’vat etmoqda.

Falastinga xayrixoh guruhlar esa yana bir urinish qilib, G’azoga insonparvarlik yordami yetkazamiz, Isroil blokadasini yorib o’tamiz, demoqda. Irlandiya Bosh vaziri Brayan Koen yahudiy davlatiga murojaat qilib, uning davlatiga qarashli, gumanitar yordam ortilgan kemani sektorga kiritishga undagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG