BMT oliy komissari G'azo mojarosida Isroil va HAMASni aybladi

  • Amerika Ovozi

Isroil G'azoni havodan nishonga olmoqda

Isroil G'azoni havodan nishonga olmoqda

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari Navi Pillay HAMAS ni aholi yashaydigan hududdan turib, hujum uyushtirayotganini tanqid qilib, Isroil armiyasini urush jinoyatlarida ayblagan.

Pillay Isroildan G’azo qamalini bekor qilishni talab qilgan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Isroil va HAMAS ni sulhga kelishishga undayotgan diplomatlar yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo’lgan mojaroga barham berish uchun yana bir olg’a qadam tashladi.

Bugun Kerri Quddusda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplashadi. So’ng Ramallohda Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ko’rishadi.

BMT rahbari Isroil prezidenti Shimon Peres bilan muloqot paytida insonlar har soat nobud bo’layotganini aytib, vaqtni boy bermaslikka, tezroq sulhga kelishishga da’vat etgan.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi sifatida bu fojiaga ko’z yuma olmayman. G’azoda ko’plab begunoh odamlarning o’limidan qayg’udaman. Zo’ravonlik to’xtab, muloqot boshlanishi shart", - deydi Pan Gi Mun.

Isroil bugun ham G’azo Sektorini havodan o’qqa tutgan. Kamida 18 odam o’lgan. So’nggi ikki haftadan beri davom etayotgan harbiy harakatlarda 630 dan ziyod falastinlik jon bergan.

Isroil 29 askar va ikki fuqarosini yo’qotgan.

Kerrining aytishicha, Misr sal oldin taklif etgan sulh rejasi yangi bitim uchun asos bo’lib xizmat qilishi mumkin. HAMAS Isroil G’azo qamalini bekor qilmaguncha unga qarshi raketa hujumlarini to’xtatmasligini bildirmoqda.

HAMAS raketalaridan biri Tel-Avivdagi xalqaro aeroport yoniga tushgach, AQSh aviakompaniyalari xavfsizlik choralari bois parvozlarini vaqtincha to’xtatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG